O‘zbekiston | 09:43 / 02.04.2022
9202
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda maktab ta’miriga ajratilgan mablag‘ning bir qismini o‘zlashtirgan mansabdorlar ushlandi

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament 6ta hududda firibgarlik holatlariga chek qo‘ydi.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, DXX Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi va departament xodimlari hamkorligida tekshiruvlar o‘tkazilgan. Unda Amudaryo tumani xalq ta’limi bo‘limi hamda qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi 2 ta MChJ mansabdor shaxslari o‘zaro til biriktirib, tumandagi maktablardan birining o‘quv binolarini ta’mirlash uchun ajratilgan jami 1 mlrd 235 mln so‘m pul mablag‘ining 177,6 mln so‘mini talon-toroj qilgani aniqlangan. Ular hisob-fakturalarga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritish orqali noqonuniy o‘zlashtirgan.

Shuningdek, Amudaryo tumanidagi maktab o‘qituvchisi o‘z hamkasbining ishonchiga kirib, tanishlari orqali unga malaka toifasi olish bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazib berishni va’da qilgan. U xizmati evaziga 600 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining direktori esa fuqaroni o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda bir shaxs 2 nafar fuqaroni poytaxtdagi nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan biriga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 24 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan.

Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan shaxs boshqa bir fuqaroni hokimiyat idoralarida ishlovchi tanishlari orqali “ayollar daftari”ga kiritib, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylardan 3 xonali xonadon sotib olishi uchun subsidiya olishida yordam berishini aytgan. U evaziga 400 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid