O‘zbekiston | 19:25 / 13.07.2021
24806
12 daqiqa o‘qiladi

“Shaharlarimiz shaharsozlik siyosatisiz rivojlanyapti” - arxitektorlar bilan suhbat

O‘zbekiston shaharlari bugungi kunda qanday rivojlanyapti? Davomiy qurilishlar shaharsozlik siyosati asosida amalga oshirilyaptimi? Ommaviy qurilishlar va buzilishlar nega bosh reja asosida qilinmayapti?

Kun.uz aniq rejasiz rivojlanayotgan shaharlar, yo‘llar, jamoat transporti, qurilishlar va ijtimoiy tengsizlik kabi mavzularda arxitektor Taxmina Turdialiyeva va "Yashil qurilish" sohasi mutaxassisi, xalqaro ekspert Temurbek Ahmedov bilan suhbatlashdi.

"Hokimiyat tizimida ijodkorlik kam, tizim qotib qolgan"

— Taxmina, birinchi savolni sizga bermoqchiman. Sizni mamlakatdagi iqtidorli arxitektorlardan biri sifatida bilamiz, qator tanlovlarni yutgansiz. Va shu tufayli siz 2020 yilda Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning qurilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangandingiz. Keyinroq eshitdikki, bu vazifadan ketgansiz. Nima bo‘ldi o‘zi, ish jarayoni sizni qoniqtirmadimi yoki boshqa sabablar bormi?

O‘zimning orzu-maqsadlarimni u yerda amalga oshirolmasligimni tushundim. Chunki kasbim ijodkorlikni talab etadi. Hokimiyatda ishlash qiziqarli, menga viloyat hokimi bilan ishlash yoqdi. Ammo u yerda ijodkorlik juda kam. Har doim arxitektor sifatida qobiliyatimni rivojlantirishni istaganman, nafaqat respublika, balki dunyo miqyosida tan olishlarini xohlayman.

Hokimiyatda ishlab arxitektor sifatida rivojlanishim qiyin masala, chunki u yerda ijodkor emas, mas'ul lavozim egasi sifatida tanilishim mumkin. Hokimiyatda ijodkorlik kam, tizim qotib qolgan. Bir o‘zim qurilish masalalari maslahatchisi sifatida tizimni o‘zgartirolmayman, degan xulosaga keldim. Lekin kurashib qandaydir o‘zgartirish kiritishim mumkin edi, lekin unga juda ko‘p energiya va yillar kerak bo‘lardi.

— Bugun Samarqand shahrining qiyofasiga afsuski havas qilib bo‘lmaydi. Shahar juda tartibsiz bo‘lib yotibdi. Siz bir muddat shu viloyatda ishlab ko‘rgan kadr sifatida bu holatning sabablarini qanday izohlagan bo‘lardingiz? Nega Samarqand bunchalik tartibsiz joyga aylandi?

— Samarqand shahrini chiroyli shahar, deb bilaman. Shaharning asosiy tarkibiy qismi bino emas, u yerdagi relef o‘ziga xos, tabiiy boyliklariga ega. Xususan, menga tepaliklarda joylashgan qabristonlari ajoyib peyzaj yaratgani yoqadiShahardagi tartibsizliklarga asosiy sabab shaharning bosh rejasi yo‘qligidir.

Adashmasam, Turdimov hokim bo‘lganidan keyin Samarqand shahar bosh rejasi tuzilib, respublikaga tasdiqlatish uchun jo‘natilgan, lekin shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsayam hech qanaqa javob berilmagandi. Balki, kamchiliklari tufayli uzoqqa cho‘zilayotgandir. O‘zi rostan ham kamchiliklari bor edi. Bosh rejada statistik materiallar, masalan, shaharning drenaj tizimi haqida ma'lumot yo‘q edi.

Nimaga shu paytgacha shaharda yog‘ingarchilik paytida suv toshqinlari kuzatiladi? Bunga sabab noqonuniy qurilishlar ko‘payib ketayotganidir, natijada drenaj tizimlari yopilib qolyapti va shaharni suv bosyapti. Noqonuniy qurilish, shahar bosh rejasining yo‘qligi yuqoridagi muammolarni keltirib chiqaryapti. Bu muammo nafaqat Samarqand, balki butun respublikaning og‘riqli masalasi.

"O‘zbekiston shaharlarining yagona qiyofasi shakllantirilmagan"

— Shaharsozlik nima degani? O‘zi umuman O‘zbekiston shaharlari bugungi kunda qay tartibda rivojlanyapti?

— Shaharsozlik bir qator muhim sohalarning yig‘indisi. Masalan, sotsiologiya, demografiya, transport tizimi va shahar hayotida mavjud bo‘lgan jabhalarni qamrab oladi. Shaharsozlikni boshqarishning asosi bu — shahar bosh rejasi hisoblanadi. Bosh rejada shahar qanday rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tish kerakligi to‘liq aks etadi. 

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston shaharlari shaharsozlik siyosatisiz rivojlanyapti. Bundan tashqari, bosh rejaning yo‘qligi ham katta muammolarni keltirib chiqaryapti. Bizda shaharlarda bo‘layotgan qurilishlar tez-tez amalga oshirilyapti, keyingi oqibati o‘ylanmayapti. Keyinchalik tartibsiz qurilgan bu binolarni birlashtirib, shaharning yagona qiyofasini yaratish qiyin bo‘ladi. Shaharning umumiy qiyofasi bo‘lishi kerak va u bosh rejada aks etadi. Shahar muhiti odamlar uchun qulay, yoqimli bo‘lishi kerak.  

"Toshkent shahrida bo‘sh yer bo‘lmagan, shahar o‘sishini oldindan bilib atayin bo‘sh qoldirilgan"

Temurbek Ahmedov:

 “Shahar inson organizmiga o‘xshaydi. Agar shaharda nimadir ishlamasa, u butun organizmga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Shahar iqtisodiyoti, demografiya, sotsiologiya, transport tizimi, ekologiya — hammasi bir-biriga bog‘liq. Shaharlar tizimli ravishda rivojlanishi kerak. Buning uchun bosh reja kerak. Bosh reja uzoq yillikka mo‘ljallangan bo‘lishi kerak. 

Biznes qisqa muddatda ko‘proq foyda ko‘rishni istaydi. Shahar unday emas. Shaharlar sekinlik bilan, uzoqni ko‘zlab rivojlanishi kerak. Oxirgi marta 1966 yilgi zilziladan keyin Toshkent shahri bosh rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, unda ataylab bo‘sh joylar qoldirilgan, chunki vaqt o‘tib aholi ko‘paygani sari u yerda ijtimoiy obektlar: maktab, shifoxona, xiyobonlar qurilishi o‘ylangan. Aslida, Toshkentda bo‘sh yerning o‘zi bo‘lmagan. Shahar o‘sishini oldindan bilib atayin bo‘sh qoldirilgan. 

"Toshkent shahri bosh rejasiz, aniq maqsadlarsiz rivojlanyapti"

— O‘zbekistonda qurilishlar bosh rejasiz amalga oshyapti, degan fikrlarni beryapsiz. Shu holatga batafsil izoh berib o‘tsangiz.

Taxmina Turdialiyeva:

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent O‘rta Osiyoning biznes markaziga aylanishi kerak, degan yo‘nalishni belgilab bergandi. Xo‘sh, bu qanday bo‘lishi kerak? Kimdir buning ustida ishlayaptimi? Afsuski, hech kim bosh qotirmayapti bu haqda. Shahar bosh rejasiz, aniq maqsadlarsiz "rivojlanyapti". Bosh reja ishlab chiqilishi haqida 3-4 yil oldin eslashdi. Lekin hozir bu haqda hech kim gapirmayapti. 

Toshkent shahri hokimiyati qoshidagi Jamoatchilik kengashi bilan ushbu masalani ko‘tardik, shahar hokimi nomiga xat yuborganmiz. Hali javobini olmadik. Bosh rejani ishlab chiqayotganda avvalo shaharning bosh rejasi qanday bo‘lishi kerakligi haqida bosh qotirishimiz kerak. Balki, osmono‘par binolardan voz kechishimiz, balki aksincha bo‘lishi mumkin. 

Toshkentning yagona qiyofasi yo‘q. Masalan, internetdan Toshkent shahrini qidiruvga bersangiz, teleminora, Milliy bank binosi, "O‘zbekiston" mehmonxonasi chiqishi mumkin. Ammo umumiy va yagona qiyofa mavjud emas. Bosh reja ishlab chiqayotganda o‘zbekcha, o‘zimizning etnik xususiyatlarimizni saqlagan o‘ziga xos qiyofa ishlab chiqishimiz kerak. Hozir biz nima qilyapmiz? Nyu-Yorkdagi oynali binolarni ko‘chirib olib kelyapmiz. Qayerda chiroyli bino ko‘rsak, shuning nusxasini olyapmiz. 

Vaholanki, bizning o‘ziga xos, boshqalarga o‘xshamaydigan jihatlarimiz bor, ularni shaharsozlikda ishlatsak, ajralib turamiz boshqalardan. Magic City ko‘ngilochar majmuasini ham ko‘chirishning bir namunasi, desa bo‘ladi. Majmua Toshkentga umuman kerak emas, deya olmayman. Magic City’ni Toshkent markaziga qurishning o‘zi noto‘g‘ri, chunki Magic City bolalarni dam olish kunlari aylantiradigan maskan bo‘lib, uni shahar chetiga qursa ham bo‘ladi, chunki dam olish kunlari odamlar bolalarini uzoqroqqa olib borishga vaqtlari bo‘ladi.

"Hokimga Toshkent shahar bosh rejasi kerak emas"

— Jamoatchilik kengashi a'zolari Toshkent bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha qanday takliflar bildirishgan?

— Toshkent shahar hokimi nomiga bosh reja ahamiyati haqida xat yubordik. Unda bosh reja uchun yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda texnik topshiriqni ishlab chiqish taklifini berdik. Xatni yuborganimizga 1,5 oy bo‘lib qoldi, javob olmadik shu paytgacha.

Nimaga haligacha bosh rejaning yo‘qligiga javob beradigan bo‘lsam, menimcha, hokimning o‘ziga bu kerak emas. Chunki bosh reja qurilishlarga cheklovlarni yaratadi, ya'ni qurilish obektlari xilma-xil bo‘lishini talab qiladi. Hamma joyga yoppasiga turar joy yoki mehmonxona qurib tashlanmaydi. Umuman olganda, bosh reja infratuzilma balansini saqlaydigan hujjat hisoblanadi. Fikrimcha, Toshkent shahar bosh rejasi hokimga, umuman hukumatga kerak emas. 

“O‘ylanmay qurilayotgan turar joylar keskin ijtimoiy tabaqalashuvni keltirib chiqarishi mumkin”

— Bizdagi bugungi qurilishlarga qarab segregatsiya keskin rivojlanayotganini ko‘rish mumkin. Ya'ni shahar markazidagi uy, binolar faqat boylar, elita uchun bo‘lib qolyapti. Oddiy aholi esa tinimsiz chetga surilyapti. Bu jarayon xorij davlatlarida qanday?

Temurbek Ahmedov:

— AQShda ancha yillar yashaganman. Detroit, Chikago shaharlarida shaharsozlik talablariga rioya qilinmagan. Ya'ni qimmat turar joylarda o‘ziga to‘q aholi qatlami qolgan, daromadi nisbatan kam bo‘lganlar esa shahar chetiga joylashgan. Bu esa ijtimoiy tabaqalashuvni keskinlashtirib yuborgan. Shuning natijasida jinoyatchilik darajasi oshgan, ta'lim sifati tushgan. Bir avlod shunaqa muammolar bilan o‘sadi.

Yillar o‘tgani sari bu muammolar ko‘payadi. Masalan, Toshkentning Sirg‘ali tumanida hozir o‘zgarishlar qilsa bo‘ladi, 30 yildan keyin xatolarni to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Ushbu muammolarning ajoyib yechimi Nyu-Yorkda topilgan. Manhettenda yashash juda qimmat, turar joylar ham shunga yarasha bo‘lgan. Qanchadan qancha joylar bo‘sh turgan. U yerda xizmat ko‘rsatish sohasida ishlaydigan odamlar yetarlicha daromad ko‘rolmagan. Majburligidan boshqa chetroqqa ko‘chib ketishgan.

Shaharlarda turli qatlam vakillari aralash holda yashashi ijtimoiy muvozanatni ushlab turadi. Shuni anglagan holda Nyu-York Manhettenida uy-joylar arzonlashtirilgan, ayrim chegirmalar berilgan. Daromadi nisbatan kamroq bo‘lgan aholi qatlami u yerga ko‘chib borgan. Shuning natijasida ko‘plab muammolarga yechim topilgan. Bu holat boylarga yoqmaydi, lekin busiz shaharni rivojlantirib bo‘lmaydi.

  • Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov, Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbirlari.

Operator va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Mavzuga oid