Jahon | 11:03 / 21.08.2021
28280
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston qarshilik kuchlari Bag‘lon viloyatining uch tumanini «Tolibon»dan qaytarib oldi

Foto: Reuters

Afg‘oniston sobiq ma'muriyati mudofaa vaziri Bismilloh Xon Muhammadiyning aytishicha, qarshilik kuchlari Afg‘oniston shimoli-sharqidagi Bag‘lon viloyatining uch tumanini «Tolibon» harakatidan qaytarib olgan.

«Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatish — mening burchim. Bag‘lonning Puli-Xesar, Deh-Salah va Banu tumanlari mahalliy qarshilik kuchlari tomonidan ishg‘ol qilindi. Qarshilik hali ham tirik», — deb yozdi general o‘z Twitter sahifasida.

Qarshilik kuchlari Bag‘lon viloyatidagi hududlarni nazorat ostiga olish uchun olib borilgan janglarda o‘nlab «Tolibon» jangarilarini o‘ldirdi va yaraladi, deb xabar bermoqda RIA Novostining ushbu provinsiyadagi manbasi.

Oxirgi haftalarda Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat keskin o‘zgarib ketdi. «Tolibon» Kobulga kirib, prezident saroyini o‘z nazoratiga olganini e'lon qildi. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani esa «qirg‘inning oldini olish uchun» mamlakatni tark etganini aytdi.

Dushanba kuni kechqurun «Tolibon» siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistondagi urush tugaganini e'lon qildi.

Mavzuga oid