Jahon | 17:48 / 04.01.2022
18158
2 daqiqa o‘qiladi

Mang‘istaudagi norozilik namoyishlariga Qozog‘istonning boshqa shaharlari aholisi ham qo‘shildi

Mang‘istau oblastida aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi 2 yanvardan beri norozilik mitinglari o‘tkazmoqda.

Foto: bureau.kz

Qozog‘istonning qator shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxi oshishiga qarshi Mang‘istau oblastida o‘tkazilayotgan noroziliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun aksiya o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Interfaks xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘psonli miting Aqtauda (Mang‘istau oblasti ma’muriy markazi) bo‘lib o‘tmoqda – bu yerda 16 mingga yaqin odam to‘plangan. Janao‘zandagi mitingda 10 mingga yaqin kishi ishtirok etmoqda.

Nursultonda Aqtaudagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun teleko‘prik tashkil etish talab qilingan. Politsiya bir necha kishini qo‘lga olgan.

Olmaotada Respublika maydoni yopib qo‘yilgan va shahar markazida mobil internet ishlamayapti.

Atirauda bir necha yuz kishi mitingga yig‘ilgan.

Bundan tashqari, Taraz, Chimkent va Ko‘kchatauda ham odamlar mitingga to‘plangani xabar qilinmoqda.

Mang‘istau oblastida 2 yanvardan beri aholi suyultirilgan gaz narxi oshirilganiga qarshi norozilik mitinglari o‘tkazmoqda.

3 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev respublika hukumatiga “Janao‘zandagi vaziyatni zudlik bilan ko‘rib chiqish” bo‘yicha topshiriq berganini ma’lum qilgan.

O‘z navbatida, vazirlar mahkamasi Mang‘istau oblastidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya tuzilganini va gaz narxini barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirgan.

Mavzuga oid