O‘zbekiston | 14:44 / 21.05.2021
13642
3 daqiqa o‘qiladi

UzAutoMotors Xorazmda yangi press-majmuani ishga tushirdi

 «UzAuto Motors» AJ Xorazm viloyati, Pitnak shahridagi zavodda yangi press-majmuasini ochdi. U yillik import hajmini 20,5 million AQSh dollariga kamaytirish imkonini beradi.

Tantanali tadbirda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, O‘zavtosanoat AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov, UzAutoMotors bosh direktori Rustam Rajabov, soha mutaxassislari, mehnat faxriylari va OAV vakillari ishtirok etishdi.

 Qayd etilishicha, 1,06 gektar maydonda tashkil etilgan majmua maksimal quvvatga erishgandan so‘ng, Chevrolet Damas va Labo modellari uchun har yili 70 ming donagacha turli kuzov qismlarini ishlab chiqarish imkonini beradi. Natijada Chevrolet Damas uchun 114ta, Labo uchun 152ta ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish mahalliylashadi. Bu esa yillik import hajmini 20,5 million AQSh dollariga kamaytiradi.

 O‘zavtosanoat AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov tantanali tadbirda so‘zlagan nutqida majmuaning iqtisodiyot uchun katta ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

 «Ushbu loyiha avtomobilsozlik sanoatining barqaror o‘sishi va rivojlanishini ta'minlash nuqtai nazaridan O‘zbekiston iqtisodiy rivojlantirish strategiyasiga to‘liq mos keladi. Gap nafaqat zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, balki yuzlab ish o‘rinlarini yaratish haqida ketmoqda. Hududdagi aholining umumiy farovonligini hisobga olgan holda, «temir daftar»ga kiritilgan 30ga yaqin fuqaro, «yoshlar daftari»ga kiritilgan 100dan ortiq yoshlar ish bilan ta'minlanadi. Yangi majmua mahalliy budjetga soliq tushumlarini 12 milliard so‘mga oshiradi», - dedi u.

 UzAutoMotors bosh direktori Rustam Rajabov loyiha raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilganini ta'kidladi.

 «UzAuto Motors filiali hududida joylashgan yangi, noyob press-sex hudud infratuzilmasiga juda mos keladi. Viloyat markazining shahar yo‘llariga va shaharlararo yo‘nalishlarga chiqishdan tashqari, zavod o‘zining temir yo‘l liniyasiga ega, bu esa logistika xarajatlarini minimallashtiradi. Biroq, loyihaning asosiy maqsadi tayyor mahsulot narxini pasaytirish orqali raqobatbardoshlikni oshirishdir. Ushbu dastgohda Damas va Labo uchun 266 butlovchi qismlar ishlab chiqariladi, bu ularning lokalizatsiyasini 25 foizga oshiradi», – dedi u.

Yangi majmuaning ishga tushirilishi UzAuto Motors AJ Xorazm filiali mahsulotlarini eksport qilish hajmini 50 foizga oshirish imkonini beradi. Agar 2020 yilda Damas va Labo avtomobillari 7 million AQSh dollari miqdorida eksport qilingan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 10 million AQSh dollaridan oshishi va 2022 yilda 15 million AQSh dollariga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Loyiha UzAuto Motors kompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan 48 million AQSh dollariga amalga oshirilgan. Yillik ishlab chiqarish hajmi 40 million AQSh dollari darajasiga yetishi va sof foyda 13 million AQSh dollarini tashkil etishi ko‘zlanmoqda.

Mavzuga oid