Jahon | 10:38 / 15.04.2022
60274
4 daqiqa o‘qiladi

RF mudofaa vazirligi: «Moskva» kreyseri cho‘kib ketdi

Foto: Getty Images

Rossiyaning korpusi portlash va yong‘indan shikastlangan «Moskva» raketa kreyseri shatakka olib portga olib ketilish vaqtida cho‘kib ketdi. Bu haqda RF mudofaa vazirligi xabar bermoqda.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, kema bo‘ronli dengiz sharoitida o‘zining barqarorligini yo‘qotgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, kreyser ekipaji hududdagi Rossiya Qora dengiz floti kemalariga evakuatsiya qilingan.

13 aprel kuni Ukraina nashrlari va siyosatchilar Qora dengiz floti flagmani bo‘lgan «Moskva» kreyseriga Ukrainada ishlab chiqarilgan «Neptun» rusumli qanotli raketalar bilan zarba berilganini ma’lum qildi. Keyinroq RF mudofaa vazirligi kreyserda yong‘in boshlagani va natijada o‘q-dorilar portlagani haqida ma’lum qildi. Vazirlik yong‘in sababini ma’lum qilmadi.

14 aprel kuni kunduzi RF mudofaa vazirligi kreyserdagi yong‘in o‘chirilgani va korabl shatakka olinib, portga olib ketilayotganini ma’lum qildi. Kreyser ekipajidagi jabrlanuvchilar yoki halok bo‘lganlar haqida ma’lumot keltirilmadi.

«Moskva» raketa kreyseri 1976 yilda qurilgan, 2000 yilda Qora dengiz floti flagmaniga aylangandi. Ukraina nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk kunlarida «Moskva» kreyseri Odessa oblasti hududidagi Zmeyniy orolini egallash uchun amaliyotda qatnashgan va «Russkiy voyennyy korabl, idi *****!» iborasi aynan shu kema bilan bog‘liq edi.

«Moskva»ning safdan chiqishining qanday oqibatlari bor?

Kreyserning vazifalaridan biri butun flot kuchlarini havo hujumlaridan muhofaza qilish bo‘lgan: korabl bortida uzoq masofadagi nishonlarni yo‘q qila oluvchi S-300 «Fort» havo hujumidan mudofaa tizimlari joylashtirilgandi.

«Moskva» kreyseri safdan chiqishi Ukrainadagi urushga jalb etilgan flot kuchlarining havo hujumlaridan himoyalanishini sezilarli darajada zaiflashtirishi mumkin. «Moskva» «Atlanta» loyihasiga mansub bo‘lgan, hamon xizmatda qolayotgan kam sonli kemalardan biri edi (shuningdek, Tinch okeani floti flagmani «Varyag» va Shimoliy okean flotidagi «Ustinov» bor), u «Neptun» kabi pastlab uchuvchi kemaga qarshi raketalarni payqay oladigan yangi radarlar bilan jihozlanmagandi. 

«Moskva» Rossiya harbiy-dengiz kuchlarida eng kuchli qurollarga ega ikkinchi kreyser hisoblanardi (eng qudratlisi Shimoliy flotdagi «Pyotr Velikiy» atom raketa kreyseri hisoblanadi). Uning qiymati 750 mln dollarni tashkil etgan.

«Moskva»ning suv sig‘imi 9800-11300 tonnani tashkil etgan. Bu dunyoda 1982 yildan keyingi eng yirik flot yo‘qotishi bo‘ldi. Rossiya uchun esa Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng yirik yo‘qotish - urushda nemislar samolyoti hujumi oqibatida «Marat» linkori safdan chiqqandi.

Mavzuga oid