O‘zbekiston | 17:13 / 11.04.2022
3623
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda maktab o‘quvchisi cho‘kayotgan ayolning qutqarilishiga sabab bo‘ldi

Foto: Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati

Urganch shahridagi 9-son umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Jamshidbek Ahmedov suvga cho‘kayotgan ayolning qutqarilishiga sababchi bo‘ldi.

U darsdan keyin uyga qaytayotganida, Shovot kanalida suvga cho‘kayotgan ayolni ko‘rib qolgan. Jamshidbek uni qutqarishga harakat qilgan, biroq to‘lqin ayolni katta kanal o‘rtasiga tortgan. Shundan so‘ng, u odamlarni yordamga chaqirgan, ammo hech kim uning ovozini eshitmagan.

Jamshidbek vaqtni boy bermasdan shu yaqin oradagi choyxonaga kirib, hodisa haqida odamlarga xabar bergan. Keyin Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari yetib kelib, ayolni suvdan olib chiqib, birinchi yordamni ko‘rsatishgan va shifoxonaga yotqizishgan. Bugungi kunda ayolning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda. 

9-son umumiy o‘rta ta’lim maktabida Jamshidbekning qahramonligiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazilib, Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tashakkurnoma va sovg‘a bilan taqdirlangan.

Mavzuga oid