Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush bolalari: qo‘rquv va zo‘ravonliklar ularning ruhiyatida iz qoldiradi
Hozir Ukrainadagi 7,5 mln bolaning hayoti xavf ostida. Bu bolalar o‘z uylarini tashlab xavfsiz hududlarga ketishga, otalarini, akalarini urushga kuzatishga majbur bo‘lyapti. Eng yomoni, bolalarning ko‘z o‘ngida bo‘layotgan urush ularning hayotida chandiqlar qoldirishi mumkin.
Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganiga 5 kun bo‘ldi. Tinch aholi portlashlar tahdidi sabab ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalariga, metro stansiyalariga joylashtirildi. Hatto metroda chaqaloq dunyoga keldi. BMTning bir kun oldingi ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 422 ming tinch aholi o‘z uyini tashlab qo‘shni davlatlarga ketishga majbur bo‘lgan. 18-60 yoshli erkaklarga esa mamlakatni tark etish man qilindi.
Bolalar otalari, akalari urush xavfiga eng birinchi bo‘lib yuzma-yuz chiqayotganiga guvoh bo‘lishyapti. Bularning hammasi – yosh bolalar uchun qurol bilan yetkazilishi mumkin bo‘lgan jarohatdan kam bo‘lmagan ruhiy zarba bo‘lyapti.
YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada olib borilayotgan harbiy operatsiyalar 7,5 mln bolaning hayoti va sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. O‘z uyidan ko‘chirilgan, oilalari ajratilgan bolalar hozir qo‘rquv va shok holatida, eng yomoni, ular xavfsiz emas.
Ukraina sog‘liqni saqlash vazirligi 27 fevral holatiga ko‘ra, Rossiyaning hujumlari oqibatida 198 kishi, jumladan uch nafar bola halok bo‘lgani to‘g‘risida ma’lumot bergan.
Yerto‘laga ko‘chirilgan bemor bolalar
Ukrainadagi bolalar shifoxonasidagi kichik yoshli bemorlar bombapana sifatida tashkillashtirilgan kasalxonaning yerto‘lasiga ko‘chirilgan. Dekabrda muddatidan oldin tug‘ilgan Miya ham shu shifoxonada inkubatorda saqlanayotgan edi, hozir uni ham yerto‘laga joylashtirishgan.
“Qizim hali juda-juda kichik. Shu sabab hozirgi jarohatli kunlarni eslab qola olmasligidan xursandman”, deydi qizchaning onasi Natalya Tishchuk The Guardian nashriga telefon orqali bergan intervyusida.

Hozirgacha halok bo‘lgan bolalar orasida 4-sinf o‘quvchisi Polina ham bor edi. Uning akasi va singlisi esa shifoxonada. Halok bo‘lgan pushtirang sochli qizaloq Polinaning suratlari ijtimoiy tarmoqlarda aylanyapti.

O‘z bolalarini qoldirib, begonalarning bolasini xavfsiz joyga olib ketayotgan ona
Natalya Ableyeva Ukraina-Vengriya chegarasidan kesib o‘tishda o‘zining bolalarini urush xavfi ostidagi yurtida qoldirib, begona bolalarni olib o‘tdi. Natalya bir o‘g‘li va bir qizi bilan chegaradan o‘tolmay turgan 38 yoshli ukrain erkagini ko‘rib qoladi. 18-60 yoshli erkaklarga mamlakatni tark etish taqiqlangani uchun ota bolalarini Natalyaga topshiradi.
“Ota 2 bolasini menga ishonib qo‘limga topshirdi, hatto hujjatlarigacha berdi”, deydi Natalya. U bolalarni chegaradan oldinroq o‘tib olgan onasiga topshiradi.
/cloudfront-us-east-2.images.arcpublishing.com/reuters/FAXOK22GDRO4HJVPYRAFRT6MDU.jpg)
Natalyaning ikki bolasi esa Ukrainada qoldi: ularning biri politsiyachi, biri hamshira, ular xizmat vazifalarini bajaryapti.
Urushdan keyingi ruhiy buzilish
Bolalikda harbiy konfliktlarni boshidan o‘tkazgan bolalarning ruhiy salomatligi va rivojlanishida jiddiy xavf paydo bo‘ladi. Turli ko‘rinishdagi zo‘ravonliklarni ko‘rish, travmatik voqealarga guvoh bo‘lish va qo‘rquvni his qilish sabab ularda ruhiy buzilishlar kuzatiladi.
Masalan, Isroil–Falastin mojarolarida zarar ko‘rgan bolalar o‘rtasida olib borilgan tadqiqotlar ularning 68,9 foizida travma olingandan keyingi stress holati mavjudligini ko‘rsatgan. Yoki Suriya fuqarolar urushida jabrlangan bolalar o‘rtasidagi o‘rganishlar ularning 60,5 foizi kamida bitta psixologik buzilish muammolariga yo‘liqqanini aniqlagan.
Yashash joyini o‘zgartirish, otishmalar ovozlarini eshitish bolalarda uyqu buzilishi, qo‘rqinchli tushlar ko‘rishga moyillikni oshiradi.
Buning ta’sirida bolalar diqqat jamlay olmasliklari, o‘zlariga qiziqarli mashg‘ulotlardan doimgidek zavq olmay qo‘yishlari, do‘stlari, ota-onasidan ruhan uzoqlashish holatini boshdan o‘tkazishi mumkin.
Urush ko‘rgan bolalarda hushyorlikning ortib ketishi ham (ortiqcha asabiylik bilan namoyon bo‘ladi) kuzatiladi.
Rossiya–Ukraina urushi yaqin orada tugashi, davlatlardagi vaziyat sekinlik bilan yana o‘z oqimiga tushishi mumkin. Lekin minglab bolalarning ruhiy jarohatlari osonlikcha bitmaydi. Harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan ukrain va rus askarlari haqida ham shunday deyish mumkin.
Internet ma’lumotlari asosida
Zilola G‘aybullayeva tayyorladi
Mavzuga oid
13:21 / 28.05.2025
Yozgi oromgohlar uchun yo‘llanmani onlayn olish imkoni yaratildi
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025