O‘zbekiston | 08:29 / 12.08.2021
4990
3 daqiqa o‘qiladi

Rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati qanday baholanishi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasining «Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat Prezidentning «Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida qabul qilingan.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining 2021 yil ikkinchi yarim yilligi uchun faoliyati ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholashning tashkiliy sxemasi;
  • Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari.

Masalan, adliya vaziri birinchi o‘rinbosarining faoliyati quyidagi asosiy mezonlar bo‘yicha baholanadi:

  • milliy hamda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasiga tayangan holda o‘z tashabbusi bilan NHHlar loyihalarini tayyorlash va yuqori instansiyaga kiritish;
  • Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan amaldagi NHHlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish;
  • amaldagi idoraviy NHHlar umumiy sonini qisqartirish va boshqalar.

Davlat organlarining birinchi rahbarlariga o‘zlari rahbarlik qilayotgan idoralarda rahbar o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning qo‘shimcha mezonlarini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda tasdiqlash huquqi berildi.

Belgilanishicha, qo‘shimcha mezonlar:

  • vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalariga yuklatilgan qo‘shimcha funksional vazifalardan kelib chiqib shakllantiriladi;
  • asosiy mezonlarning uchdan bir qismidan ortishi mumkin emas;
  • tegishli tashkilotlar rahbar o‘rinbosarlari faoliyatini baholash uchun qo‘shimcha ko‘rsatkichlar sifatida inobatga olinadi.

Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga 2021 yil 20 avgustga qadar 2021 yil II yarim yilligi uchun o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlarini tasdiqlash topshirildi.

Mavzuga oid