O‘zbekistonda qandli diabetga chalinganlar soni ma'lum qilindi
O‘zbekistonda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 245 mingdan ko‘proq, ulardan 2,3 mingdan ortig‘i – bolalar. Respublikada yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha xalqaro dastur amalga oshiriladi.
15 noyabr kuni JSST Jahon qandli diabet jamg‘armasi bilan birgalikda “O‘zbekiston va Qirg‘izistonda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning (YuBK) profilaktikasi va nazorati imkoniyatlarini yaxshilash” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston va Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari va boshqa davlatlardan mutaxassislar ishtirok etdi.
JSST Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekiston va Qirg‘izistonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning (YuBK) profilaktikasi va nazorati imkoniyatlarini yaxshilash” nomli uch yillik loyihani boshlamoqda.
Jahon qandli diabet jamg‘armasi tomonidan ham moliyalashtirilayotgan ushbu loyihaning budjeti 1 million dollardan ortiq bo‘lib, u 2030 yilga kelib YuBK oqibatida erta o‘limlar sonini uchdan birga qisqartirish va umumiy tibbiy qamrovga erishishga hissa qo‘shadi.
Qandli diabet – yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning to‘rtta asosiy turidan biridir. Xalqaro diabet federatsiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 425 milliondan ziyod odam ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda va ularning aksariyati 2-toifa diabet bilan og‘rigan bemorlardir. O‘zbekistonda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 245 mingdan ko‘proq bo‘lib, ulardan 2,3 mingdan ko‘pi bolalar, 879 nafari esa o‘smirlardir.
Loyiha birlamchi tibbiy-sanitariya yordamiga, bemorlarga terapevtik ta'lim berish, hamshira va boshqa tibbiy xodimlarning malakasini oshirish orqali YuBK va surunkali kasalliklar ustidan mustaqil nazoratni yaxshilashga e'tibor qaratgan holda, YuBK klinik amaliyotida asoratlarni nazorat qilish va ularning oldini olish orqali umumiy tibbiy qamrovni ta'minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, loyiha dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish va klinik amaliyot bilan sifatni yaxshilashga tizimli yondashuvni amalga oshirish orqali boshqaruvni takomillashtirishni ko‘zda tutadi.
Mavzuga oid
18:19 / 13.11.2024
JSST maktab o‘quvchilariga yuklama ortib borayotganidan xavotirda
18:52 / 08.11.2024
Har yili dunyoda 1 milliarddan ortiq bola zo‘ravonlikka duchor bo‘lmoqda - JSST
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
17:08 / 30.10.2024