Jamiyat | 15:09 / 26.08.2021
17082
3 daqiqa o‘qiladi

SSV kimlar vaksina olmasligi mumkinligiga aniqlik kiritdi

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida 18 va undan yuqori yoshdagi aholini SOVID-19ga qarshi emlash tartiblariga ko‘ra, emlashga qarshi vaqtinchalik yoki doimiy tibbiy cheklovlar davolash-profilaktika muassasalari rahbariyati tomonidan tasdiqlangan maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.

Komissiya tomonidan taqdim qilinadigan tibbiy cheklov to‘g‘risida ma'lumotnomada quyidagilar aks etadi:

Vaqtinchalik qarshi ko‘rsatmalar:

  • Koronavirus kasalligining o‘tkir shakli bo‘lgan bemorlar;
  • laboratoriyada SOVID-19 musbat natija bergan, biroq klinik belgilar bo‘lmagan shaxslar;
  • koronavirus kasalligi bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar karantin muddati tugaganidan keyin emlanadi.

Emlashga uzoq muddatli va doimiy moneliklar:

  • anamnezida og‘ir allergik reaksiyalari (anafilaktik shok) bo‘lgan shaxslar (tasdiqlovchi tibbiy hujjat bo‘lganda);
  • homilador va emizikli ayollar (vaksinaning ushbu kontingentga xavfsizligi to‘g‘risida ma'lumot yetarli emasligi sababli);
  • 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar;
  • anamnezida tug‘ma yoki orttirilgan immunotanqislik holati, OIV infeksiyasi bo‘lgan bemorlar;
  • vaksinaning komponentlariga yuqori sezgirligi bo‘lgan shaxslar.

«SOVID-19 vaksinatsiyasiga qarshi ko‘rsatmalar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining oilaviy shifokori tomonidan aniqlanadi va cheklov to‘g‘risida xulosa berish maqsadida maxsus komissiyaga yuboriladi. Vaqtinchalik yoki doimiy tibbiy cheklovlar faqat davolash-profilaktika muassasalari rahbariyati tomonidan tasdiqlangan maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.

Koronavirus infeksiyasining o‘tkir shakli simptomlari bo‘lgan bemorlar, shuningdek, laboratoriyada SOVID-19ga musbat natija bergan, biroq klinik belgilari kuzatilmayotgan (simptomsiz) shaxslar va koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan shaxslar, karantin muddati tugaganidan so‘ng emlanadi.

JSST tavsiyalariga asoslangan holda SOVID-19 kasalligidan sog‘aygan va reabilitatsiya davrini o‘tkazgan shaxs shifokor ruxsati bilan 3-6 oydan so‘ng emlanishi mumkin», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid