O‘zbekiston | 22:27 / 15.03.2022
10985
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent bosh rejasining transportga oid qismi ustida ishlar boshlangani aytildi

Shahar hokimligidagi matbuot anjumanida mas’ullar Kun.uz muxbirining chala ta’mirlangan ko‘chalar va bosh reja yuzasidan berilgan savollariga javob berdi.

Toshkent shahar hokimligida poytaxtning Alisher Navoiy ko‘chasidagi keng ko‘lamli rekonstruksiya va Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi muammolar mavzusida matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman poytaxt ko‘chalari, transport o‘tkazuvchanligi, piyodalar uchun qulayliklar, jamoat transporti rivoji borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Kun.uz muxbiri mazkur imkoniyatdan foydalanib, matbuot anjumani so‘ngida Toshkentning muammoli ko‘chalari haqida mutaxassislardan izoh olishga harakat qildi. Jumladan, u rekonstruksiyadan chiqqaniga 1 yil bo‘lgan bo‘lsa-da hanuz to‘liq ishga tushirilmay, ta’mirtalab bo‘lib yotgan Ahmad Donish ko‘chasi, Farg‘ona yo‘li ko‘chasining uzviy davomi bo‘lmish Qo‘yliq dehqon bozori yonidagi yo‘l o‘tkazgich va Bektemir postigacha bo‘lgan qatnov qismi hamda Keles tumaniga olib boruvchi Olmazor tumanidan o‘tgan avtoyo‘ldagi muammolar va aro yo‘lda tashlab ketilgan ishlarga e’tibor qaratdi.

Poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev bu ko‘chalar bo‘yicha loyihalar yil oxirigacha ishlab chiqilishini aytdi.

“Biz Toshkent shahrida 23 ta asosiy “koridor” tanlab olganmiz. Bitta “koridor” bitta ko‘cha emas, bu bir necha ko‘chani o‘z ichiga oladi. Bu bo‘yicha xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda, loyihachilar tomonidan ishlar olib borilyapti; yil oxirigacha hamma loyihalari ishlab chiqilishi kerak. Siz aytgan ko‘chalar mana shu “koridorlar” doirasiga kiradi, ular ro‘yxatning eng yuqorisida turibdi.

Qayerda tirbandlik bo‘lyapti, qayerda transport oqimida muammolar kelib chiqyapti – biz turli vositalar, jumladan dronlar va kameralar yordamida mavjud vaziyatni o‘rgandik”, dedi Jo‘rayev.

YHXB yo‘l nazorat bo‘limi boshlig‘i Bahodir Musanazarovning qo‘shimcha qilishicha, avval Ahmad Donish ko‘chasini to‘liq ta’mirlab, foydalanishga topshirish, keyin “MegaPlanet” SKM yonidan Chimkent traktiga olib chiqadigan yo‘l va traktning o‘zi ham rekonstruksiya qilinishini aytdi.

Bahodir Musanazarov / Foto: KUN.UZ

“Bu ishlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Muddatlar borasida biror narsa deya olmayman, chunki aynan bu ko‘chalar bo‘yicha ma’lumot berishga aynan bu anjumanda tayyor emasmiz, bu borada sizga alohida ma’lumot beramiz”, deyishdi mas’ullar.

Raqamli rivojlanish departamenti rahbari birinchi o‘rinbosari Aleksey Xen muhokamaga qo‘shilarkan, shaharning geoinformatsion tizimi haqida gapirdi.

“Biz Toshkent shahrining geoinformatsion tizimi haqida ma’lumot bermoqchimiz. Hozircha bu ichki foydalanish uchun. Ma’lum vaqt o‘tgach bu tizimdan istalgan odam foydalanishi mumkin bo‘ladi. Aholiga bu tizim orqali shahardagi jarayonlar – qurilishlar, rekonstruksiyalar, ta’mirlashlar, uy-joylar qurilishlari, liftlar ta’miri, tomlar, yerto‘lalar ta’miri va boshqa ma’lumotlarni olishingiz, ko‘rishingiz, kuzatishingiz imkoniyati yaratiladi. Har bir loyiha yoki boshlangan ishning boshlanish va yakunlanish muddatlari haqida ham ma’lumotlar shu tizim orqali aholiga yetkazib boriladi”, dedi Aleksey Xen.

Aleksey Xen / Foto: KUN.UZ

Transport vazirligi transport va logistikani rivojlantirish muammolari tadqiqot markazi direktori Murod Obidovga ko‘ra, rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman memorandum asosida hamkorlikka jalb qilingan.

“Arkadiy Gershman bilan memorandum imzolaganmiz. Mutaxassis bizga shaharni qulaylashtirish va ko‘chalarni rekonstruksiya qilishda o‘z ekspertlik maslahatlari bilan yordam beradi. Bu birgina Navoiy ko‘chasi bo‘yicha emas, keyinchalik boshqa ko‘chalar bo‘yicha ham undan kerakli maslahatlar olamiz. Shuningdek, biz boshqa ekspertlar, tashkilotlar bilan ham muzokaralar olib boryapmiz”, – dedi Obidov.

Transport vazirligi mulozimi Kun.uz muxbiri savoliga javoban uzoq yillardan beri kechikib kelayotgan masala – shahar bosh rejasi haqida ham to‘xtaldi.

“Shu yildan shahar bosh rejasining transport qismi bo‘lmish transport rejalashtirish tizimi (“transportniy genplan”) ustidagi ishlarning ma’lum bir qatlamini shakllantirganmiz. Ya’ni bosh rejaning transportga bog‘liq qismini. Umumiy qurilish bo‘yicha javob bera olmayman”, – dedi u.

Murod Obidov / Foto: KUN.UZ

Obidovga ko‘ra, ayni paytda Toshkent transport tizimiga eng katta yuklama beradigan nuqtalardagi yuklamaning hozirgi va kelgusidagi darajalarini hisobga olgan holda, transport makromodeli ishlab chiqilyapti.

“Bizning mana shu instrument [makromodel – tahr.] yordamida shaharda qanaqa qurilish bo‘lishidan qat’i nazar transport tarmog‘iga tushadigan yuklamani hisoblab, matematik modelda tahlil qilish imkoniyatimiz bo‘ladi. Shunga qarab rejalarimizni korrektirovka qilib boramiz.

Hozir umumiy transportga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondirish va uni baholash imkoniyatini beradigan makromodel ishlab chiqilyapti”, – ta’kidladi vazirlik rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri hokimligi oldiga qo‘yilgan yangi muhlat – 2022 yil oxiri. Hokimlik shu vaqtgacha shahar bosh rejasini ishlab chiqib hukumatga kiritishi lozim.

Mavzuga oid