Jahon | 19:50 / 26.03.2022
31518
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden Polshada Ukraina hukumati vakillari bilan uchrashdi

AQSh prezidenti Jo Baydenning Yevropaga safari davom etmoqda. AQSh yetakchisi bugun, 26 mart kuni Polshada Ukraina hukumati vakillari bilan uchrashdi.

Foto: BBC

Polsha poytaxti Varshavada Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba, mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken hamda Pentagon rahbari Lloyd Ostin ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan.

«Prezident Bayden Ukrainada bo‘layotgan voqealar XXI asr tarixini o‘zgartirishini aytdi. Bu o‘zgarishlar Ukraina foydasiga, demokratik dunyo foydasiga hal bo‘lishi uchun birgalikda harakat qilamiz», dedi uchrashuvdan keyin Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba.

Oq uy rasmiy vakilining xabar berishicha, Bayden butun dunyoni Ukrainani qo‘llash, Rossiyani esa demokratik prinsiplarga qarshi urush ochgani uchun javobgarlikka tortishga chorlab nutq so‘zlaydi. AQSh prezidenti uch kundan buyon Yevropada bo‘lib turibdi. Bayden «Katta yettilik» davlatlari yig‘ilishida va NATO majlisida qatnashishga ulgurdi. Uning Yevropaga safaridan asosiy maqsad ham G‘arbning Ukrainani qo‘llash uchun harakatlarini muvofiqlashtirishdan iborat edi.

Bayden Polshadagi ukrainalik qochoqlar lageriga ham borishni maqsad qilgan. Oldinroq Ukraina chegarasi yaqinidagi harbiy bazaga borgan Bayden AQSh Ukraina bilan birga ekanini ko‘rsatish uchun Polshaga kelganini aytgandi.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid