Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
3 yildan beri pul o‘rniga va’da olib kelayotgan tadbirkorlar
Termiz shahridagi do‘konlari 2019 yilda “snos”ga tushgan ota-bola tadbirkorlar 3 yildirki, kelishilgan pulni ololmay sarson bo‘lmoqda.
Tahririyatga murojaat qilgan termizlik tadbirkor Safarbek Odinayev va uning otasi Hayitqul Azimovga tegishli bo‘lgan, Termiz “Markaziy dehqon bozori” MChJ hududida joylashgan 2ta do‘kon Termiz shahri hokimining 2018 yil 23 apreldagi qarori asosida 2019 yil may oyida buzilgan.
Ikkala do‘kon egalari hamda Termiz shahri hokimligi o‘rtasida 2019 yil 23 may kuni tuzilgan kelishuv bitimlariga ko‘ra, shahar hokimligi 30 kun ichida do‘konlarning har biriga salkam 100 mln so‘mdan kompensatsiya pulini to‘lab berish va shahar hududidan noturar joy sifatida 55 kv metrdan yer maydoni ajratib berish majburiyatini olgan.


Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, ularga kelishilgan yer maydonlari ajratib berilgan, biroq 200 mln so‘mga yaqin kompensatsiya pulini to‘lab berish 3 yildan beri paysalga solib kelinmoqda.
2020 yil 5 va 13 noyabr kunlari chiqarilgan hal qiluv qarorlarida ikkala do‘kon uchun 200 mln so‘mga yaqin pul to‘lab berish majburiyati hokimlikka yuklangan. Ammo sud qarorlari ham ijro etilmay kelinmoqda.


“Uch yildan beri shu pulga qarab qolganmiz. Buzilgan do‘konimiz o‘rniga do‘kon ham qurolmayapmiz. Viloyat hokimi qabuliga kirganimizda pul to‘lab berish haqida shahar hokimligiga ko‘rsatma bergan. Biroq, shahar hokimligi “ana to‘laymiz, mana to‘laymiz, keyingi oyda tashlaymiz” deb cho‘zib yurishibdi”, – deydi Safarbek Odinayev.
Murojaat yuzasidan Termiz shahri hokimligi matbuot kotibi Odil Xudoyqulov bilan bog‘langanimizda, u hokimlikning “snos”dan qarzdorligi mavjudligini tasdiqladi va mazkur qarzdorlik shu yilning aprel oyida budjetning orttirib bajarilgan qismidan to‘lab berilishini aytdi.
“Hokimning birinchi o‘rinbosari bilan tadbirkorlarning murojaati bo‘yicha gaplashib oldim, kompensatsiya aprel oyida budjetning orttirib bajarilgan qismidan to‘lab berilishini ma’lum qildilar.
Vaqtida do‘kon egalariga quruvchi tashkilot hisobidan kompensatsiya olishni taklif etganmiz. Bu taklifga ko‘ngan ko‘pchilik do‘kon egalari hozirda quruvchi tashkilot hisobidan kompensatsiya olib bo‘lgan.
Ammo ba’zi tadbirkorlar pulni hokimlik to‘lab berishini xohlashgan. Hokimlikda esa ortiqcha mablag‘ bo‘lmagani sababli kompensatsiya to‘lash kechikib ketmoqda”, – dedi hokimlik matbuot kotibi.
Hokimlik va’dasini bajarib, aprel oyida tadbirkorlarga kompensatsiyani to‘lab beradimi yoki bu tadbirkorlar aytganiday navbatdagi vaqt cho‘zishmi, bularning hammasini vaqt ko‘rsatadi.
Abbos Salaydinov
Mavzuga oid
16:38 / 10.04.2025
Harbiy xizmatchilarga turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan kompensatsiya miqdori oshirildi
14:59 / 10.04.2025
Toshkentda kasb kasaliga chalinib, mehnat huquqlari buzilgan o‘qituvchiga 337 mln so‘m undirib berildi
11:30 / 12.03.2025
Yaponiyada davlat xizmatchilari ishga besh daqiqa oldin kelishga majburlangani uchun 67 ming dollar kompensatsiya oldi
11:49 / 01.03.2025