Jahon | 09:05 / 09.01.2022
41782
3 daqiqa o‘qiladi

Nursulton Nazarboyevning qizi va kuyovi qanchaga «kambag‘allashgan»i ma’lum qilindi

To‘rt nafar mahalliy milliarder jami 3 milliard dollar yo‘qotgan. Ular orasida Nazarboyevning qizi va kuyovi - Dinara va Timur Qulibayevlar ham bor.

Foto: ZUMA PRESS / NEWSCOM

Qozog‘istondagi tartibsizliklar fonida to‘rt nafar mahalliy milliarder jami 3 milliard dollar yo‘qotdi, deb xabar bermoqda Forbes.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kaspi Bank direktorlar kengashi raisi Vyacheslav Kimning boyligi 1,4 milliard dollarga(5,7 milliard dollardan 4,2 milliard dollarga) kamaygan. Bunga bank aksiyalarining ikki kun ichida — 4 yanvardagi 188 dollardan 6 yanvarda 87 dollargacha pasayib ketgani sabab bo‘lgan.

Kaspi Bank bosh direktori, asli gruziyalik Mixail Lomtadzening boyligi ham 5,2 milliard dollardan 3,8 milliard dollarga kamaygan.

Nazarboyevning qizi Dinara Qulibayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Qulibayev jami 200 million dollarga «kambag‘allashgan». Er-xotin 4-6 yanvar kunlarida aksiyalari 16 foizga pasaygan Xalq bankining egasi hisoblanadi.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, har birining boyligi 3,1 milliard dollarga teng bo‘lgan er-xotin bankdagi asosiy ulushdan tashqari ko‘plab ko‘chmas mulklar va xususiy investitsiya portfeliga ham egalik qiladi.

Ma’lumot uchun, 1 yanvar kunidan hukumat suyultirilgan gaz narxini ikki baravarga — 60 tengedan 120 tengega (taxminan 1500 so‘mdan 3000 so‘mga) ko‘targandi.

2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mang‘istau oblasti Janao‘zen shahrida avtomobil egalari bundan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqishdi.

3 yanvar kuni hukumat namoyishchilar talablarini bajara olmasligini bildirdi — narxlarni avvalgi holatga qaytarish mumkin emasligi, chunki bu «bozor qonunlari»ga to‘g‘ri kelmasligini aytishdi.

Ko‘p o‘tmay, Aqtau oblasti markazida namoyishlar boshlandi, keyingi kunlarda namoyishlar to‘lqini Qozog‘istonning boshqa barcha yirik shaharlariga yoyildi. 

4 yanvar kuni hukumat komissiyasi gaz narxini 50 tengega tushirishni va’da qildi. Ammo namoyishlar to‘xtamadi. Ommaviy namoyishlar fonida hukumat iste’foga chiqdi.

Namoyishlar sabab o‘nlab insonlar halok bo‘ldi. Tartibsizliklar oqibatida yetkazilgan zarar 200 million dollarga baholanmoqda.

Mavzuga oid