O‘zbekiston | 20:05 / 30.06.2021
13334
4 daqiqa o‘qiladi

Hokimlik va vazirlik lavozimlariga yosh nomzodlar zaxirasi tasdiqlanadi

Xorijdagi nufuzli o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik yoshlar mamlakatga kelib ishlashi uchun barcha imkoniyatlar yaratib beriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida aytib o‘tdi.

«Ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlarimiz xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qimoqda, ilm-fan bilan shug‘ullanmoqda, yirik va yetakchi kompaniyalarda ish olib bormoqda. Biz ana shunday yuksak bilim va malakaga ega yoshlarimiz vatanimizga kelib ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Ularni rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida belgilash, uy-joy ajratish, munosib maosh to‘lash bo‘yicha yangi tizimni joriy etamiz.

Umuman, yosh kadrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qat'iy davom ettiramiz. Buning uchun, viloyat, tuman va shahar kengashlari har yili hokim, vazir, idora va bank rahbarligiga kamida 2 nafardan yosh nomzodlar zaxirasini tasdiqlaydilar.

Joriy yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlarimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan chet ellarda stajirovka o‘taydi.

Shuningdek, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Har bir viloyat hokimi va vazir yil boshida o‘z hududi va tizimiga bunday yosh mutaxassislarni ishga olib kelish rejasini tasdiqlaydi hamda ularga beriladigan ish haqi, uy-joy va boshqa rag‘bat turlarini ijtimoiy tarmoqlarda ochiq e'lon qiladi», degan davlat rahbari.

Prezident bugungi kunda mas'uliyatli lavozimlarda jonkuyarlik bilan xizmat qilib kelayotgan yoshlarni sanab o‘tgan: Sherzod Rahmonov – Narpay tumanida, Sarvarbek Sultonov – Shirin shahrida va Elbek Shukurov – Sergeli tumanida hokim bo‘lib,  Durdona Rahimova – Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Odiljon Tojiyev – Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Prezident hokimlar va vazirlardan yoshlar uchun vaqtni ayamaslikni so‘ragan.

«Men juda to‘lqinlanyapman, yoshlarga bergan e'tiborimiz o‘z natijalarini berayotganini ko‘rib juda xursand bo‘lyapman. Ko‘zlari yonib turgan yoshlarimiz bizning kelajagimiz! 

Hokimlarga topshiriq bermoqchiman: Namangan viloyati hokimining granti shu viloyatlik qizimiz Dilobar Mahmudova Mumtoz izohli til lug‘ati bo‘yicha berilishi zarurligini bildirmoqchiman. Yetti til biladigan bu qizimiz Ibrat bobomizning munosib davomchisi.

Qoraqalpog‘iston rahbariyatiga, Nukus davlat universiteti talabasi Rustamjon Madraimov distansion tarzda saksovul ekish texnologiyasini namoyish qildi. Shu yigitning loyihasi amalga oshirish bo‘yicha shaxsan menga hisobot berasizlar.

Yana bir misolni aytmoqchiman, Chilonzor tumanidan yoshgina Ilhomjon degan yigit aqlli uylar bo‘yicha loyihalari bilan ham meni hayratda qoldirdi. 

Biz mana shunday yoshlarimiz bilan iloji boricha ko‘proq uchrashishimiz kerak. Hokimlarga va vazirlarga aytar gapim, yoshlar uchun vaqtlaringni ayamanglar», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid