O‘zbekiston | 18:24 / 12.10.2021
8334
10 daqiqa o‘qiladi

YeXHTning tegishli byurosi O‘zbekistondagi saylov kampaniyasi yuzasidan oraliq hisobot berdi

Foto: Markaziy saylov komissiyasi

Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Saylovni kuzatish missiyasi joriy yilning 8 oktabr kuni O‘zbekistonda davom etayotgan prezidentlik saylovi kampaniyasi yuzasidan oraliq hisobotini e'lon qildi.

Qator tavsiyalar hisobga olingan, ayrimlari hali ham ko‘rib chiqilmagan

Saylovning huquqiy asosi bo‘lgan qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarda DIIXBning avvalgi bir qator tavsiyalari hisobga olingani qayd etilgan. Jumladan saylov kampaniyasi tadbirlari to‘g‘risida 30 kun avval rozilik olish talabi olib tashlanib, o‘rniga 3 kun avval xabar qilish talabi kiritilgan. Shuningdek, davlat xizmatidagi kishilar tomonidan kampaniya o‘tkazish taqiqlanishi, oraliq kampaniya moliya hisobotlari, saylov nizolarni hal qilishdagi borasidagi sud organlarining vakolatlari ajratilishi shular jumlasidan.

Shu bilan birga, DIIHBB boshqa fundamental huquq va erkinliklarni muhofaza qilishdagi kamchiliklarga doir tavsiyalari O‘zbekiston tomonidan hali ham ko‘rib chiqilmaganini bildirgan.

«DIIXBning ancha avvalgi tavsiyalari, jumladan ovoz berish huquqlariga, mustaqil nomzodlarni taqiqlashga va kampaniyani muqobil manbalardan moliyalashtirishga va fuqaro kuzatuvchilarga yo‘l qo‘yish hamon ko‘rib chiqilmagan. Konstitutsiyada kafolatlangan fundamental inson huquqlari va erkinliklari quyi qonunlar bilan cheklanganligicha qolmoqda. DIIXBning avvalgi tavsiyalariga qaramay, tuhmat va obro‘ga putur yetkazish, garchi 2020 yilda ushbu qilmish uchun sanksiyalar qatoridan qamoq jazosi olib tashlangan bo‘lsa-da, hamon jinoyat hisoblanadi.

Ekstremizm keng ta'riflanib, erkin talqin va qo‘llash imkoniyatiga yo‘l qo‘yadi. 2021 yildagi konstitutsiyaga o‘zgartish bilan yig‘ilish erkinligini qonun osti aktlar bilan cheklash taqiqlandi, ammo yig‘ilish erkinligi biror maxsus qonun bilan tartibga solinmaydi. Biroq, jinoyat va ma'muriy qonunlarda noqonuniy yig‘ilishlar va ro‘yxatga olinmagan uyushmalar taqiqlanadi va ular uchun jazo tayinlangan. DIIXB avval ortiqcha yuk hosil qiladigan va ixtiyoriy qo‘llashga ochiq deb baholagan siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga doir qonun hujjatlari hamon o‘zgartirilmagan», – deyiladi YeHXT tegishli byurosi hisobotida.

2020 yilda migratsiyaga doir nizomlar liberallashtirilib, xorijga chiqish vizalari (OVIR) bekor qilingach, yashash joyini tanlash osonlashgan, bu esa o‘z navbatida saylovchilarni ro‘yxatga olishga ta'sir ko‘rsatgani qayd etilgan. Bundan tashqari, 2021 yilda O‘zbekiston tomonidan BMTning Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi nogironlarning siyosiy hayotda kamsitilishlarsiz qatnashuvini kafolatlashi aytilmoqda.

Saylovoldi kampaniyasi qanday kechayotgani haqida

Mamlakatda Saylovchilarning yagona elektron reyestriga kiritilgan qariyb 21,2 million nafar saylovchini ro‘yxatga olish sust tarzda olib borilayotgani ta'kidlangan. Jarayon doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish reyestridan 18 yoshdagi va kattaroq fuqarolarni ajratib olishga asoslangan bo‘lib, 2021 yilning mart-may oylari mobaynida turli vazirliklar, fuqarolar yig‘inlari tomonidan uyma-uy yurib ro‘yxatga olish olib borilgan.

Tashkilot og‘ir jinoyatlar uchun qamoq jazosini o‘tayotgan mahbuslar, sud tomonidan aqliy va ruhiy sabablarga ko‘ra layoqatsiz deb topilgan fuqarolar ovoz berish huquqiga ega emasligi bu – demokratik saylovga tegishli xalqaro standartlarga zidligini bildirgan. O‘zbekiston qonunchiligidagi prezidentlikka nomzodi qo‘yilishi mumkin bo‘lmagan shaxslar (muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar, mahbuslar, qasddan sodir etilgan jinoyatlari uchun sudlanishlari olib tashlanmaganlar va din xodimlari) hamda mustaqil nomzodlar saylovda qatnasha olmasligi ham DIIXB tavsiyalariga zid deb topilgan.

Qonunda saylov kampaniyasini olib borish va OAVdan foydalanish uchun barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratilgani ta'kidlanadi. DIIXB SKM kuzatuviga ko‘ra, nomzodlarning ishonchli vakillari saylov kampaniyasi boshlanishidan beri aksariyat viloyatlarda faoliyat olib bormoqda. Mahalliy hokimiyat organlari va jamoat uyushmalari nomzodlar va vakillarga kampaniya tadbirlarini o‘tkazishda kamsitmaslik asosida yordam ko‘rsatishlari shartligi belgilab qo‘yilgan.

«Kampaniya barcha viloyatlarda olib borilmoqda, shuningdek u ijtimoiy tarmoqlarda ko‘zga ko‘rinib turibdi. Shu paytgacha da'vogarlar orasida bevosita yoki mazmunli muloqot bo‘lmadi. Shaxsiy uchrashuvlar orqali kampaniya mahallalar va tuman darajasida olib borilmoqda.

Har bir partiya xilma-xil tashviqot materiallarini, jumladan varaqalar, partiya gazetalari va posterlarni tarqatib kelmoqda. Raqamli bilbordlarda ba'zi viloyat markazlarida barcha nomzodlarning kampaniya kliplari rotatsiya tarzda ko‘rsatilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar siyosiy partiyalar va ba'zi nomzodlarga saylovchilarni o‘z takliflari hamda kampaniyadagi faoliyatlari to‘g‘risida xabardor qilish imkoniyatini taqdim etadi.

Kampaniya platformalarida diqqat-eʼtibor ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, davlat xizmatlari, sog‘liqni saqlash, ta'lim, adliya va ekologik tizimga qaratilgan, hozirgacha kampaniyada yagona ustun masala ko‘tarilmadi», – deyiladi hisobotda.

Siyosiy partiyalarning saylov kampaniyasi bilan bog‘liq barcha xarajatlari davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi. 2021 yilda partiyalarga jami 15,54 milliard so‘m (har bir partiyaga taxminan 3,14 milliard so‘m) saylov kampaniyasi xarajatlari uchun ajratilgan. 

Barcha besh partiyadan xalqaro tashkilot bilan muloqot qilgan shaxslar kampaniya uchun ajratilgan mablag‘dan mamnun ekanliklarini bildirgan. Saylov kampaniya olib borish uchun siyosiy partiyalar mablag‘lari, xususiy pul yoki natura shaklidagi boshqa xayriyalarni olish taqiqlangan.

OAV

Byuro Saylovni kuzatish missiyasi o‘zi bilan muloqot qilgan bir qancha kishilarga tayanib, O‘zbekistonda oxirgi yillarda ommaviy axborot muhiti yaxshilangani, jumladan axborot olish, undan foydalanish hamda ba'zi ijtimoiy va siyosiy masalalarda tanqidiy chiqishlar qilish imkoniyati yaxshilanganini bildirdi.

Shuningdek, ushbu tashkilot bilan gaplashgan odamlari davom etgan ko‘p muammolar, jumladan jurnalist va blogerlarni cheklash va siquvga olish, va ommaviy axborot faoliyatini cheklovchi huquqiy asoslar hamon mavjudligini ham aytishgan.

«Saylovni kuzatish missiyasi muloqotda bo‘lgan ko‘p kishilar fikricha, har ikki omil o‘zini o‘zi senzura qilishning keng ko‘lam olishiga olib boradi. Garchi, 2019 yilda avval berkitib qo‘yilgan ko‘p mamlakatdagi va xalqaro ommaviy axborot organlari va inson huquqlari tashkilotlari veb-saytlari tiklangan bo‘lsa-da, ba'zilarini mamlakatda hamon ochib bo‘lmaydi. Joriy yil 2 iyuldan boshlab, Tvitter, TikTok va VKontakte ijtimoiy tarmoqlari, shuningdek Skayp va WeChat messenjerlaridan foydalanishga cheklovlar qo‘yilmoqda.

Konstitutsiya so‘z erkinligi va axborotdan foydalanish erkinligi huquqlarini ta'minlaydi. Biroq, OAV e'lon qilingan axborot uchun javobgar va diniy mavzudagi publikatsiyalarni avvaldan tasdiqlab olishi lozim», – deyiladi oraliq hisobotda.

Hisobotda joriy yil 21 iyun kuni Toshkent shahar Chilonzor tuman sudi Kun.uz va Azon.uz onlayn nashrlari diniy mavzudagi materiallarni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xulosasini olmasdan e'lon qilgani uchun jarimaga tortilgani hamda Jurnalistlarni himoyalash qo‘mitasi ushbu holatni qoralab bayonot bergani eslab o‘tilgan.

Shuningdek, jurnalistlar «fuqarolarning qadr-qimmatini haqorat qilishlari» va yolg‘on axborot tarqatishlari uchun javobgarlikka tortilishlari mumkinligi, ayni paytda blogerlar va veb-saytlar egalari uchinchi shaxslar bergan kontent va foydalanuvchilarning umumiy sharhlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligi qayd etilgan.

Saylov kodeksi va Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori OAV uchun saylov kampaniyasi davrida o‘zini tutishning umumiy qoidalarini belgilab beradi. Bundan tashqari, MSK besh milliy TV stansiyasida kampaniya davrida har shanba kuniga da'vogarlar o‘rtasida munozara uchun vaqt ajratib qo‘ygan, biroq nomzodlar yoki ularning vakillari bunday munozara olib borish borasida kelishib olishlari lozim (Hozirga qadar biror nomzod yoki ularning vakili raqiblari bilan munozaraga kirishmadi).

«MSK qoidalari davlat va xususiy OAVga vaqt va joyni da'vogarlarga tenglik shartida sotish huquqini bergan, va nomzodlarga teng yoritilishni kafolatlaydi. Biroq, nomzod joriy vaqtda egallab turgan lavozimi bilan bog‘liq vazifalarni bajarayotgan bo‘lsa, bu kampaniya hisoblanmaydi va shuning uchun mazkur qoidadan istisno qilinadi», deyiladi hisobotda.

Bundan tashqari, hisobotda aytilishicha, saylov kampaniyasi davrida Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligiga OAVni monitoring qilish va MSKga kundalik hisobot berish vazifasi yuklatilganini ma'lum qildi. AOKAning yakuniy monitoring hisoboti ovoz berish kunidan keyin ochiq e'lon qilinishi kerak. Shuningdek, 20 sentyabrdan DIIXB SKM ham oltita telekanal va oltita onlayn OAVning (jumladan Kun.uz ham) saylov kampaniyasiga doir yoritilayotgan materiallarining sifat va miqdori yuzasidan monitoring boshlagan.

Mavzuga oid