O‘zbekiston | 21:38 / 17.07.2021
26627
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident maktablariga kirish imtihonlari 26–28 iyulga rejalashtirilmoqda

Prezident maktablari kirish imtihonlarining saralash bosqichi 26, 27 va 28 iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Javoblar avgust oyining birinchi yarmida e'lon qilinadi.

Prezident maktablariga kirish imtihonlarining saralash bosqichi qachon bo‘lishi haqida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi Qabul komissiyasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Xudoyqulov ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, Prezident maktablariga kirish imtihonlarining saralash bosqichi 26, 27, 28 iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Javoblar Cambridge Assesment tomonidan avgust oyining birinchi yarmida tashkilot rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Shuningdek, u Prezident maktablariga ariza topshirgan talabgorlarga birinchi bosqich saralash imtihonlariga ruxsatnomalarni qayerdan va qay tartibda olinishini tushuntirib o‘tdi.

«Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan Prezident maktablariga ariza topshirgan talabgorlarga birinchi bosqich saralash imtihonlariga ruxsatnomalarni yuklab olish haqida joriy yilning 20 iyuligacha sms-xabarnoma jo‘natiladi. Shundan so‘ng talabgor ariza.piima.uz saytiga kirib, «Shaxsiy kabinet» bo‘limini ochishi va u yerga o‘z ID raqamlarini kiritish orqali ruxsatnomani yuklab olishi mumkin.

O‘quvchidan maslahat-tanishtiruv va imtihon kuniga shu ruxsatnoma bilan kelish talab qilinadi, ota-onalar imtihon jarayonlarini test2021.uz sayti orqali onlayn kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishadi», – dedi Qabul komissiyasi rahbari o‘rinbosari.

Mavzuga oid