Jahon | 22:53 / 19.09.2021
6323
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston chegaralarini ochib, yarim million sayyohga bepul viza berishni rejalashtirmoqda 

Hindiston ichki ishlar vazirligi yaqin 10 kun ichida xorijiy sayyohlar uchun cheklovlar bekor qilinishini e'lon qilmoqchi. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi chegaralar ochilgandan keyin birinchi 500 mingta turistik viza bepul berilishini ma'lum qildi.

Modi bu haqda Goa oroli rahbariyati bilan yig‘ilish vaqtida aytib o‘tgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, orolning barcha aholisi kamida bitta doza vaksina bilan emlangan. Bosh vazir “navbatdagi sayyohlik mavsumi pandemiyagacha bo‘lgan darajada tiklanishi mumkinligini” ta'kidlab o‘tgan.

Bepul vizalar Hindistonda qisqa muddatga keluvchi sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan. Ta'kidlanishicha, bepul vizalar dasturi 2022 yil 31 martgacha yoki shunday 500 mingta viza olinmaguncha amal qiladi. Bir oylik elektron sayyohlik vizasining o‘rtacha narxi 25 dollarga, yillik viza esa 40 dollarga, Hindistonning bepul vizalar dasturiga xarajatlari esa 800 mln hind rupiysiga (10,8 mln dollar) baholanmoqda.

Hindistonda ayni vaqtga kelib 33,4 mln kishida koronavirus qayd qilingan. Oxirgi sutkada 30 mingdan ko‘proq kishida virus aniqlangan.

Mavzuga oid