O‘zbekiston | 16:22 / 06.12.2021
34425
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qozog‘iston – ittifoqdosh davlatlarga aylandi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi ham imzolandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentlar O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiyaga imzo chekdi.

Hujjatda qardosh xalqlarning hayotiy muhim va uzoq muddatli milliy manfaatlari, ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadi o‘z ifodasini topgan.

Marosimda imzolangan yana bir muhim hujjat yaqin 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi bo‘ldi. Unda ikki mamlakat tarmoqlari va hududlari uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbarlari huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolandi. Bojxona, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, fazoviy makonni tadqiq etish va undan tinch maqsadlarda foydalanish sohasiga doir hamda “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shular jumlasidan. Shuningdek, savdo, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari, sud-ekspertlik faoliyati, mudofaa, bandlik va fan sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha tegishli hujjatlarga imzo chekildi.

Toshkent va Turkiston viloyatlari, Toshkent va Nur-Sulton shaharlari, Navoiy va Qizilo‘rda viloyatlari hokimliklari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari qabul qilindi.

Umuman, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan 22ta hujjat imzolandi.

  • Ma'lumot uchun, O‘zbekiston hozirga qadar faqat Rossiya Federatsiyasi bilan 2005 yil 14 noyabrda Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzolagan.

Mavzuga oid