Dardga shifo idishlar, «xolodilnik» sopol xumlar – Xorazmdagi kulolchilik markazidan fotoreportaj
Xorazmdagi kulolchilik markazi kulollar sulolasini birlashtirgani va usta-kulollarning qiziq hikoyalari bilan diqqatga sazovor joy. Kun.uz muxbiri kulolchilik markazidan fotoreportaj tayyorladi.
18-19 aprel kunlari Turizm va madaniy meros vazirligi, madaniy meros agentligi hamda Xorazm viloyati hokimligi jurnalistlar uchun Xorazm viloyatiga infotur tashkil qildi. Kun.uz muxbiri Xorazmning Yangiariq tumanida joylashgan kulolchilik markazidan fotoreportaj tayyorladi.
XX asr boshlaridan bugungacha Xorazmda Ko‘hna Urganch (marhum Eshmurot usta), Xiva, Madir (Xonqa yaqinidagi qishloq) va Kattabog‘ (Yangiariq) kulollar maktabi faoliyat ko‘rsatadi. Yangiariq tumanidagi kulolchilik markazi kulollarning bir necha avlodini birlashtirgani, qo‘l mehnati bilan oila tebratayotgan ustalarning kulolchilik haqidagi qiziq hikoyalari bilan diqqatga sazovor joy.
Kulolchilik markazi 2020 yil may oyida ochilgan. Markazda kulollar oilaviy ishlab ro‘zg‘or tebratadi. Yangiariq tumanining Kattabog‘ qishlog‘ida ilgari kulollar oilasi yashagan. Hozir bu yerda kulolchilarning 6-7-avlodlari faoliyat yuritadi.
Avvaldan mahalliy aholi orasida kulolchilik idishlariga ehtiyoj katta bo‘lgan. Hozir ular mahalliy bozorlarda sotiladi. Bundan tashqari, zangori kulolchilik idishlari eksport ham qilinadi. Sopol idishlar Xiva, Urganch, Hazoraspga olib chiqib sotiladi, shuningdek, bu yerdagi kulollar xorij va O‘zbekistondan buyurtmalar oladi.
“Bizning kulolchiligimiz oddiy xalq uchun. Oddiy xalq orasida sopol idishlar ishlatiladi. Xorazmda to‘ylar katta bo‘ladi, to‘ylarga biz 200-300ta idishlar tayyorlab beramiz.To‘y egalari to‘ydan keyin idishlarni kam ta’minlangan oilalarga, mahallaga beradi”, – deydi usta kulol Ro‘zmat Shermatov.
Ustalar idish yasash uchun qizil tuproqni Qoraqalpoq hududidagi Sulton Uvays tog‘idan olib keladi. Ayrim idishlar oddiy qishloq tuprog‘idan yasaladi. Tayyor milliy sopol idishlarning narxi 4-5 ming, eng qimmati 10 ming so‘m turadi.
Zangori kulolchilik idishlari oddiy tuproqdan yasalgan milliy sopol idishlardan 10 barobar qimmatroq. Chunki ularni tayyorlash uchun kulollar tog‘dan qizil tuproq olib keladi, ko‘proq ishlov beradi. O‘z navbatida, zangori va oddiy sopollar sifat jihatidan ham farqlanadi.
Ustalarning aytishicha, kasal odamlar – qon bosimi yuqori bo‘lgan bemorlarga sopol xumlarda ovqat pishirib berilsa, shifo bo‘ladi. Bu idishlarni ko‘pincha betob yotganlar sotib oladi.
Xumlarda go‘sht bir yilgacha buzilmaydi, pomidor yopilsa 2 yilgacha sifati saqlanadi. Chunki xumlar mahsulotlarni muzdek saqlaydi. Bu idishlar o‘ziga xos muzlatkich vazifasini o‘taydi. Hajmi va shakliga qarab xumlar har xil mahsulotlar uchun mo‘ljallangan.
“Milliy kulolchilik idishlariga gullarni qo‘lda chizamiz. Bizda hech qanday andoza yo‘q. Gul tushirishda mijozning xohishi va o‘zimizning g‘oyalarimizdan kelib chiqib ijodiy yondashamiz. Shu ishim ortidan oyiga 8-10 million so‘m daromad qilaman”, – deydi kulol Odamboy Odamboyev.
Ustalar sopol idishlarning yasalish bosqichini shunday tushuntiradi: avval loy qilinadi (oyoqda tepib), keyin angok (idishning sirti oqartiriladi) qilinadi. Naqsh chizilgach, bo‘yalib, idishga sirt beriladi.
Kulol Bahodir Otajonov turli milliy bezaklar tushirilgan ko‘zalar va koshinlar yasash bilan shug‘ullanadi.
“10 kvadratlik ishni 5-6 kunda tugatamiz. Xumdonda loyni pishirib olish ishning eng qiyin qismi. Shuncha mehnat qilib, xumdonda to‘g‘ri pishirilmasa, ish o‘xshamaydi. O‘tning haroratini bilish muhim”, – deydi usta.
Bunday idishlar ustalar tomonidan buyurtma asosida tayyorlanadi. Idish angok qilingach (oqartirilgach), andoza bilan qo‘lda naqsh chiziladi. Bitta ko‘zaga naqsh chizish uchun usta 4-5 kun vaqtini sarflaydi
Yangiariqdagi bu markaz kulolchilik bo‘yicha yangi “turizm qishlog‘i” deb ham ataladi. Bu yerga turistlar ham kelib turadi, obektda xorijliklar uchun kulolchilik tarixini aks ettiruvchi muzey ham bor
Madina Ochilova Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:50 / 28.10.2024
Xorazmda ayrim loyihalar uchun Polsha texnologiya va investitsiyalari jalb qilinadi
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
18:40 / 18.09.2024