Jahon | 14:17 / 27.01.2022
12406
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning Kiyevdagi elchixonasi amerikaliklarni Ukrainani zudlik bilan tark etishga chaqirdi

Foto: Anadolu Agency via Getty Images

AQShning Ukrainadagi elchixonasi Amerika fuqarolarini mamlakatdan chiqib ketishga chaqirdi. Diplomatik missiya saytida shu haqda xabar berilgan.

«Ukrainada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat, Rossiya tomonidan harakatlar xavfi o‘sib borayotgani inobatga olinsa, oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada qolmoqda va kelgusida vaziyat yanada yomonlashishi mumkin. AQSh elchixonasi Ukrainadagi AQSh fuqarolarini Ukrainani ayni vaqtda, tijoriy yoki shaxsiy transportdan foydalangan holda tark etishga chaqiradi», deyiladi elchixona xabarida.

Elchixona ayni vaqtda Ukrainaning barcha xalqaro aeroportlaridan uchib ketish imkoniyati mavjudligini qayd etgan.

Bir necha kun muqaddam AQSh Davlat departamenti Kiyevdagi elchixona xodimlarining bir qismi, shuningdek barcha diplomatlarning oila a’zolari evakuatsiya qilinishi haqida xabar bergandi. Bundan tashqari, Davlat departamenti AQSh fuqarolarini Ukrainaga safar qilishdan tiyilishga chaqirgandi.

  • Rossiya 2021 yil bahoridan buyon harbiylarni Ukraina chegaralari yaqinida to‘plamoqda. G‘arbdagilar bu yaqin vaqt ichida qo‘shni mamlakat hududiga harbiy bosqin bilan yakunlanishi mumkinligini kutishmoqda.
  • Mintaqada vaziyat keskinlashishi fonida G‘arb Rossiyaga qat’iy sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda, NATO davlatlari Sharqiy Yevropaga qo‘shimcha kuch tashlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
  • Rossiyadagilar Ukrainaga hujum qilmoqchi emasliklarini aytib kelishadi. Shu bilan birga, rasmiy Kiyevni Donbassga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rishda ayblashadi. 26 yanvar kuni «Yedinaya Rossiya» rahbariyati Rossiya prezidenti Vladimir Putindan tan olinmagan DXR va LXR respublikalarini qurol-yarog‘ bilan ta’minlashni boshlashga chaqirdi.

Mavzuga oid