Jahon | 09:54 / 17.01.2022
24701
3 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyevning uchinchi kuyovi ham ishdan ketdi

Timur Kuliboyev sobiq prezidentning o‘rtancha qizi Dinaraga uylangan. Bungacha Nazarboyevning kenja va katta qizining turmush o‘rtog‘i iste’foga chiqdi, ular yirik kompaniyalarni boshqargan.

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi Timur Kuliboyev «Atameken» milliy tadbirkorlar palatasi rahbari lavozimini tark etdi. Bu haqda uning palata saytida e’lon qilingan bayonotida aytiladi

«Bugundan boshlab men «Atameken» milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumining saylangan raisi lavozimini tark etishga qaror qildim», — dedi Kuliboyev. 

Murojaatda u o‘zining sakkiz yillik faoliyatini ham sarhisob qildi, xususan, shu vaqt ichida «biznes va hukumat o‘rtasida konstruktiv muloqot» yo‘lga qo‘yilgani, «qulay ishbilarmonlik muhiti» izchil shakllantirilganini ta’kidladi. 

Kuliboyev sobiq davlat rahbarining o‘rtancha qizi Dinaraga uylangan. Avvalroq Nazarboyevning yana ikki kuyovi - «KazTransOyl» AJ boshqaruvi raisi, sobiq prezidentning kenja qizi Aliyaga uylangan Dimash Do‘sanov va «QazaqGaz» Milliy kompaniyasi» AJ boshqaruvi raisi, Darig‘a Nazarboyevaning ikkinchi eri deb atalgan Qayrat Sharipboyev o‘z lavozimidan ayrilgandi. 

Ularning iste’foga chiqishi haqidagi xabar e’lon qilingan «Samruk-Kazina» davlat jamg‘armasi saytida buning sabablariga aniqlik kiritilmagan. Relizda faqatgina bunday qarorlar kompaniyalar direktorlar kengashlari tomonidan qabul qilingani aytilgan. 

11 yanvar kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘zidan oldingi prezident tufayli «mamlakatda hatto xalqaro standartlar bo‘yicha ham juda daromadli kompaniyalar guruhi va boylar qatlami paydo bo‘lgani»ni aytgandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ular uchun Qozog‘iston xalqiga «hurmat ko‘rsatish» va yordam berish vaqti keldi. To‘qayev «Qozog‘iston xalqiga» jamg‘armasini tashkil etishni taklif qildi, unga ma’lum bir ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalar muntazam ravishda badallar kiritadi. 

Yanvar oyi boshida To‘qayev Nazarboyevni respublika Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimidan chetlatdi, Elboshi prezidentlikdan ketganidan keyin ham bu lavozimni egallab kelgandi. To‘qayev norozilik namoyishlari fonida ko‘rilgan choralar yetarli emasligini tushuntirib, «iloji boricha qattiqqo‘l harakat qilishga» va’da berdi. 

Keyinroq Nazarboyevning vakili sobiq prezident tartibsizliklarga tezkorlik bilan javob qaytarish uchun Xavfsizlik kengashi rahbari lavozimini o‘zi tark etishga qaror qilgani to‘g‘risida xabar berdi. 

Mavzuga oid