O‘zbekiston | 15:54 / 10.04.2021
28346
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq MXX markaziy binosi kimoshdi savdosiga qo‘yildi

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Sayilgoh ko‘chasida joylashgan bosh qarorgohi ommaviy savdolarga qo‘yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar qilmoqda.

 Agentlik saytida joylangan e'londa bino hududi, uning virtual 360° darajali suratlari bilan tanishish uchun havola ham qo‘yilgan.

 Ta'kidlanishicha, davlat aktivini sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi.

  •  Birinchi bosqichda – talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, zakalat puli kelib tushganligi, davlat aktividan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi ko‘rib chiqiladi;
  •  ikkinchi bosqichda – talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.

Savdoning birinchi bosqichida ishtirok etish uchun talabgorlar 2021 yil 10 may soat 18:00 ga qadar (Toshkent vaqti bilan) o‘zbek yoki rus yoxud ingliz tillarida (talabgorning ixtiyoriga ko‘ra) e'lonning 1-ilovasi (jismoniy shaxslar 1 a-ilovasi)dagi ariza namunasini to‘ldirib (imzolangan holda) yopiq konvertda Davaktiv agentligiga yoki skaner qilingan shakli (kodlangan holda) Davaktiv agentligining elektron manziliga taqdim etishi talab etiladi.

 Savdoning ikkinchi bosqichiga o‘tgan talabgorlar to‘g‘risida Davaktiv agentligi tomonidan o‘zining rasmiy veb saytida e'lon chop etilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida savdoning ikkinchi bosqichida qatnashish uchun mazkur e'lonning 2-ilovasi (jismoniy shaxslar 2 a-ilovasi)dagi ariza namunasi to‘ldirilib (tasdiqlangan holda) takliflar taqdim etiladi.

E'londa ta'kidlanishicha, ushbu davlat aktividan kelgusida ofis, savdo, savdo-ko‘ngilochar, madaniy-hordiq, sport, turistik va boshqa xizmatlar ko‘rsatish faoliyati yo‘nalishlaridan biri yoki bir nechtasi amalga oshirilishi talab etiladi.

Bundan tashqari, davlat aktivini sotib olish bo‘yicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan holatda esa, savdolar o‘tkazilmagan deb e'tirof etiladi;

  • talabgor davlat aktivini sotib olish to‘lovini bir oydan ko‘p muddatlarda (ko‘pi bilan 36 oy) amalga oshirishni taklif etganda, uning narx taklifi ushbu muddatlarni inobatga olgan holda, belgilangan tartibda joriy qiymatga keltirib baholanadi;
  • savdo yakunlari bo‘yicha savdo g‘olibi bilan Davaktiv agentligi tomonidan xabarnoma yuborilgan sanadan boshlab 20 kun ichida oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi (fors-major holatlari bundan mustasno) va savdolarga qatnashish uchun to‘langan zakalat puli davlat aktivi xarid to‘lovining bir qismi sifatida qabul qilinadi;
  • savdolar yakunlari bo‘yicha g‘olib tomonidan to‘lanadigan xarid qiymatiga chegirma qo‘llanilmaydi;
  • savdolar yakunlari bo‘yicha savdo g‘olibi tomonidan oldi-sotdi shartnomasini tuzish rad etilsa yoki undan voz kechilsa, u tomonidan to‘langan zakalat puli miqdori qaytarilmaydi;

Davlat tender komissiyasi yoki Ishchi organ o‘z xohishiga ko‘ra hech qanday majburiyatni o‘z zimmasiga olmagan holda, har qanday vaqtda savdoni to‘xtatishi hamda savdo jarayonida talabgorlardan qo‘shimcha va/yoki aniqlashtiruvchi ma'lumotlar so‘rashi mumkin.

Mavzuga oid