O‘zbekiston | 10:27 / 14.05.2021
13952
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan masjid aniqlandi

Qorako‘l tumanida ilk arxitektura yodgorligi – madaniy meros obekti aniqlandi. Bu haqda Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Qorako‘l tumanidagi “Sho‘rabot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisining murojaatiga asosan mahalla hududida joylashgan qadimgi masjid binosi Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi mutaxassislari tomonidan joyida o‘rganildi.

Masjid binosi XIX asrning ikkinchi yarmida, ya'ni 1884-85 yillarda mahalla-guzar masjidi sifatida qurilgan bo‘lib, uch asrlik tarixga ega. Masjid yog‘och konstruksiyali bo‘lib, kvadrat shaklli bir ustunli, o‘ymakori to‘sin va vassa yopilgan. Ustun, to‘sin va “bog‘dodi” eshiklari yog‘och o‘ymakorligi bilan bezatilgan. “G” harfi shaklidagi yetti ustunli ayvoni hozirda saqlanmagan, uning o‘rnida XX asr oxirlarida qurilgan ayvon mavjud. 

Bildirilishicha, hozirgi kunda ushbu masjidda qishloq kutubxonasi (Qorako‘l tumani kutubxonasi filiali) joylashgan.

Shuningdek, Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi Badiiy ekspertiza bo‘limi boshlig‘i tomonidan mahalla raisi, qishloq oqsoqoli, “Qadimgi Poykent shahri tarixi” muzeyi direktori ishtirokida ilmiy o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Natijada, masjid ustuniga o‘yib yozilgan tarixiy yozuv, arab alifbosi asosidagi fors tilida nastalih xatidagi yozuv ekani va u quyidagi mazmunga ega ekanligi aniqlandi: 

fors tilida “In masjidro bino kard Ro‘ziboy ibn G‘aybulloboy 1304” ya'ni, “Bu masjid G‘aybulloboy o‘g‘li Ro‘ziboy tomonidan hijriy 1304 yilda qurdirilgan” degan so‘zlar yozilgan. 

“Ushbu yozuvlar asosida xulosa qilib aytganda, mazkur masjid tarixiy va badiiy qiymatga ega ekanini inobatga olib, uni moddiy madaniy meros yodgorligi sifatida ro‘yxatga olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid