Iqtisodiyot | 15:06 / 04.06.2021
18129
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga olib kirilgan «inomarka»lar qiymati keskin kamaydi

Davlat statistika qo‘mitasi 2021 yil yanvar-aprel oylarida import qilingan yengil avtomobillar statistikasini ma'lum qildi. Qo‘mita matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan inomarkalar importi 42 foizga kamaygan.

Stat.uz ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston to‘rt oyda 113,7 mln. AQSh dollari qiymatida yengil avtomobillar import qilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi matbuot xizmatining, Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, avtomobil importi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 84 million dollarga yoki 42,5 foizga kamaygan. 2020 yilning yanvar-aprel oyida 197,7 million dollarlik yengil avtomobil import qilingan.

Avvalroq Davlat statistika qo‘mitasi 2021 yilning yanvar-fevral oylarida xorijdan qiymati 17,5 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan yengil avtomobillar import qilganini ma'lum qilgan edi

Raqamlar ikki oy ichida import qilingan yengil avtomobillar qiymati 96,2 million dollar yoki 84,7 foizga oshganini ko‘rsatadi.

2021 yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida O‘zbekiston yengil avtomobillarni eng ko‘p import qilgan davlatlar:

  • Xitoy – 39,5 mln.
  • Koreya – 30,4 mln.
  • Rossiya – 22,1 mln.
  • Tailand – 6,6 mln.
  • Germaniya – 3,3 mln.
  • Polsha – 3,1 mln.
  • AQSh – 2,8 mln.
  • Yaponiya – 1,8 mln.
  • Qozog‘iston – 1,7 mln.
  • Litva – 1,1 mln.

Yilning dastlabki ikki oyida esa O‘zbekistonga eng ko‘p avtomobil import qilgan davlatlar ro‘yxatida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston yetakchilik qilgan bo‘lsa, yanvar-aprel oylarida bu yetakchilikni Xitoy va Rossiya saqlab qoldi.

Avvalroq, 2021 yilning yanvar-aprel oylarida import qilingan elektromobillar uchun 3,4 million AQSh dollari sarflangani ma'lum qilingandi.

Ma'lumot o‘rnida, 2020 yil davomida «inomarka»lar importi hajmi 475,1 mln dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid