Veterinariya sohasi: Yangi qo‘mita tuzilgach, nimalarga erishildi?
O‘zbekistonda yiliga 75 millionga yaqin hayvon emlanishidan xabaringiz bormi? Issiq o‘lkalardan uchib keluvchi qushlar o‘zlari bilan qanday kasalliklarni olib kelishi mumkin? Quturish kasalligining insonlarga yuqishi holatlariga qanday barham berildi?
Kun.uz muxbiri Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasida bo‘lib, qo‘mita vakillaridan sohaga oid qator savollarga javob oldi.
— Qo‘mitaning tashkil etilishi haqida qisqacha aytib berolasizmi?
Habibullo Hamdamov, Hayvon kasalliklariga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i:
— Xabaringiz bo‘lsa, ilgari Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tuzilmasida Veterinariya bosh boshqarmasi va Chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bo‘lardi. Lekin ushbu sohalar oxirgi 25 yilda rivojlanmagani, aholida chorvachilik mahsulotlariga talabning o‘sib borayotgani sababli sohani rivojlantirishga zarurat paydo bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tomonidan ushbu boshqarmalarni davlat qo‘mitasi darajasida qayta tashkil etish orqali sohani jadallashtirish asosiy maqsad qilib belgilandi. Shu tariqa, 2019 yil 28 martdagi prezident farmoni bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashkil etildi.
— Qo‘mita tashkil qilinganiga 2 yildan oshiqroq vaqt o‘tibdi. Shu vaqt davomida qanday ishlar qilindi?
Habibullo Hamdamov: — Veterinariya tarmog‘iga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Jumladan, so‘nggi yillarda bir qator normativ hujjatlar ishlab chiqildi. Ilgari ishlab chiqilganlari xalqaro standartlarga hamohang tarzda qayta ishlab chiqildi. Sohaga yangi-yangi texnologiyalar olib kelinmoqda. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etildi. Toshkent va Nukus shaharlaridan uning filiallari faoliyat yuritmoqda. Yaqinda Andijon shahrida alohida Veterinariya texnikumi tashkil etildi.
— Ilgari bu haqda faqat ota-onalarimizdan eshitganmiz, lekin oxirgi vaqtlarda hayvondan odamga quturish yoki kuydirgi kasalligi yuqibdi, degan gapni eshitmadim. Bu natijaga qanday erishildi?
Habibullo Hamdamov: — Ushbu jarayon turli omillar, ayniqsa, tabiiy omillar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, mana shu yil qurg‘oqchilik kelganida ham tuproqdan yuqadigan turli xil kasalliklar katta xavf-xatar tug‘diradi. Ushbu xavf-xatarlarning oldini olish va yetarli profilaktik ishlovlar berish juda katta kuch talab qiladi.
Respublikamizda 8,5 ming nafar veterinariya xodimlari faoliyat olib borayotgan bo‘lsa, ular 13 mlndan ortiq qoramollar, 22,5 mlndan ortiq mayda shoxli mollar va 3,5 mln boshqa turdagi hayvonlarga doimiy tarzda 11 xil kasallikka qarshi profilaktik emlash, ya'ni vaksinatsiya tadbirlarini olib boradi. Ayniqsa, hayvondan insonga yuqadigan eng xavfli kasalliklardan biri – kuydirgi kasalligiga qarshi barcha hayvonlar har yili bir marta emlanadi.
Bundan tashqari, it va mushuklardan odamlarga yuqadigan quturish kasalligi yovvoyi tabiatda bo‘ri va tulkilarda doimiy tarzda aylanib yuradi va vaqti-vaqti bilan itlarga yuqib, itlardan odamga yuqish xavfi paydo bo‘ladi. Itlardan odamga yuqish xavfini yo‘qotish, ya'ni kasallik zanjirini kesish uchun biz har yili 2,5 mlndan 3 mlnga yaqin it va mushuklarni quturish kasalligiga qarshi emlaymiz. Shu kabi boshqa bir qator kasalliklar ham bor bo‘lib, ularga qarshi ham profilaktik emlash ishlari doimiy olib boriladi.
— Kasallik yuqtirishda eng xavfli toifa – daydi it va mushuklar bilan qanday muomalada bo‘linadi? Ularni emlash ishlari qanday amalga oshiriladi?
Habibullo Hamdamov: — Ular ko‘chada ovqatlanadigan vaqtida to‘da-to‘da bo‘ladi va ushbu jarayonda turli kasalliklarni bir-biriga yuqtirish xavfi oshadi. Ushbu jarayonni nazoratga olish juda muhim.
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bu masala juda ko‘p ko‘tarilmoqda. Obodonlashtirish boshqarmalari ushbu jonzotlarni tutish va ularni boshpana bilan ta'minlashda mas'ul tashkilot hisoblanadi. Bu jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlar ham keng jalb qilinmoqda.
Bu yerda yangi yondashuv shundan iboratki, daydi it va mushuklar tutilganida eng birinchi bo‘lib ularni quturish kasalligiga emlash, gelmint (gijja) kasalliklariga qarshi ishlov berish va ular tabiiy holda ko‘paymasligi uchun ularni sterilizatsiya qilish (bepushtlashtirish – tahr.) ishlari amalga oshiriladi. Ya'ni urg‘ochilarining tuxumdonlari 15 daqiqa ichida og‘riqsiz olib tashlanadi, erkaklari axta qilinadi. Shunday qilib, ularning ko‘payish zanjiri to‘xtatiladi.
Muammoni xalqaro tajribaga amal qilgan holda shu tarzda yechib boryapmiz.
Salohiddin Hasanov, Oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i:
— Vazirlar Mahkamasining 2011 yilgi qarorida quturish kasalligiga qarshi kurash, daydi hayvonlar bilan ishlash bo‘yicha barcha tashkilotlarning vazifalari va mexanizmlar belgilab berilgan. Shunga asosan bizga quturishga moyil hayvonlarni emlash va ularni ro‘yxatga olish vazifasi yuklatilgan. Ro‘yxatga olish tizimi shundan iboratki, har bitta mahalladagi fuqarolar yig‘ini joylardagi uchastkalarimizga ro‘yxatni beradi, uchastka veterinarlari shu ro‘yxat asosida xonadonlarga borib, itlarni emlash bilan shug‘ullanadi.
2015 yilda “Veterinariya to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Qonunga asosan hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilgan. Unga ko‘ra, quturish kasalligiga qarshi kurash har bir fuqaroning burchi hisoblanadi. Chunki ertaga o‘zining xonadonida parvarishlayotgan itini o‘zi veterinariya ko‘rigidan o‘tkazib, quturishga qarshi emlashni yo‘lga qo‘ymasa yoki har chorakda bir marta antigelmintiklar bilan gijjasizlantirib turilmasa, bu holat ertaga uning o‘ziga ham, butun jamiyat salomatligiga ham xavf tug‘diradi.
— Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngilli nodavlat tashkilotlar tomonidan daydi itlarga boshpana va oziq-ovqat yetkazib berishda qiyinchilikka duch kelinayotganiga guvoh bo‘ldik. Ularga davlat tomonidan qanday yordam berish mumkin?
Habibullo Hamdamov: — Bu masala juda dolzarb va biz sinchiklab o‘rganib chiqib, shunday xulosaga keldikki, agarda yuqorida aytgan jarayonimizni to‘g‘ri va samarali olib borsak, ya'ni daydi hayvonlarga kasalliklarni oldini olish bo‘yicha vaqtida ishlov bersak va sterilizatsiya ishlarini olib borib, ularning ko‘paymasligini nazoratga olsak, ular uchun boshpana sonini ko‘paytirishga ehtiyoj qolmas ekan.
— Qo‘mita tomonidan sohada qanday yangiliklar amalga oshirilmoqda?
Habibullo Hamdamov: — 2,5 yil vaqt mobaynida yangi-yangi laboratoriyalar qurilganini aytish mumkin. Bundan tashqari, hayvonlarni kasalliklardan himoya qilish yo‘nalishi bo‘yicha joriy qilayotgan yangi texnologiyamiz – vakuumli probirkalarga alohida to‘xtalmoqchiman.
Qoramol va mayda shoxli mollarda inson uchun xavfli bo‘lgan brutsellyoz kasalligi uchrab turadi. Ushbu kasallikni nazorat qilish uchun har yili deyarli barcha qoramol va mayda shoxli mollar qon olish orqali tekshirib boriladi.
Bolalar uchun sut mahsulotlari yetkazib beradigan fermer xo‘jaliklaridagi mollar esa yiliga 2-3 marta tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak. Qon olish jarayoni mollar uchun juda og‘riqli bo‘lib kelgan. Sababi qon uyushib qolmasligi uchun yo‘g‘on ignada olib kelingan. Bu esa mollar tomonidan qarshilik qilinishiga va jarayonning qiyinlashishiga sabab bo‘lgan. Yangi texnologiyamizda esa vakuumli probirkaga o‘rnatiladigan ingichka igna sanchilganida hech qanday og‘riq bermaydi va probirkaning o‘zi yetarlicha qonni so‘rib oladi.
— Parrandalar va quyonlar tez ko‘payishi bilan birga bir kasallik kelsa, ommaviy qirilib ham ketishi mumkin. Aholi orasida “mana shunday kasalliklar davlat tomonidan maxsus tarqatib turiladi” degan mish-mishlar yuradi. Bu gaplar qanchalik asosli?
Habibullo Hamdamov: — Bunday mish-mishlar umuman asossiz. Ushbu kasalliklar yovvoyi tabiatdan havo-tomchi yo‘li bilan o‘tib keladi. Bunday kasalliklarga parrandalar uchun xavfli bo‘lgan Nyukasl kasalligi, parranda grippi kabilarni misol keltirish mumkin. Veterinariya xizmati tomonidan har yili 35 mlndan ortiq parranda Nyukasl kasalligiga qarshi davlat budjeti hisobidan emlanadi.
Bundan tashqari, quyonlar uchun o‘ta yuqumli va xavfli bo‘lgan gemorragik isitmasiga qarshi har yili davlat budjetidan katta miqdorda vaksina sotib olinadi va emlab boriladi.
Salohiddin Hasanov: — Savolingiz o‘rinli. Aholi orasida shunday gaplar yuradi. Lekin aslida unday emas. Ushbu kasalliklar yovvoyi hayvonlar va qushlardan yuqadi. Masalan, issiq o‘lkalardan uchib keladigan qushlar o‘zlari bilan olib kelishi mumkin.
Ushbu kasalliklarga qarshi kurashish uchun joylarda epizootik otryadlar ishlab turibdi. Shuningdek, yaqinda xorijdan keltirilayotgan vaksinalarimizni quyi bo‘g‘inlargacha sovuq holda yetkazishni ta'minlaydigan refrijyeratorlar, ya'ni muzlatkichli mashinalar olib berildi.
Abbos Salaydinov suhbatlashdi.
Tasvirchilar – Muhiddin Qurbonov, Azimjon Vohidov.
Montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.
Mavzuga oid
20:17 / 17.09.2024
Eshak go‘shtini iste’mol uchun ishlatiladigan go‘sht toifasiga kiritish nazarda tutilmagan - Qonunchilik palatasi
16:54 / 17.09.2024
O‘zbekistonda chorva hayvonlari identifikatsiya qilinadi
19:51 / 06.09.2024
O‘zbekistonda hayvonlarni himoya qilishga chorlovchi 224 mln so‘mlik rolik tayyorlanadi. Mablag‘ni xalqaro tashkilot ajratgan
12:46 / 15.08.2023