O‘zbekiston | 07:28 / 19.11.2021
3936
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati teleradiokanali tashkil etildi

Prezident “Toshkent viloyati teleradiokanalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Foto: iStock

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimida Toshkent viloyati teleradiokanali – “Nurafshon TV” tashkil etildi

Quyidagilar Toshkent viloyati teleradiokanalining asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • Toshkent viloyatining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy-ma'rifiy hayotida ro‘y berayotgan islohotlar, farovonlik, taraqqiyot va bunyodkorlik yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar hamda yaratilgan imkoniyatlar haqida aholini muntazam xabardor qilib borish;
  • joylarda islohotlarni amalga oshirishga to‘siq bo‘layotgan omillarni keng jamoatchilik muhokamasiga olib chiqish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar faoliyati yuzasidan samarali va ta'sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;
  • aholining siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularda qat'iy fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish va ulardan samarali foydalanish masalalarini tele- va radiodastur orqali yoritish;
  • hududning tarixi, madaniyati, san'ati, adabiyoti va urf-odatlari, boy tabiati, so‘lim go‘shalari va turizm salohiyatini aks ettiruvchi, ularni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlash;
  • aholining intellektual va madaniy saviyasini oshirish, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, yoshlar va o‘sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish va millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashni targ‘ib qilish;
  • davlat va nodavlat teleradiokompaniyalar, axborot agentliklari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish bo‘yicha samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

Toshkent viloyati ma'muriy markazi – Nurafshon shahrida Toshkent viloyati teleradiokanali uchun kompleks bino qurishga 1,3 gektar yer maydoni ajratilgan hamda qurilish bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari amalga oshirilib, loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan.

Toshkent viloyati teleradiokanali faoliyati “Toshkent” teleradiokanali efiri bilan parallel ravishda olib boriladi. Toshkent viloyati teleradiokanalining imiji, leybli, videolavhalari kabi asosiy taniqlik belgilari ishlab chiqiladi. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi radiokanallarning birida Toshkent viloyati bilan bog‘liq bo‘lgan voqea va hodisalarni yoritib borish uchun alohida efir vaqti ajratiladi.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Yoshlar ittifoqi, Qishloq xo‘jaligi vazirligining: “Yoshlar”, “Navo” va “Kinoteatr” telekanallari ixtisoslashtirilgan reklama xususiyatiga ega bo‘lgan kanal sifatida faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat berish; “O‘zbekiston” teleradiokanalida “Qishloq xo‘jaligi” tahririyatini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid