Jamiyat | 16:36 / 17.08.2021
18732
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘lmi bu, shudgormi bu? Jizzaxning g‘arib yo‘llarida

Jizzax viloyatining Zarbdor tumani hokimi Trailblazer sotib olganida ayni shu kabi yo‘llarda qiynalmay yurishni o‘ylagan bo‘lsa, ajab emas.

Jizzax viloyatining Zarbdor va Sharof Rashidov tumanlarini bog‘lovchi, mahalliy aholi Paxtakor ko‘chasi deb ataydigan yo‘lning qariyb 5 km hududi o‘ydim-chuqur, past-balandliklardan iborat. Bu yo‘ldan bexavotir o‘tish uchun yo‘ltanlamasda bo‘lishingiz kerak.

“Bir kunda 5-10 martalab shu yo‘ldan o‘tishimga to‘g‘ri keladi. Hokimlarimiz qaramaydi yo‘llarning ahvoliga. Ayniqsa tunda bu yerdan yurib bo‘lmaydi. Mashinaning tagi tegib qolishi hech gap emas. Vaholanki, bu asosiy yo‘llardan biri.

Tuzatamiz deyilgan edi, lekin haligacha biror natija bo‘lmadi. E'tibor qaratishsa, yaxshi bo‘lardi”, – deydi haydovchilardan biri.

Darhaqiqat, yo‘ldagi chuqurlikni o‘lchash uchun chizg‘ich yo‘qligidan qarichlab o‘lchadik: asfalt ko‘chada bir qarich chuqurlikdagi notekisliklar har qadamda uchraydi.

“Yo‘lning holati achinarli ahvolda. Kunda 4-5 martalab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Lekin shudgor bu yo‘ldan ko‘ra yaxshi. 10 yildan beri shunaqa ahvolda. Qancha avariyalar sodir bo‘lyapti bu yo‘lning yomonligidan. Ballonlar ta'mirtalab ahvolga keladi, avtomobillarning tagi tegib qoladi”, – deya ta'kidladi boshqa haydovchi.

Viloyatdagi, tumandagi yo‘l ta'miriga mas'ul mutasaddilar bu yo‘ldan yurishmaydi shekilli. Yo‘lning nosozligi sabab avtohalokatlar sodir bo‘lishini, kimdir yaqinidan ayrilishini kutib o‘tirmasdan hozirdan e'tibor qaratilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili – pandemiya davrida Jizzax viloyatining Zarbdor va Mirzacho‘l tumanlari hokimliklari 370 mln so‘mdan Trailblazer avtomobillarini xarid qilgandi.

Gulmira Toshniyozova, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid