Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talabaning odob-axloq qoidalari. «Tolibon» mafkurasi asosida nimalar yotadi?
Kobul egallangach «Tolibon» Afg‘oniston yana islom normalari asosida boshqarilishini ma'lum qildi, ammo bu keng tushuncha bo‘lib, turli yillarda toliblarning o‘zi tomonidan ham turlicha talqin etilgan. BBC «Tolibon» dunyoqarashining asosini tashkil etgan deobandizm - o‘z vaqtida Hindistondan kirib kelgan diniy oqim haqida hikoya qildi.
«Tolibon» harakatiga 1994 yilda mulla Muhammad Umar madrasadagi talabalarning kichik guruhi bilan birgalikda asos solgan. Umar va uning izdoshlari 1989 yilda sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilgach boshlangan fuqarolik urushi tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar, tartibni saqlash bilan emas, o‘zi jinoyatlar sodir eta boshlagan dala qo‘mondonlaridan qattiq norozi bo‘lishgan.
Afsonalarga ko‘ra, 1994 yil bahorida guruhlardan birining mujohidlari tomonidan Sang-Hisor qishlog‘ida ikki o‘smir qiz o‘g‘irlab ketiladi va ular blokpostda doimiy ravishda zo‘rlanadi. Ushbu hudud yaqinida yashagan, SSSRga qarshi urush faxriysi bo‘lgan Muhammad Umar bu haqda xabar topadi va qizlarni qutqarishga qaror qiladi. U o‘zi dars beradigan madrasaga borib, 30 nafar o‘quvchilarini yig‘adi (pushtu tilida «tolib» - «o‘quvchi» degani) va qizlarni qutqarish uchun otlanadi.
Blokpost qo‘mondonini tank stvoliga osishadi, mulla Umar esa toliblar harakatini rivojlantirishga kirishadi.
U afg‘onlarning jabr-sitamlari, to‘dalarning zo‘ravonliklari, amaldorlarning korrupsiyaga botgani va boshqa tartibsizliklarni butun mamlakat bo‘ylab shariat qonunlari hukmronligini o‘rnatish orqali bartaraf etish mumkinligini ta'kidlaydi.
Mujohidlar avvaliga sekulyarizmga (ya'ni, dinni dunyodan ajratishga), keyin esa kommunizmga qarshi kurashishgan. Ular islomning zamonaviy siyosiy talqiniga moyil edi. Mafkuraviy jihatdan ular Misrda tuzilgan «Birodar musulmonlar» tashkilotiga yaqin edi.
«Tolibon» esa ultratraditsionalistlar. Ular uchun asosiysi: e'tiqod normalariga ipidan ignasigacha rioya etish. Ular o‘zlarini islom dinidagi eng qat'iy ta'limot hisoblangan deobandizm oqimiga mansub hisoblashadi. Bu ta'limot 1867 yilda Hindistonning Deoband shahridagi madrasalardan birida paydo bo‘lgan. Uning izdoshlari Hindistonda britan mustamlakasiga qarshi kurashgan.
«Sof an'analar»
Deobandizm tarafdorlari o‘sha davrdagi an'anaviy islom tashqi dunyoga juda ko‘p yon bergan, shuning uchun uni begona elementlardan tozalash kerak deb hisoblashadi.
Xususan, ular payg‘ambarning tug‘ilgan kunini nishonlash va duolarda undan yordam so‘rab murojaat qilish amaliyotiga qarshi chiqishgan. Shuningdek, ular o‘sha vaqtda Hindistonda mashhur bo‘lgan so‘fiylik urf-odatlarini rad etishgan: taniqli so‘fiylar vafot etganda tantanali marosimlar o‘tkazish va ularning maqbaralarini ziyorat qilish, baland ovozda zikr qilish (bir duoni tinimsiz takrorlagan holda doira bo‘ylab ritmik harakatlanish) va boshqa so‘fiycha amaliyotlar.
«Sof islom qadriyatlari bo‘yicha yashash uchun ular Taqlid (eng dastlabki sharhlarga amal qilish) qabul qilishgan va islom qoidalarini davr o‘zgarishini hisobga olgan holda talqin qiluvchi ilohiyotchilarni inkor etishgan», deya deobandizmga ta'rif beriladi AQSh armiyasi tayyorlov markazining xorijiy tillar instituti hisobotida.
Deobanddagi madrasada dars berganlar Britaniyaning Hindistonga madaniy va siyosiy ta'siriga, xususan, britaniyalik missionerlar mahalliy aholini xristianlikka jalb etishga urinishlariga juda keskin munosabatda bo‘lishgan. Shu bilan bir vaqtda, Deobanddagi musulmonlar induizm va mahalliy xurofotlar islom diniga «zararli» ta'sir ko‘rsatishiga qarshi turishgan. Seminariya induizm, g‘arbliklar va britanlardan voz kechib, talabalarni faqat islomning ma'naviy va falsafiy qadriyatlari bilan chuqurroq tanishtirishga harakat qiladi.
Deobandistlar ilohiy vahiyga asoslangan bilimlar va dunyoviy ta'limni aniq ajratishadi. Madrasada g‘arbcha standartlar bo‘yicha ta'lim berish va Qur'oni karimga to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lmagan har qanday fanni o‘qitish rad etiladi.
Deobandistlarning o‘ziga xos mantig‘i bor. Masalan, ayollar tanasini va yuzini to‘liq yopib yurishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Ammo bunday holatda ular erkaklarning e'tiborini o‘ziga jalb, ularni taqiqlangan zo‘ravonlikka undashi mumkin, aynan shuning uchun oqim tarafdorlari ayollarga to‘liq o‘ranib yurishni buyurishadi.
Deobandistlar, masalan, erkak shifokor yoki erkak tikuvchi ayol mijozni ko‘rikdan o‘tkazish va davolash chog‘ida yoki ayol mijozning o‘lchamlarini olayotganida seksual fantaziyalarga berilishi mumkin deb hisoblashadi, shuning uchun, ayollar faqat ayol jinsidagi shifokor yoki tikuvchi qabulida bo‘lishiga ruxsat beriladi.
Deobandizm Afg‘onistonga qanday kirib kelgan?
1947 yilda Hindiston bilan qo‘shni bo‘lgan Pokiston mustaqillikka erishadi. Bu yerga turli diniy maktablarning tarafdorlari kela boshlaydi, ular yangi mamlakat aynan o‘zlarining diniy qarashlari asosida tuzilishiga intilishadi.
Deobandizm mashhurlikka erishadi. Hukumat ham Afg‘oniston va Hindistonning Kashmiridagi harbiylashgan diniy guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ulardan foydalanish uchun bu radikal kuchlar faoliyatiga to‘sqinlik qilmaydi.
1980-yillarda, SSSR Afg‘onistondagi operatsiyasi uchun kelganida Pokiston maxsus xizmatlari mujohidlarga faol ravishda yordam ko‘rsatgan. Masalan, mulla Umar ham Pokiston hududidagi maxsus lagerlardagi mashg‘ulotlarda harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. Shu tariqa, hindcha oqim afg‘onlar orasida bosqichma-bosqich mashhurlikka erishib boradi.
1990-yillarda «Tolibon» deobandizmni afg‘on jamiyati uchun moslashtira boshlaydi. Deobandizmdagi muhim qoidalardan biri «munosib amallar» shunchaki mumkin bo‘lgan ishlardan afzal ko‘rilishidir. Masalan, qotillikka javoban qotillik qilishga ruxsat berilgan (xun olish), ammo dushmanni kechirish «munosib amal» sanaladi. Afg‘onistonda toliblar bu tamoyildan voz kechishdi, chunki mamlakatda yashovchi turli qabilalar va xalqlarda nimani ma'qul ko‘rish bo‘yicha tushunchalar turlicha edi.
1998 yilgacha toliblar deobandizmni pushtun qabilalarining odob-axloq kodeksidagi qoidalar bilan qorishtirdi va bu ularning qarashlar tizimini yanada radikal ko‘rinishga keltirdi.
Aksincha, Hindistondagi deobandistlar madrasasi teskari yo‘nalishda harakatlanib, 2008 yilda terrorizm va zo‘ravonlikni qoralovchi fatvo chiqaradi. Ayni vaqtda bu oqimga mansub bo‘lgan bir nechtagina madrasa Pokistonda «kofirlarga qarshi kurash» g‘oyalarini tashviq qilishda davom etmoqda.
«Tolibon»ni tushunish mumkinmi?

«1996 yilda, toliblar Afg‘onistonning katta qismini nazorat qila boshlaganida ularda na mablag‘, na reja yoki boshqaruv dasturi bor edi, faqat shariatga asoslangan hukumat haqidagi noaniq va umumlashtirilgan konsepsiyasidan tashqari», deydi Afg‘oniston mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Tamim Asey.
«Tolibon»ning eng asosiy muammosi shundaki, guruh mohiyatan o‘zlari jiddiy e'tibor qaratishni istamagan qabilaviy jamiyat hamda ular [qabilalar] istamagan davlat tuzilmalari qurish zarurati orasida qolishgan», deya qayd etadi tadqiqotchi Ahmad Rashid o‘z kitobida.
Guruh haqidagi bu keng ko‘lamli tadqiqot 2000 yilda, Nyu-Yorkdagi egizak binolarga terakt amalga oshirilishidan bir yil oldin nashrdan chiqqan. Shundan keyin bu kitob bir yarim milliondan ortiq nusxada sotilgan va dunyoning 22 tiliga tarjima qilingan.
«Tolibon» o‘zgarganmi? Harakat vakillari shunday ekanini ta'kidlashmoqda.
«Biz shariat doirasida ayollar huquqlarini ta'minlaymiz va ular biz bilan yelkama-yelka mehnat qilishadi. Biz xalqaro hamjamiyatni hech qanday diskriminatsiyaga yo‘l qo‘yilmasligiga ishontirmoqchimiz. Biz Afg‘oniston yana jang maydoniga aylanib qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz, biz o‘zimizga qarshi kurashganlarning barchasini kechiramiz, dushmanlik tugagan. Biz tashqi va ichki dushmanlar bo‘lishini xohlamaymiz», dedi toliblar rasmiysi Zabihullo Mujohid (u yangi hukumatda axborot va madaniyat vaziri etib tayinlanishi kutilmoqda) 17 avgust kuni Kobulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Hatto G‘arbda ham ayrimlar toliblarga imkon berish kerakligini aytishgan.
«Zamonaviy «Tolibon» avvalgidek qatag‘on mashinasi bo‘lmasligi, ular aqlliroq bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin. Hech bo‘lmaganda bugungi kunda ular Kobulni qanday boshqarayotganiga qarab ular o‘zgargani haqida gapirish mumkin», deydi Britaniya armiyasi bosh shtabi boshlig‘i ser Nikolas Patrik Karter.
Ammo tinchlikparvar ruhdagi bayonotlarga qaramay, toliblar deobandizmdan voz kechishmagan. Ular hamon turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilganlar toshbo‘ron qilinishi, yirik miqdorda o‘g‘rilik qilganlarning (isbotlangan holda) qo‘li kesilishi darkor deb hisoblashadi.
«Ta'kidlash joiz, toliblar Afg‘oniston kelajagini qanday ko‘rishlarini ochiqchasiga ayta olishmayapti va boshqaruv, aholiga xizmatlar ko‘rsatish hamda qonunlar ustuvorligini ta'minlash bo‘yicha hech qanday dastur taqdim etishmayapti. Ular noaniq va imkon qadar umumiy bayonotlar berishda davom etishmoqda, ta'lim, sog‘liqni saqlash hamda mamlakatni tiklash bo‘yicha aniq qarashlarini esa bayon etishni istashmayapti yoki bunday rejalarning o‘zi yo‘q», deya qayd etadi Afg‘onistonning sobiq mudofaa vaziri o‘rinbosari Tamim Asey.
«Deobandistlar nuqtayi nazariga ko‘ra, hukumatning maqsadi - fuqarolarning individual huquq va erkinliklarini kafolatlash emas, ilohiy iroda vositachisi bo‘lishdir», deya qayd etgan Ahmad Rashid 2000 yilda chop etilgan kitobida.
Mavzuga oid
21:58 / 21.05.2025
AQSh «Tolibon»ning terrorchi tashkilot maqomini qayta ko‘rib chiqadi
21:47 / 22.04.2025
«Tolibon» endi Rossiyada terror guruhi emas. Harakat asr boshida Rossiyaga jihod e’lon qilgandi
20:43 / 17.04.2025
Toliblar endi Rossiyada terrorchi tashkilot deb hisoblanmaydi. Voqealar rivoji
22:28 / 09.04.2025