O‘zbekiston | 07:46 / 06.05.2022
8259
3 daqiqa o‘qiladi

Qibrayda qishloq xo‘jaligi yerlarida qurilish ishlarini amalga oshirgan shaxslar aniqlandi

Foto: Bosh prokuratura

Yer talon-toroj qilinishi bilan bog‘liq navbatdagi jinoyat fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda

Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan Qibray tumanida yer qonunchiligiga rioya etilishi o‘rganildi. Unda quyidagi qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.

Jumladan, “S. I.” MChJ va “D.M.” XK norasmiy rahbari B.I. va rahbari F.K. tomonidan “S. I.” MChJ balansidagi Qibray tumani, Salar massivi, “Bobur” MFY hududida 66,02 ball bonitetli 1,0 gektar yer uchastkasidagi issiqxonani qayta rekonstruksiya qilishga ruxsatnoma olib, qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer uchastkasida qurilish ishlarini boshlab, sug‘oriladigan ekin yer maydonini muomaladan chiqarib 1 029 mln so‘m miqdorda zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, F.K. bir vaqtning o‘zida “S.I.” MChJ va “D.M.” XK rahbari bo‘la turib, ushbu jamiyatlarning norasmiy rahbari B.I. bilan birgalikda “Agrokimyohimoyaservis” MChJ balansidagi, 2021 yilda auksion savdolari orqali “D.M.” XKga sotib yuborilgan, Qibray tumani, “Bobur” MFY hududidagi qishloq xo‘jaligi xaritasining 2393 konturida 66,02 ball bonitetli 4,13 gektar sug‘oriladigan yer uchastkasining 0,75 gektar qismida qurilish ishlarini boshlab 774 mln so‘m miqdorda zarar yetkazgan.  

Mazkur holat yuzasidan “S.I.” MChJ va “D.M.” XK rahbari F.K., norasmiy rahbari B.I. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Bundan oldin Nurafshon shahri, Qibray, Karmana va Samarqand tumanlarida yer sotish bilan bog‘liq holatlarning oldi olingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid