Jahon | 15:22 / 05.09.2021
37937
3 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Kobulda ayollar namoyishini ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz orqali tarqatishdi

Kobulda toliblar o‘z huquqlari ta'minlanishini talab qilgan holda namoyishga chiqqan ayollar tarqatib yuborildi.

Foto: Getty Images

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘nlab namoyishchilar prezident saroyiga kirmoqchi  bo‘lganida toliblar ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz, shuningdek, qalampir ballonlari va elektroshokerlar qo‘llashgan.

Aksiya ishtirokchilaridan biri Reuters agentligiga toliblar ayollarning boshlariga urgani haqida ham gapirgan.

Tolo News xabariga ko‘ra, «Tolibon» aksiyani o‘tkazish vaqtida nazorat izdan chiqib ketgani va tartibsizlik yuzaga kelgani haqida ma'lumot tarqatgan.

Afg‘onistonda toliblar Kobulda hokimiyatni qo‘lga olishidan ko‘p vaqt o‘tmay Hirotda ham shu kabi aksiyalar bo‘lib o‘tgandi. Ayollar ishlash huquqi, shuningdek, davlat boshqaruvida ishtirok etishlari ta'minlanishini talab etishmoqda.

«Tolibon» yaqin kunlarda hukumat tarkibini e'lon qilishi kutilayotgandi. Ammo harakat ichida bo‘linish yuzaga kelgani tufayli bu muddat kechikmoqda. Yangi hukumat tarkibida rahbarlik lavozimlariga ayollar tayinlanishi ehtimoli deyarli yo‘q, holbuki toliblar Kobulni egallagach bergan ilk bayonotlarida shunday bo‘lishini va'da qilishgandi.

«25 yil oldin toliblar kelishganida ular mening maktabga borishimga yo‘l qo‘yishmagandi», deydi jurnalist Azita Nazimiy Tolo portaliga.

Ko‘pchilik Afg‘onistondagi yangi rejim ham toliblarning 1996-2001 yillardagi boshqaruvidan farq qilmasligidan xavotirlanmoqda.

O‘shanda mamlakatda shariat qonunlari qo‘llangan. Qizlar ta'lim olishi taqiqlangan, ayollarga ishlash, zamonaviy liboslarda yurish va ko‘chaga mahramisiz chiqishi mumkin bo‘lmagan.

Turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilgan ayollar toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan, o‘g‘irlik qilganlarning qo‘li kesilgan, bolalarni o‘g‘irlaganlar omma oldida dorga osilgan. Ayrim holatlarda tirnog‘ini bo‘yagan qizlarning barmoqlari kesilgan.

Bu safar hokimiyatga kelishi bilanoq «Tolibon» o‘z pozitsiyasini «yumshatgani» haqida ma'lum qildi: harakat vakillari ayollar huquqlarini «afg‘on normalari va islom qadriyatlari» doirasida hurmat qilishga va'da berishdi, o‘tgan haftada esa ayol shifokorlardan o‘z ishlariga qaytish so‘raldi.

Toliblar yangi hukumatda ayollar ham bo‘lishi mumkinligini istisno etmagandi, ammo ular asosiy lavozimlarni egallay olishmaydi, masalan, vazirlik lavozimiga erishish ular uchun imkonsiz.

Mavzuga oid