Singapur korrupsiyani qanday yengdi?
Singapur 1965 yilda mustaqillikka erishgan payti korrupsiya botqog‘ida edi. Mamlakat o‘ta og‘ir iqtisodiy kunlarni boshdan kechirar, jamiyatda qonunsizlik hukm surardi. O‘sha vaqtdagi bosh vazir Li Kuan Yuning qat’iyati tufayli XX asr oxiriga borib Singapur korrupsiya keskin kamaygan va rivojlangan mamlakatga aylandi.
Xo‘sh, bu kichik davlat bunday katta natijalarga qanday erishdi?
Singapur o‘tmishidagi korrupsiya manzarasi
Mustaqillikka erishgan Singapurda, bir tomondan, Britaniya mustamlakachiligi paytida yozilgan qonunlar zaif, ikkinchi tomondan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishga qodir emasdi. Amaldorlarning aksariyati esa korrupsiyaga ruju’ qo‘ygandi. Aholining ko‘pchiligi savodsiz bo‘lib, o‘z huquqlarini himoya qilolmasdi.
Korrupsiyaga qarshi kurash boshlagan birinchi hukumat qator muammolarga duchor bo‘ldi. Unga qarshi kurashni tartibga soluvchi qonun ochiqchasiga zaif edi. Ko‘plab korrupsion jinoyatlar qonun doirasidan chetda qolar, tegishli organlar esa o‘z vazifasini samarali ado etish uchun zarur vakolatga ega emasdi. Amaldorlarning ko‘pchiligi poraxo‘r, qonunchilik esa samarasiz bo‘lgani sababli jinoyatchini jazoga tortish o‘ta murakkab edi.
Davlat amaldorlari xususiy sektor xodimlaridan o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanishi odatiy hol edi, bunga qonun ustuvor emasligidan tashqari, aholi savodxonligi va huquqiy madaniyati darajasi pastligi ham sabab edi. Pora maqsadga erishishning yagona usuliga aylanib qolgandi.
“Bojxona amaldorlari kontrabanda va taqiqlangan mahsulotlarni tashiydigan transport vositalarini tekshirishni tezlashtirish uchun pora olardi, – degandi Li Kuan Yu o‘sha vaqtdagi vaziyat haqida. – Markaziy ta’minot xizmati xodimlari muayyan pul evaziga manfaatdor shaxslarga tenderga kelib tushgan arizalar haqida ma’lumot berardi. Import-eksport departamenti amaldorlari ruxsatnomani tezlashtirib bergani uchun pora olardi. Tekshiruvchilar kamchiliklarga ko‘z yumishlari uchun pudratchilar ularga pora taklif qilardi. Do‘kondorlar va uy egalari axlatni olib ketgani uchun Jamoat sog‘liqni saqlash departamentiga haq to‘lardi. Maktab direktori va o‘qituvchilari kanselyariya mahsulotlari keltiruvchilaridan foiz olardi.
Hokimiyat tizginidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanishga o‘tilganida inson ixtirochilik qobiliyatining chegarasi yo‘qoladi”.
Korrupsiyaga qarshi kurashning boshlanishi
“Agar biz boshqarayotgan davlat hokimiyati ko‘pchilikning hayotini yaxshilash emas, kamchilikning cho‘ntagini qappaytirish payida bo‘lsa, ahvolimiz chatoq bo‘ladi”, degandi Li Kuan Yu.
Shunga ko‘ra, mamlakat rahbarlari korrupsiya ildizi bilan qo‘porib tashlanmasa, mamlakatning kelajagi yo‘qligini tushunib yetdi. Bu esa qat’iy va izchil choralar tizimini qabul qilish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.
1960 yilda qabul qilingan qonun bilan korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasi tasdiqlandi, Korrupsiya holatlarini tergov qilish byurosiga maxsus vakolatlar berildi.
Birinchi navbatda, Singapur korrupsion harakatlar sodir etish imkoniyatini qisqartirish yo‘lidan bordi.
Xususan, amaldorlarning harakatlari tartibga solindi, mustahkam korrupsion aloqalar shakllanmasligi uchun ularning rotatsiyasi yo‘lga qo‘yildi. Byurokratik to‘siqlar bartaraf etildi, davlat xizmatchilarining yuqori odob-axloq standartlariga rioya etishi ustidan kuchli nazorat o‘rnatildi. Mazkur choralarni hayotga tatbiq etishda Korrupsiya holatlarini tergov qilish byurosi ulkan rol o‘ynadi. Fuqarolar Byuroga davlat xizmatchilarining harakatlari ustidan shikoyat bilan murojaat qilish va ziyonni undirib berishni talab qilish imkoniga ega bo‘ldi. Korrupsiya holatlari haqida xabar beruvchilarning himoyasi va nomi yashirin qolishi ta’minlandi.
Bir vaqtning o‘zida korrupsiya harakatlari uchun jinoiy jazo kuchaytirildi, sud tizimi mustaqilligi ta’minlandi, sudyalarning maoshlari keskin oshirildi, ularning ijtimoiy maqomi ta’minlandi, pora berganlik yoki korrupsiyaga qarshi tergovda ishtirok etishdan bo‘yin tovlaganlik uchun sezilarli iqtisodiy jazo joriy etildi.
Bojxona xizmati va boshqa ko‘plab davlat tashkilotlarida xodimlarni yoppasiga ishdan bo‘shatishgacha bo‘lgan qattiq choralar ko‘rildi. Ushbu choralar davlatning iqtisodiyotga aralashuvini kamaytirish, davlat xizmatchilarining maoshini oshirish, malakali ma’muriy kadrlarni tayyorlash orqali amalga oshirildi.
Yuqori talablarga yarasha yuqori maoshlar
“Iqtidorli insonlar davlatning ko‘proq qimmatli merosi sanaladi”, – degan edi Li Kuan Yu.
Darhaqiqat, u iqtidorli insonlarni yuksak qadrlagan va aynan shunday insonlar davlatni rivojlantiradi, deb hisoblagan. Uning: “Agar mamlakat noto‘g‘ri boshqarilsa, barcha aqlli insonlar uni tark etadi” degan mashhur fikri esa korrupsiyani jilovlamaslik qanday jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishini ko‘rsatadi.
Shularni hisobga olib, “miyalar”ning xususiy sektorga o‘tib ketishini kamaytirish maqsadida davlat xizmatchilarining ish haqi muttasil oshirib borildi. Mas’uliyatli lavozimdagi davlat xizmatchilarining maoshlari xususiy korporatsiyalardagi top-menejyerlarniki bilan teng darajaga ko‘tarildi.
Sudyalarning ish haqlari keskin – yiliga bir necha yuz ming dollarga olib chiqildi. 90-yillarda bu ko‘rsatkich 1 mln dollardan ham oshdi. Shunga muvofiq, sudyalik lavozimiga munosib kadrlar, xususan, kuchli advokatlar jalb etila boshlandi.
1989 va 1994 yillarda yuqori martabali davlat xizmatchilarining ish haqini qayta ko‘rib chiqish natijasida maoshlar shu qadar oshirildiki, Singapur bu borada dunyoda 1-o‘ringa chiqib oldi. Shu bilan birga, 1995 yilda xususiy sektorning daromadi pasaygani sababli, 1997 yilda mansabdorlarning maoshlari kamaytirildi.
Aybdorlik prezumpsiyasi
1960 yildagi qonun bilan Singapurda barcha davlat xizmatchilariga nisbatan korrupsiya bo‘yicha aybdorlik prezumpsiyasi joriy etilgan. Bu shuni anglatadiki, davlat xizmatchisi o‘zining maoshi yetmaydigan xarajatlarga qo‘l ursa yoki mol-mulkka egalik qilsa, u o‘z harakatining qonuniy ekanini isbotlab bermaguncha aybdor hisoblanadi va tergovga jalb etiladi. Tergov yakunida davlat xizmatchisini jinoiy javobgarlikka tortish uchun dalillar yetarli bo‘lmasa va shu bilan birga, uning korrupsiyaga yo‘l qo‘ygani bo‘yicha ayrim ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, bunday holatda unga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanardi.
Bundan tashqari, barcha amaldorlar va ularning oila a’zolari daxlsizlik huquqidan mahrum etilgan. Byuro agentlari nafaqat amaldorlarga, balki ularning bolalari, xotini, qarindoshlari va hatto do‘stlariga tegishli bank hisobraqamlarini ham tekshirish huquqini qo‘lga kiritdi. Shunga muvofiq, agarda mansabdor va uning oilasining xarajatlari qonuniy topilayotgan daromaddan yuqori bo‘lsa, ushbu holat Byuroga tergovni boshlash uchun kifoya bo‘ladi.
Byuro, odatda, oliy hokimiyat organlaridagi yirik poraxo‘rlarni tergov qilish bilan shug‘ullanadi. Mayda poraxo‘rlik holatlariga qarshi esa byurokratiyani yo‘qotish, qaror qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish, qonunlardagi ikki xil tushuniladigan normalarni bartaraf qilish, uncha muhim bo‘lmagan sohalarda ruxsat berish va litsenziyalash tartibini bekor qilish choralari bilan kurashilgan.
Shu bilan birga, sudlarga korrupsion yo‘l bilan orttirilgan daromad va mol-mulkni musodara qilish vakolati berilgan.
Poraxo‘r yaqinlarini ham ayamagan Li Kuan Yu
“Oldimda ikkita yo‘l bor edi. Birinchisi: o‘g‘irlash va do‘stlarim ham qarindoshlarimni “Forbs” reytinglariga kiritish, shu bilan birga xalqimni och-yalang‘och holda qoldirish. Ikkinchi yo‘l: xalqimga xizmat qilish va yurtimni eng yaxshi mamlakatlar o‘ntaligiga olib kirish. Men ikkinchi yo‘lni tanladim”. — Li Kuan Yu
Singapur hukumati korrupsiyani “quritish” borasidagi reja va maqsadlarini amaliyotga ko‘chirish uchun o‘zida yetarlicha siyosiy iroda topa oldi.
Elitar korrupsiya holatlari ayovsiz jazolandi.
Mustaqil Byuro hokimiyatning eng oliy darajalarida ham poraxo‘rlikka qarshi kurash olib bordi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashishni do‘stingizni qamoqqa jo‘natishdan boshlang. Siz ham, ular ham nima sababdan ekanini yaxshi bilasiz”, – deya hech kimni ayab o‘tirmasligiga shama qilgandi bosh vazir.
Shunga mos ravishda, hatto Li Kuan Yuning eng yaqin qarindoshlari ham korrupsiya bo‘yicha tergovga jalb etildi. Korrupsiyaga aloqador qator amaldorlar turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi yoki o‘z hayotiga suiqasd qildi yoki mamlakatdan qochib ketdi. Ular orasida Li Kuan Yuning qadrdon do‘sti Vi Tun Bun ham bor edi.
Li Kuan Yun o‘zining yaqin do‘sti, vazir lavozimida ishlagan Vi Tun Bunni ham ayab o‘tirmagandi.
“Vi Tun Bun 1975 yilda Indoneziyaga oilasi bilan birga sayohatga borganida atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri lavozimida ishlardi. Sayohat pulini esa uy-joy qurayotgan pudratchi tashkilot to‘lab bergan. U mazkur pudratchidan qiymati 500 ming singapur dollari turadigan koshonani pora sifatida oladi, shuningdek, 300 ming dollarlik ikkita kreditni otasi nomiga pudratchi kafolati asosida rasmiylashtiradi. Maqsad bu puldan fond bozorida chayqovchilik maqsadida foydalanish edi.
Vi Tun Bun 1950-yillardan boshlab sadoqatli nokommunist yetakchi bo‘lgan, shuning uchun uni himoya qilish va o‘zining aybsiz ekani xususidagi ishonchsiz urinishlarini eshitish menga og‘ir bo‘ldi. U aybdor deb topilib, 4 yil 6 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Hukm ustidan shikoyat qilishiga qaramay, u kuchda qoldirildi, garchi qamoq muddati 18 oyga kamaytirilgan bo‘lsa ham”, – deya xotirlaydi Li Kuan Yu o‘z esdaliklarida.
Darvoqe, shaxsan Li Kuan Yu va uning oila a’zolari ham Byuro tomonidan bir necha bor tekshirilgan, biroq tekshiruvlarda bosh vazirning korrupsiyaga aloqadorligi aniqlanmagan.
Hozirgi paytda Singapur korrupsiya ko‘lami kamligi, iqtisodiy erkinlik va taraqqiyot darajasi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlarda bormoqda.
Xususan, Transparency International tomonidan 2020 yil uchun e’lon qilingan reytingda Singapur korrupsiya bo‘yicha eng past ko‘rsatkichli mamlakatlar orasida 3-o‘rinni oldi.
Atigi 4 million aholi istiqomat qilayotgan Singapur tajribasi siyosiy iroda, samarali antikorrupsion qonunchilik va pulga sotilmas mustaqil agentlik evaziga bir necha o‘n yilda korrupsiyani juda past darajaga tushirish mumkinligini namoyish etdi.
Demak, hamma narsadan ko‘ra qonun ustuvorligini afzal ko‘rish, jamiyatda hammaning qonun oldida tengligi prinsipini targ‘ib qilish va unga amal qilish, bu yo‘lda yuqori martabali amaldorlar va qarindoshlarni ham ayamaslik orqali korrupsiyani bartaraf etsa bo‘lar ekan.
Abbos Salaydinov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov
Mavzuga oid
16:17 / 04.10.2024
Yarim asrda birinchi marta: Singapurda sobiq vazir pora olgani uchun qamaldi
19:53 / 10.09.2024
Korrupsiyaga qo‘l urgan 566 nafar shaxs davlat ishiga qaytadan kirib, yana korrupsiyaga qo‘l urgan
21:03 / 31.08.2024
Singapurda erkak xotini bilan ajrashish uchun uning mashinasiga kannabis tashlab qo‘ygani aniqlandi
14:02 / 24.08.2024