Jahon | 13:16 / 31.01.2022
29651
7 daqiqa o‘qiladi

Britaniya TIV: Putinning oligarxlari sanksiyalardan qochib qutula olmaydi

Forin-ofis rahbari Elizabet Trassning aytishicha, Buyuk Britaniya sanksiya to‘g‘risidagi qonunlarini shunday o‘zgartiradiki, sanksiyalarga duchor bo‘luvchi Kreml bilan aloqador shaxslar va aktivlar ro‘yxati kengayadi. London Vashington va Bryussel bilan Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumiga javoban yangi sanksiyalar tayyorlamoqda.

Britaniya TIV rahbari shu haftada avval Ukrainaga, keyin Rossiyaga bormoqchi / Getty Images 

Yakshanba kuni BBC bilan teleefirda qatnashgan Liz Trass yangi sanksiyalar Rossiyaning moliyaviy muassasalari, energetik kompaniyalari va Rossiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi istalgan firmalar va shaxslarni qamrab olishi mumkinligini aytdi.

«Hozirda sanksiyalar qonun bo‘yicha tor doiradagilarni qamraydi: biz faqat Ukrainadagi beqarorlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqador bo‘lgan kompaniyalarga qarshi sanksiya qo‘llay olamiz. Biz ko‘lamni kengaytirishni, Kreml manfaatlarini ifodalovchi va Rossiya rejimiga xizmat qiluvchi har qanday kompaniya sanksiya ostiga tushishini, Putin oligarxlari va Rossiya hukumati tomonidan qo‘llanadigan kompaniyalar hech qayerga qochib qutula olmasligini istaymiz», - degan Liz Trass boshqa bir intervyuda - Britaniyaning Sky News telekanali muxbiri bilan suhbatda.

«Hech qaysi istisno qilinmaydi», - degan Trass sanksiyalar «Putin oligarxlari»ning Londondagi ko‘chmas mulklariga ham taalluqli bo‘lishi mumkinligi borasidagi savolga javoban.

«Biz aynan kimga aynan qanday sanksiyalar qo‘llashimiz bo‘yicha tafsilotlarni bermoqchi emasmiz, ammo yangilanadigan qonunchilik bizga yanada kengroq maqsadlarga erishish imkonini beradi, shunday ekan, hech kimda sanksiyalardan immunitetga egalik haqida xayol bo‘lmaydi», - deya qo‘shimcha qilgan Britaniya TIV rahbari.

Trass dushanba kuni sanksiyalar haqidagi qonunning yangi loyihasini parlamentga taqdim etishi kutilmoqda.

BBC efirida Britaniyaning Ukrainaga bevosita yordami to‘g‘risida gapirar ekan, Liz Trass urush ro‘y bergan holda u yerga britan askarlari yuborilishi ehtimoli kamligi, ammo Buyuk Britaniya ukrainlarni qurollar va 20 ming ukrain askarini o‘qituvchi instruktorlar bilan ta’minlaganini qayd etgan.

«Ukrainlar kurashadi [...] Putin bu botqoqlikka botib qoladi», - degan Trass.

Shu bilan birga, vazir Buyuk Britaniya va ittifoqchilar Ukraina bilan birgalikda urushning oldini olish uchun harakat qilayotganini ta’kidlagan.

«Biz diplomatiya orqali uni [Putinni] ko‘ndirish [bostirib kirishdan] uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz», -degan Trass xonim BBC efirida.

Liz Trass shu hafta Ukrainaga tashrif buyurmoqchi ekanini aytgan.

«Qo‘llab-quvvatlov uchun keyingi haftada Ukrainaga qilajak safarimni intiqlik bilan kutmoqdaman», deya yozgan u tvitterida.

29 yanvar kuni Daily Telegraph gazetasi Liz Trass muallifligidagi maqola e’lon qilgan, unda Britaniya TIV rahbari Rossiyaning Ukrainaga qarshi kampaniyasi Yevropa xavfsizligining fundamental asoslariga putur yetkazayotgani, shu tufayli Britaniya Rossiya tomondan bo‘layotgan «aniq va real tahdid»ga qarshi turishi lozimligini ta’kidlagandi.

Trass Ukrainaga bostirib kirsa, Putin botqoqqa botishi, uning oligarxlari esa sanksiyalardan hech qayerga yashirina olmasligini va’da qildi 

Britaniya bosh vaziri Boris Jonson shu kunlarda britan armiyasi NATOning sharqiy qanotidagi o‘z kontingentini mustahkamlashi mumkinligini aytgandi.

Bu kontingent, u qadar katta emas: Estoniyada 900 askardan iborat ilg‘or batalon va Polshada 150 kishilik rota. Bundan tashqari, ayni paytda Ukrainada 100 nafar britan instruktorlari bo‘lib turibdi.

«Ular [Rossiya] o‘zini qanchalar tajovuzkor tutishsa, o‘z chegaralarida NATOning shuncha ko‘p qo‘shinini ko‘rishadi», - degan Liz Trass bilan birga BBC Sunday Morning dasturida chiqish qilgan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

Stoltenberg ham NATO davlatlari Ukrainaga harbiy qo‘shin yuborishni rejalashtirmayotganini bildirgan.

Bu vaqtda Vashingtonda...
Amerika senati Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilish arafasida, shu bilan birga, ikki nufuzli senatorning ma’lum qilishicha, ayrim choralar rossiyaliklar Ukrainaga bostirib kirmasidan ham joriy etilishi mumkin.

Senatning xalqaro munosabatlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi, demokrat Bob Menendes va shu qo‘mitadagi yuqori martabali respublikachi Jyeyms Rish senatorlar oldindagi haftada sanksiyalar bo‘yicha kelishuvga erishishiga umid bildirgan.

Bob Menendesning aytishicha, Rossiya shu vaqtgacha qilgan ishlarga javoban ayrim sanksiya choralari Ukrainaga bosqin ro‘y bermasa ham joriy etilishi mumkin.

«Aytishim mumkinki, biz chiziqdan bir yard beridamiz», - deya fikrini ifodalagan Menendes CNN uchun intervyusida Amerika futbolida darvoza juda yaqin ekanini anglatuvchi iborani qo‘llagan holda.

Menendes Senatdagi ikki partiya vakillari ham, agar Rossiya bostirib kirishga qaror qilsa, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi va Rossiyaga qarshi jazo choralari ko‘rishga tayyorligini bildirgan.

«O‘ylaymanki, shu haftada kelishuvga erishiladi», degan u sanksiyalar bo‘yicha yakuniy qaror qachon qabul qilinishi borasidagi savolga javoban.

Reuters xabariga ko‘ra, Senatda tayyorlanayotgan sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi Rossiyaning yetakchi banklari va Rossiyaning suveren qarziga qaratilgan. Bundan tashqari, unda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish haqida ham gap boradi.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, ayrim jazo choralari ehtimoliy intervensiyadan oldinroq kuchga kirishi ham mumkin - Rossiya shu vaqtgacha qilgan ishlar, jumladan Ukrainaga qarshi kiberhujum, «begona bayroq ostidagi amaliyot» va Ukraina hukumatini ichdan yemirishga bo‘lgan urinishlar tufayli.

Menendesning aytishicha, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, yanada qat’iyroq sanksiyalar qo‘llanadi, shu bilan birga, o‘limvor qurollar yetkazib berilishi har qanday holatda amalga oshiriladi.

  • Rossiya bir necha oydan buyon Ukraina chegaralari yaqinida qo‘shin to‘plamoqda. G‘arbdagilar Moskva harbiy yurishga tayyorlanayotganidan xavfsiramoqda va unga qarshi qat’iy sanksiyalar bilan tahdid qilmoqda. Kremldagilar Ukrainaga hujum qilmoqchi emasliklarini aytishmoqda. Ukrainadagi vaziyat keskinlashishi fonida Buyuk Britaniya, AQSh va Germaniya Kiyevdan diplomatlari va ularning oilalarini olib ketish haqida o‘ylamoqda.

Mavzuga oid