O‘zbekiston | 17:48 / 04.07.2021
10185
2 daqiqa o‘qiladi

Zarafshon milliy tabiat bog‘ida yirik yong‘in sodir bo‘ldi

Foto: Toshkentdan ko‘rsatamiz! / Telegram

3 iyul kuni tunda Zarafshon milliy tabiat bog‘ida yong‘in yuz bergan. Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bu haqda rasmiy ma'lumot berdi.

Ma'lumotda keltirilishicha, 3 iyul kuni kechki payt Zarafshon milliy tabiat bog‘ining Jomboy tumani «Olmazor» MFY, Qarabchi qishlog‘ida joylashgan o‘rmon xo‘jaligida yong‘in sodir bo‘lgan.

Bu haqda viloyat FVBga soat 21:10 larda xabar kelib tushgan. Olingan xabarga asosan soat 21:51 da yong‘in sodir bo‘layotgan joyga 5 ta yong‘inga qarshi kurash bo‘linmalari yetib borgan.

Tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 2:51 da o‘rab olinib, soat 4:03 da o‘chirilgan. Yong‘inda hech kim jarohat olmagan. Hozirda yong‘inning sababi va zarari aniqlanmoqda.

Qayd etilishicha, yong‘in oqibatida milliy tabiat bog‘ining 1,5 gektar maydonida to‘qayzorlar (malina, butazor, shox-shabba) yonib ketgan.

Ma'lumot uchun, «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i O‘zbekistondagi 10 qo‘riqxona va milliy bog‘lardan biri bo‘lib, 1975 yilda qo‘riqxona sifatida tashkil qilingan, keyinchalik milliy tabiat bog‘iga aylantirilgan. Bog‘ maydoni 2352 gektarni tashkil qiladi va u Zarafshon daryosi bo‘ylab 47 kilometrga cho‘zilgan. Bog‘ning asosiy maqsadi – respublikada yo‘qolib borayotgan jonzotlar populyatsiyasini tiklash va saqlash, boshqa qush va hayvonlar turlarini muhofaza qilishdan iborat. Bu yerda 1995 yildan buyon Buxoro bug‘usini ko‘paytirish ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, mazkur bog‘da 2020 yilda ham yong‘in ro‘y bergan va bog‘ning 2 ming metr kvadrat maydonini qamrab olgandi.

Mavzuga oid