Xorijdan veterinariya sohasidagi mutaxassis yollashga ehtiyoj yo‘q
Bu haqda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rektori Xudoynazar Yunusov ma’lum qildi.
Muxtasar fikrini bayon etgan rektor yana quyidagilarga ham to‘xtalib o‘tdi.
– Prezidentimizning “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti maqomini oldi.
Mazkur qaror bilan universitet zimmasiga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish vazifasi yuklatildi.
Veterinariya mutaxassislari Xalqaro epizootik byuro standartlari bo‘yicha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda tayyorlanishi zarur. Biz ayni kunda AQShning Minnesota universiteti bilan yangi o‘quv dasturlari va rejalarimizni muvofiqlashtiryapmiz. Yaqinda delegatsiyamiz AQShda safarda bo‘lib, ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Joriy o‘quv yilidan bizda ham 5 yillik ta’lim tizimi joriy etiladi.
Mazkur qaror soha mutaxassislari, mas’ul mutasaddilar zimmasiga shunchaki vakolat emas, balki katta mas’uliyat yuklaydi. Mintaqadagi tayanch oliy ta’lim muassasasi oldidagi vazifalar yanada kengayadi deb aytish mumkin.
Joriy yilda birinchi qaldirg‘ochlarimiz bakalavriat ta’lim yo‘nalishini bitiradi va ularga universitet diplomi beriladi. Ta’kidlash kerak, ayni paytda ham ta’lim muassasasi tayyorlayotgan yosh mutaxassislar mamlakatimizning turli hududlaridagi xo‘jaliklarda faoliyat yuritmoqda.
Misol uchun, institutning ana shunday mutaxassisi G‘anijon Bekboyev Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro agroklaster chorva” MChJda bosh veterinariya vrachi lavozimida ishlayapti. Oyiga 1,5 ming AQSh dollari miqdorida maosh oladi.
U kabi yoshlar boshqa viloyatlarimizda ham ko‘p. Xorijdan katta pul evaziga mutaxassis yollashga hojat yo‘q!
Raqobatbardosh mutaxassislarni o‘zimizda tayyorlayapmiz!
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati Ⓣ
Mavzuga oid
15:30 / 28.03.2022
O‘zbekiston chorvachilik tarmog‘iga Yevropa Ittifoqi grant mablag‘i ajratadi
20:00 / 20.12.2021
Veterinariya va chorvachilik tarmog‘ida yapon loyihalari amalga oshiriladi
15:30 / 10.12.2021
Veterinariya va chorvachilik tarmoqlariga Hindiston texnologiyasi va innovatsiyalari jalb etiladi
12:00 / 29.11.2021