O‘zbekiston | 16:48 / 07.01.2022
9784
2 daqiqa o‘qiladi

Bir qator sudyalar intizomiy jazoga tortildi

Intizomiy javobgarlikka tortilganlar orasida Oliy sud sudyalari ham mavjud. Bu haqda Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Getty Images

Ma’lum qilinishicha, faoliyatida mas’uliyatsizlik va protsessual qonun normalari buzilishiga yo‘l qo‘yganligi uchun:

  • Oliy sud sudyasi Faxriddin Xalilov;
  • Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadaliyeva;
  • Farg‘ona viloyat sudi raisining o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Oybek Hasanov;
  • Toshkent viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Umid Rasulberdiyev;
  • Farg‘ona viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining raisi Ulug‘bek Oripovlar intizomiy jazoga tortilgan.

Eslatib o‘tamiz, Sanobar Mamadaliyeva 2019 yil oktyabr oyida, Faxriddin Xalilov 2021 yilning mart oyida 10 yillik muddatga Oliy sud sudyasi lavozimiga saylangan edi. Ayni damda har ikki sudya Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida faoliyat yuritib kelmoqda.

Oybek Hasanov 2021 yil fevralida Farg‘ona viloyat sudi raisining o‘rinbosari etib, Umid Rasulberdiyev 2021 yilning mart oyida Toshkent viloyat sudi raisining o‘rinbosari etib, Ulug‘bek Oripov 2021 yilning yanvar oyida Farg‘ona viloyati fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining raisi etib tayinlangan.

Avvalroq, sudyalik qasamyodini buzgani uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining sudyasi Gulnora Obidova, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi raisining o‘rinbosari hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudining raisi o‘z lavozimidan ozod etilgandi.

Mavzuga oid