Sport | 11:28 / 07.08.2021
18553
2 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» xo‘jayinining akasi Messi transferi hal bo‘lganini e'lon qildi

«PSJ» xo‘jayini Tamim bin Hamad Ol Soniyning akasi Xalifa Bin Hamad Ol Soniy argentinalik hujumchi Lionel Messi bilan muzokaralar yakunlangani haqida e'lon qildi. 

«Muzokaralar rasman yakunlanadi. Transfer keyinroq e'lon qilinadi», — deb yozadi Ol Soniy «tvitter»dagi sahifasida. 

Avvalroq Parij klubi 34 yoshli futbolchiga 2024 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma va yiliga 50 mln yevro maosh taklif qilgani xabar qilingandi.

Shuningdek, RMC Sport jurnalisti Muhammad Buafsi ham Messi «PSJ» o‘yinchisiga aylanishi va «2+1» ko‘rinishida shartnoma imzolashini ma'lum qildi. Transfer dam olish kunlari e'lon qilinishi kutilmoqda.

Telefoot'ning yozishicha, argentinalik futbolchining sobiq jamoadoshi Neymar Messiga 10-raqamni taklif qilgan. Ammo Leo Neymardan 10-raqamni olib qo‘ymoqchi emas va Parij klubida 19-raqamda o‘ynamoqchi. Hujumchi faoliyatining boshida «Barsa»da va milliy jamoada aynan shu raqamda harakat qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 5 avgust kuni «Barselona» Messining jamoadan ketganini, tomonlar moliyaviy cheklovlar tufayli yangi shartnoma imzolay olishmaganini e'lon qilgandi.

Mavzuga oid