O‘zbekiston | 08:31 / 04.12.2021
4378
1 daqiqa o‘qiladi

Stokholmda O‘zbekiston elchixonasi ochiladi

2021 yil 3 dekabr kuni Stokholm shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Kristin Linde bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Abdulaziz Komilov Shvetsiya tomonini YeXHTdagi muvaffaqiyatli raisligi bilan tabriklab, O‘zbekistonning mazkur tuzilma bilan konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni kengaytirish tarafdori ekanini ta'kidladi.

O‘zbekiston va Shvetsiyaning siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdan birday manfaatdor ekanligi tasdiqlandi. Bo‘lajak tadbirlar shu jumladan, vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali ko‘rib chiqildi.

Stokholm shahrida O‘zbekiston elchixonasining ochilishi ikki tomonlama hamkorlikni sezilarli darajada jadallashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr va mulohazalar almashdilar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid