O‘zbekiston | 18:39 / 28.01.2022
24827
2 daqiqa o‘qiladi

“Manzil”: O‘zbek-afg‘on-tojik chegarasidagi qishloq

O‘zbekistonning eng janubiy qismida joylashgan, bir tomoni Afg‘oniston, yana bir tomoni Tojikiston bilan chegaradosh Gulbahor qishlog‘idagi sokin va osuda hayot manzaralari - “Manzil”ning navbatdagi sonida tomosha qiling.

“Manzil” loyihasi Surxondaryo viloyatiga safari davomida Termiz tumanining Gulbahor qishlog‘ida bo‘ldi. Bu qishloq Afg‘oniston, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralari tutashgan hududda joylashgan.

Qishloq 1977 yilda cho‘l hududlarini o‘zlashtirish maqsadida tashkil etilib, avval Xotinrabot deb atalgan. Sharof Rashidov tashrifidan keyin qishloq nomi Gulbahor deb o‘zgartirilgan.

Qishloqda chorva boquvchilar ko‘p. Yaxshigina to‘qay, adirlar bunga sharoit yaratadi. Biz suhbatlashgan Parda Ro‘ziboyev 20 bosh qo‘ydan boshlagan ishi bugun 200 dan ortiq podaga aylandi. Dekabr–yanvar oylari – uning qo‘ylari qo‘zilaydigan payt.

Amudaryo yaqinligi sabab qishloq atrofi va to‘qayzorlarda qamish ko‘p o‘sadi. Yaqin yillargacha qamish hech kimga keraksiz narsa bo‘lgan, hozir esa u qishloqning katta qismiga pul olib kelyapti: qamishni DSP ishlab chiqaruvchilar sotib ola boshladi.

Abduvali Qilichov avvallari qish kunlarini bekorchilikda o‘tkazar edi. Qamishdan DSP qilish yo‘lga qo‘yilgani uning qishda ham bandligini ta’minladi.

Qishloqqa chegara va harbiy qism yaqin joylashgani ham bir tarafdan foyda keltiradi. Mahalladagi tikuv sexi asosan harbiylarga xizmat ko‘rsatadi.

Qo‘shning tinch – sen tinch. Qishloqqa kiraverishga bitilgan bu yozuv bejizga bunday qo‘yilmagan. Chunki daryoning narigi tarafi – 40 yildan oshiqroq vaqt o‘tibdiki, notinch. O‘tgan yili toliblar Afg‘onistonni egallagan paytda qishloq ahlida oz bo‘lsa-da qo‘rquv uyg‘ongan.

Lekin ko‘pchilikning fikri bitta: “Chegaralarimiz mustahkamligiga ishonamiz, shu sababdan xotirjam yashadik”, deydi ular.

Tohirjon Tursunov,
Boymirza Xalilov,
Kun.uz'ning “Manzil” loyihasi uchun maxsus.

Mavzuga oid