O‘zbekiston | 08:06 / 18.08.2021
4471
2 daqiqa o‘qiladi

Sudyalikka nomzodlarni psixologik portreti bo‘yicha baholovchi dastur ishga tushirildi

Sudyalik lavozimiga nomzodlarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholovchi elektron dastur ishga tushirildi. Bu haqda AOKAda Sudyalar oliy kengashi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, prezident farmoniga asosan sudyalik lavozimlariga munosib kadrlarni tanlash va tayinlashning yangi tartibi joriy etildi. Bunda xolislik va shaffoflikni ta'minlash ustuvor vazifa qilib belgilandi.

OAV orqali bo‘sh sudyalik lavozimlariga ochiq tanlovlar muntazam e'lon qilib borilmoqda. Sudyalik lavozimiga tanlash va tayinlashga oid ochiq tanlovlarga axborot texnologiyalari tatbiq etish yo‘lga qo‘yildi. Natijada inson omili keskin cheklanib, tanlov jarayoni ochiq va shaffof o‘tishi ta'minlanmoqda. Tanlovni bevosita va bilvosita (onlayn tarzda) kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Bundan tashqari, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishlab chiqilib, sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, to‘liq ishga tushirildi.

«Psixologik test» elektron dasturi yordamida nomzodning qat'iylik, bosiqlik, jizzakilik, stressga chidamlilik, korrupsiya, alkogolizmga moyillik va boshqa psixologik xususiyatlari aniqlanadi. Psixologik test natijasi professional psixolog tomonidan o‘rganib chiqilib, tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan xulosa tuziladi. Mazkur xulosa nomzodning sudyalik lavozimiga tayinlanishida alohida e'tiborga olinadi.

Joriy yilning birinchi yarimida mazkur yangi tartib va ochiq tanlov asosida 202 nafar (yoki barcha nomzodlarning 72,4 foizi) nomzod sudyalik lavozimiga tayinlangan.

Mavzuga oid