O‘zbekiston | 08:12 / 08.04.2022
4893
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda futbol akademiyasi tashkil etiladi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining «Jizzax viloyatida futbolni yanada rivojlantirish va ommalashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan «So‘g‘diyona» va «So‘g‘diyona Vumen» professional futbol klublari huzurida futbol akademiyasini tashkil etish nazarda tutilgan.

Akademiya faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilidan boshlaydi, bunda o‘quv jarayoni unga eng yaqin masofada joylashgan umumta’lim maktablarida tashkil etiladi.

Quyidagilar akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • yosh istiqbolli sportchilarni tanlab olish va tarbiyalash masalalari bo‘yicha bolalar-o‘smirlar sport maktablari, futbol mahorat maktablari, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlari bilan uzluksiz hamkorlikni amalga oshirish, ularga o‘quv-uslubiy va me’yoriy-axborot yordami ko‘rsatishni ta’minlash;
  • zarur sport anjomlari va uskunalari bilan jihozlangan o‘quv-mashg‘ulot bazalarini yaratish;
  • akademiya bazasida milliy terma jamoalari va ularning zaxiralari ishtirokida o‘quv-mashq yig‘inlari, respublika va mintaqaviy sport bellashuvlarini tashkil etish hamda muntazam ravishda o‘tkazib borish;
  • Yevropa futbol jamoalari, futbol maktablari, akademiyalari va klublari bilan tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish.

Akademiya qobiliyatli yosh futbolchilarni tanlab olish va tayyorlashga yo‘naltirilgan nodavlat sport ta’lim tashkiloti hisoblanadi.

Akademiyaning umumiy kontingenti 168 nafar o‘quvchini tashkil etadi, har yili tanlov asosida 24 nafar qobiliyatli futbolchilar qabul qilinadi.

Akademiyada o‘qish muddati 7 yilni tashkil etadi, o‘qish yakunlanganidan so‘ng attestat beriladi. Bitiruvchilarga olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarida keyingi maxsus, kasb-hunar ta’limi berilishi ta’minlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid