O‘zbekiston | 08:26 / 16.10.2021
8635
8 daqiqa o‘qiladi

O‘zbek tili har birimiz uchun g‘urur timsoliga aylanishi lozim

Bahodirjon Shermuhammadov / Foto: Farg‘ona davlat universiteti

Donau dur so‘zini afsona bil,
So‘zni jahon bag‘rida durdona bil.

Alisher Navoiy

Yurtimizda davlat til bayrami keng nishonlanayotgan shu pallalarda ona tilimiz haqida yurakdagi gaplar, qalb tubidagi so‘zlar har bir o‘zbekka o‘zgacha burch va mas'uliyat yuklaydi. Volida kabi buyuk, farzand kabi suyukli bo‘lgan o‘zbek tili naqadar nafis va munis...

Aytish joiz, o‘zbek tili ulkan tarixiy silsilalardan omon o‘tib, milliy o‘zligimizning ulug‘vorligi, matonati va barhayotligini o‘zida aks ettirgan timsol sifatida qadrlanadi. Zotan, qadim O‘rxun-Enasoy yodgorliklari-yu, “Qutadg‘u bilig”, “Devoni lug‘otit turk” singari yozma obidalarda, “Muhokamat ul-lug‘atayn”ning teran mohiyatida boqiy ildizlardan suv ichgan ona tilimizning beqiyos go‘zalligi, imkoniyatlari va yetuk qaddi-bo‘yi namoyon bo‘ladi.

Shu bois el-yurtimiz asrlar davomida orzu qilib, intilib, kurashib kelgan ulug‘vor maqsad – o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi Vatanimiz hayotidagi yuksak voqelik sifatida tarixga muhrlandi.

O‘zining mustahkam huquqiy asosi va munosib maqomiga ega bo‘lgan ona tilimiz bugun yangi rivojlanish va yuksalish bosqichiga ko‘tarildi. Zotan, “Miliy tiklanishdan – milliy yuksalish” degan bosh g‘oyamizning asosida, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish maqsadi mujassamdir.

Ona tilimizning qadr-qimmati, tilimizga hurmat va muhabbat barcha jabhalarda to‘la namoyon bo‘lishi millat kelajagi bilan bog‘liq muhim masaladir. Aytish kerakki, bugun o‘zbek tilining xalqaro minbarlarda baralla yangrashi, dunyo bo‘ylab e'tirof etilishi yorug‘ istak sifatida qalbimizda jo‘sh urmoqda.

Bu borada tashlanayotgan dadil qadamlar davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgani faxrlanarli, albatta. BMT minbarlarida jaranglagan tilimiz o‘zbekning qon tomirlarida g‘urur tuyg‘usini jo‘shqinlantirgan bo‘lsa, bu tarixiy voqelik yurtimizda o‘zbek tili qaddi va g‘ururini tiklashga qaratilgan ezgu ishlarda ona tiliga sadoqatning yorqin namunasi bo‘ldi.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta'minlash maqsadida 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2020 yil 20 oktyabrda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaror va farmonlari imzolandi va hayotga tatbiq etildi. Shuningdek, 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va mazkur kotsepsiyani 2020–2022 yillarda amalga oshirish dasturi, o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

O‘tgan yili ilk marotaba 21 oktyabr sanasi mamlakatimizda O‘zbek tili kuni – umumxalq bayrami sifatida keng tantana qilingani o‘zbek tili uchun qayta tiklanish, yangi qadr topish pallasi sifatida e'tirof etildi.

“O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon mamlakatimizda til siyosatini amalga oshirishga doir muhim dasturilamal ekanligi bugun to‘laqonli isbotini topmoqda. Tarixiy hujjatning barcha bandlarida tilimizning bugungi kuni, ertangi istiqboli, mustahkam rivojiga qaratilgan aniq maqsadlar o‘z ifodasini topadi. Ayniqsa, farmonda aks etgan davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzi, uning boshqa tillar bilan aloqalari istiqbollarini belgilash, shuning barobarida, o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tili darsliklari va elektron dasturlarini yaratish vazifasi ilm ahli, tilshunos olimlarimiz zimmasiga katta vazifa yuklaydi. O‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etishga oid tashabbuslarimiz esa bizning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan millatparvar islohotlarga munosib ulushimiz bo‘ladi.

Ta'kidlash kerak, davlat tilining ilm-fan tili sifatidagi nufuzini oshirish ham muhim vazifa hisoblanadi. Universitetimizda “Davlat tili nufuzi va mavqeini oshirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilib, unda Turkiya, Rossiya, Ozarboyjon, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi 20 dan ortiq mamlakatdan, shuningdek, respublikamizning barcha viloyatlaridan 180 ga yaqin yetakchi tilshunos olimlar ishtirok etgani va unda aynan mana shu vazifaga alohida e'tibor qaratilgani ahamiyatlidir. Qolaversa, bunday xalqaro ko‘lamdagi anjuman va muloqotlarda o‘zbek tilining sofligini saqlash, uning noyob til xususiyatlarini kashf etish, lug‘at boyligini tadqiq etish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, xorijlik tilshunoslar turkiy tillarning umumiy va o‘ziga xos xususiyatlari, o‘zbek tilining jozibadorligi, xorijdagi oliy o‘quv yurtlarida o‘zbek tilining o‘rganilishi haqidagi ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar. Kelgusida ham tilimizning xalqaro miqyosda o‘rganilishi va o‘zbek tili targ‘ibotiga bag‘ishlangan an'analarimiz munosib davom ettiriladi.

Mamlakatimizda til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalishlari va istiqboldagi vazifalari ijrosi ta'minlash borasida Farg‘ona tilshunoslarining ilmiy salohiyati va imkoniyatlari yetarli. Bu xayrli va mas'uliyatli ishda bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etmoqdamiz. Zero, ulug‘lar ta'kidlaganidek, “Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi”.

Bugungi globallashuv sharoitida milliy tilimizning sofligini saqlash, uning lug‘at boyligi, aholining nutq madaniyatini oshirish, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta'minlash, davlat tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirishda oliy ta'lim muassasalarining ham o‘rni va ishtiroki yaqqol namoyon bo‘lmog‘i kerak. Bu borada o‘zining yuksak salohiyatli filologiya maktabiga ega bo‘lgan Farg‘ona davlat universitetetida munosib qadamlar qo‘yilmoqda.

Bahodirjon Shermuhammadov, Farg‘ona davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor

Mavzuga oid