Jahon | 17:40 / 15.08.2021
91867
7 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga oldi. Hozirgacha nimalar ma'lum?

Kunning birinchi yarmida «Tolibon» kuchlari hukumat qo‘lida qolgan yagona yirik shahar - poytaxt Kobulga yetib keldi va ayni vaqtda harakat harbiy bo‘linmalari shahar ostonasida turibdi. Toliblar Afg‘onistonning barcha hududlarida nazorat ular tomoniga o‘tganini e'lon qilgan. Ayni vaqtda hokimiyat toliblarga topshirilgani haqida rasman e'lon qilinishi kutilmoqda.

Foto: AFP / Scanpix / LETA

Kobul qurshovga olinib, hujum boshlangani haqidagi xabarlar ko‘p vaqt o‘tmay mamlakat ichki ishlari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdulsattor Mirzakval Tolo News telekanalidagi chiqishi orqali Kobulga hujum qilinmasligi va hokimiyat tinch yo‘l bilan topshirilishi haqida ma'lum qildi.

CNN «Tolibon» vakillari «hokimiyatni qabul qilish» uchun prezidentlik saroyiga kelgani haqida xabar bergan. 

Avvalroq «Tolibon» rahbariyati o‘z harbiylariga tinch fuqarolar hayoti xavf ostida qolmasligi uchun shahar ichiga kirmaslikni buyurgani ma'lum bo‘lgandi. Shuningdek, afg‘onlardan mamlakatni tark etmaslik so‘ralgan va jamiyatning barcha qatlamlariga yangi davlatda joy topilishi bildirilgan.

Toliblarning va'dalariga qaramay, mahalliy aholi shaharni tark etishga shoshilmoqda. Lekin ayni vaqtda Afg‘onistonning barcha chegara punktlari toliblar qo‘lida va mamlakatdan faqat Kobuldagi xalqaro aeroport orqali chiqib ketish mumkin.

Ashraf G‘ani ketadi, faqat sharti bor
Al Arabiya telekanali ma'lumotiga ko‘ra, prezident Ashraf G‘ani yaqin soatlar ichida o‘z postini tark etadi va mamlakatda hokimiyat rasman «Tolibon» qo‘liga o‘tadi.

Shu telekanal Afg‘onistonning sobiq ichki ishlar vaziri, mamlakatning GFRdagi sobiq elchisi Ali Ahmad Jaloliy o‘tish hukumati rahbari vazifasini o‘z zimmasiga olishga rozi bo‘lgani haqida xabar bergan. Qayd etilishicha, u «mamlakat vaqtinchalik ma'muriyati rahbari vazifasini o‘z zimmasiga olgan».

Ahmad Jaloliy. © AP Photo/Musadeq Sadeq

RIA Novosti Ashraf G‘ani hali vakolatlarini topshirmagani va mahalliy siyosiy partiyalar bilan maslahatlashuvlarni davom ettirayotganini xabar qilgan.

G‘ani vorisi ma'lum bo‘lmagunicha hamda sulh va saylovlar o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuv imzolanmagunicha hokimiyat topshirilmasligini aytgan.

Pokistonning Geo TV telekanali ma'lumot berishicha, Afg‘oniston milliy kelishuv bo‘yicha oliy kengashi rahbari Abdulla Abdulla «Tolibon» va Kobul hukumati muzokaralarida vositachilik qilmoqda.

Ayni vaqtda toliblarning Dohadagi ofisi rahbari mulla Abdul G‘ani Birodar ham Afg‘onistonga yo‘lga tushgan.

«Tolibon»: Kobul qurshovda
«Tolibon» yana bir bayonot berib, Afg‘oniston poytaxti barcha tomondan o‘rab olinganini ma'lum qildi.

Toliblar vakili tashkilot jangchilariga poytaxt qo‘lga olingani sharafiga havoga o‘q uzish taqiqlanganini bildirgan. U afg‘on harbiylariga uylariga qaytishga ruxsat berilishini qo‘shimcha qilgan.

Bundan tashqari, toliblar aeroport va shifoxonalar ishlashda davom etishi, eng zarur mahsulotlar yetkazib berilishi jarayoniga xalaqit qilinmasligiga va'da qilishgan.

Xorijliklar esa istasa mamlakatni tark etishi, istasa toliblar hokimiyatida qaytadan ro‘yxatga olinishi mumkin.

AQSh diplomatik missiyasi xodimlarining evakuatsiyasini jadallashtirgan, bu jarayon xavfsizligini ta'minlash uchun shaharga 5 ming harbiy safarbar qilingan.

Afg‘onlar Kobulni tark etmoqda

AFP

Kobuldan chiqishda mashinalarning uzun karvonlari hosil bo‘lgan.

Tongdan banklardagi hisoblaridan mablag‘larini yechib olish istagida kelgan odamlarning uzun navbatlari hosil bo‘lgandi.

Afg‘onistonlik deputat Farzona Kochay BBC bilan suhbatda shunday dedi: «Men uyda o‘tiribman va qochishga urinayotgan odamlarni kuzatmoqdaman. Men ular qayerga otlanganini bilmayman [...], ular o‘zi bilan ko‘plab sumkalarni olib, shahardan ketishmoqda... Bu qo‘rqinchli».

Avvalroq Torkxam nazorat-o‘tkazish punkti ham toliblar qo‘liga o‘tgach, Pokiston chegarani butunlay yopganini e'lon qilgandi.

Shu tariqa, Kobul aeroporti mamlakatni tark etish uchun yagona nuqtaga aylangan.

«Tirbandlik tufayli ayrimlar mashinasini yoniq qoldirgan holda aeroportga piyoda yo‘l olgan», deya hikoya qiladi guvohlardan biri Reuters agentligi muxbiriga.

CNN nashrining yozishicha, yuqori martabali afg‘on amaldorlari, shu jumladan prezident maslahatchilari ham Kobul xalqaro aeroportiga kelishgan va hozirda o‘z reysini kutib, VIP-zonada bo‘lib turishibdi. Ular qayerga yo‘l olgani noma'lum.

G‘arb davlatlari Afg‘onistondagi voqealar haqida sukut saqlamoqda
AQSh, Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlari hozircha Afg‘onistonda ro‘y berayotgan voqealar yuzasidan chiqish qilmadi.

Amerika vertolyoti Kobuldagi elchixona tomidan odamlarni evakuatsiya qilmoqda. Rahmat Gul / AP Photo / Scanpix / LETA

Moskvadagilar hamkorlar bilan BMT Xavfsizlik kengashining Afg‘oniston bo‘yicha yig‘ilishini chaqirish ustida ish olib borilayotganini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova telegramdagi kanalida shunday yozadi: «Hayratlanarli, ammo fakt: Afg‘onistonda ikki kuch qarama-qarshiligi kuzatilmoqda, ikkisi ham AQSh siyosati mahsuli. Dunyo Vashingtonning navbatdagi tarixiy tajribasi natijalarini qo‘rqinch bilan kuzatmoqda».

Rossiyaning Kobuldagi elchixonasi shahardagi vaziyat keskinligicha qolayotganini bildirgan, shu bilan birgalikda, dipmissiyaga tahdid yo‘qligi va poytaxtda harbiy harakatlar olib borilmayotganini ma'lum qilgan.

O‘zbekiston TIV rasmiy vakili Yusuf Kabuljanov Afg‘onistondagi vaziyatga qaramay O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulligi faoliyatini davom ettirayotgani, xodimlar hali evakuatsiya qilinmaganini bildirgan.

Germaniya Kobuldagi elchixonasi faoliyati to‘xtatilganini ma'lum qildi.  GFRning barcha fuqarolariga zudlik bilan ushbu mamlakatni tark etish tavsiya etilgan.

Mavzuga oid