O‘zbekiston | 10:46 / 23.12.2021
16320
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari tuman hokimi bo‘ldi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbarligidan Uychi tumani hokimligiga kelgan Muhammadzokir Mamatxonov bu lavozimida bir yil ham ishlamadi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Bugun, 23 dekabr kuni xalq deputatlari Uychi tuman kengashining navbatdan tashqari qirq to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Namangan viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirokidagi sessiyada tumanning yangi hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

Tumanning sobiq rahbari Muhammadzokir Mamatxonov salomatligi tufayli o‘z arizasiga ko‘ra tuman hokimi lavozimidan ozod etildi.

Namangan viloyati hokimining qarori hamda tuman kengashi deputatlari tasdig‘i bilan Shuhrat Musayev Uychi tumani hokimi etib tayinlandi. 

Shuhrat Musayev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”ni tuman kengashida taqdimot qildi. Sessiyada ko‘rilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shuhrat Musayev 1973 yilda Namangan viloyatining Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1996 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. 

Musayev 2017 yildan viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi lavozimida ishlagan, 2021 yil 24 fevralida Musoxon Apoqov o‘rniga viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Undan avvalroq, 19 fevral kuni Namangan shahrida xalq deputatlari viloyat kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Uychi tumani «to‘rtligi» ishdan olingandi. Prezident yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tufayli Uychi tumanining to‘rtta sektor rahbari - tumanga 2018 yil avgustidan buyon hokimlik qilib kelgan Muhammadayubxo‘ja Apaqov, shuningdek, tuman prokurori Ulug‘bek Nomanov, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Avazbek Xo‘jaxonov va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Adhamjon Mahmudovni ishdan olishga ko‘rsatma bergandi.

23 fevral kuni esa 2020 yilning yozidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i bo‘lgan Muhammadzokir Mamatxonov Uychi tumanining yangi rahbari sifatida tanishtirilgandi.

Mavzuga oid