Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, munosabatlar, yordam va sanksiyalar
Ukrainada Rossiya armiyasi bilan ikki oydan ziyod davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar va urush atrofidagi voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.
Ukraina tomonining bayonotlari
Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatnomasida Rossiya urush davomida Ukrainaga qarshi 2000 dan ziyod raketa ishlatganini bildirib o‘tdi.
«Yana osmonimizda 2682 marta Rossiya jangovar samolyotlari parvoz qilgani qayd etildi. Bunday «uchib kelish»larning har biri — odamlarimizning o‘limi, infratuzilmamizning vayron bo‘lishi bilan yakun topgan. Agar birgina tibbiyot infratuzilmasini olsak, bugungi kunga kelib Rossiya qo‘shinlari 400 ga yaqin sog‘liqni saqlash muassasalarini yo‘q qilgan yoki ularga zarar yetkazgan.
Rossiya Ukraina va Yevropa boshiga shunday muammolarni olib keldiki, bir bir necha oy avval ularni hatto tasavvur ham qilmagandik. Bu saraton bilan kasallanganlarni davolash butunlay yo‘q bo‘ldi degani. Bu qandli diabet bilan og‘riganlar insulinga mutlaqo yetisha olmasligi yoki uni katta qiyinchilik bilan topishi degani. Bu jarrohlik operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati yo‘qotilgani... Bu hattoki oddiy antibiotiklar yetishmasligi! Mana shular Rossiya okkupatsiyasining tuprog‘imizning bir qismi, odamlarimizning bir qismiga yetkazgan oqibatlari va biz ularni bosqinchilardan ozod qilishimiz kerak», — degan Zelenskiy.
Zelenskiy mamlakatni qo‘llab-quvvatlash uchun xayriyalar yig‘ishga mo‘ljallangan United24 onlayn-platformasi ishga tushganini e’lon qildi. Xayriyalar uch yo‘nalish bo‘yicha yig‘iladi: mudofaa va Ukraina hududini minalardan tozalash, gumanitar va tibbiy yordam, shuningdek, mamlakatni tiklash uchun.
Bugun tunda Mariupoldan 344 nafar qochqin Zaporojyega yetib kelgan. Ular asosan ayollar, bolalar va qariyalardan iborat, degan Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Irina Vereshchuk. Evakuatsiya BMT va Qizil Xoch tashkiloti ko‘magida gumanitar koridor bo‘ylab amalga oshirilgan. Ular «Azovstal» hududidan evakuatsiya qilish uchun ham gumanitar karvon jo‘natgan.
Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Dushmanning 11 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
- 8 ta tank, 11 ta harbiy zirhli texnika, 5 ta avtomobil yo‘q qilingan.
- Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 7 ta «Orlan-10 tipidagi pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.
Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:
- Rossiya aviatsiyasining 1 ta samolyoti (taxminan Su-30 qiruvchi samolyoti), «Orlan-10» tipidagi 14 ta pilotsiz uchar qurilma urib tushirilgan.
«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:
- Rossiya qo‘shinlari uyushtirgan ikkita hujum bartaraf etilgan. Dushmanning yo‘qotishlari: 32 nafar shaxsiy tarkib, 2 ta tank, 2 ta piyodalar zirhli mashinasi (BMP), 1 ta zirhli transportyor (BTR), 1 ta jangovar zirhli mashina, 1 ta artilleriya nuqtasi, 2 ta pilotsiz uchar qurilma.
Rossiya tomonining bayonotlari
Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Ukraina atrofida bo‘layotgan voqealarning avvaldan Moskvaga qarshi iqtisodiy urushga tayyorlanib kelgan kollektiv G‘arbning Rossiyaga qarshi proksi urushi deb atadi.
«Ukrainadagi bugungi voqealar sizlar o‘ylagandek urush emas. Bu kollektiv G‘arbning Rossiyaga qarshi proksi-urushi. Rossiyaga qarshi repressiya maxoviklarini ishga solish uchun sizlar xuddi bu onlarni orziqib kutgandek.
Agar jahon urushi haqida gapiradigan bo‘lsam, bugun u iqtisodiy sohada kechayotgani shubhasiz. Biz aslo shubha qilmaymizki, sizlar bunga puxta tayyorgarlik ko‘rgansizlar, chunki bu maxovik ishga tushirilgan tezlik bunga sizlar avvalroqdan, anchadan buyon tayyorgarlik ko‘rganliklaringga shubha qilmaslikka asos bo‘ladi», — degan Nebenzya BMTda.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Rossiya HKKning yuqori aniqlikdagi raketalari bilan havodan turib Ukraina QK boshqaruv punkti, 2 ta o‘q-dori ombori, shuningdek jonli kuchlar va harbiy texnikaning 28 ta nuqtasiga zarba berilgan.
- Rossiya HKKning tezkor-taktik va armiya aviatsiyasi kun davomida Ukrainaning 45 ta harbiy obektlariga zarba bergan.
- Raketa qo‘shinlari tomonidan artilleriya batareyasi, «Uragan» birvarakayiga o‘t ochish tizimi batareyasi, jonli kuchlar va harbiy texnikaning 4 ta nuqtasiga zarba berilgan.
- Artilleriya bo‘linmalari tomonidan 6 ta boshqaruv punkti, 2 ta o‘q-dori ombori, 152 ta tayanch punktlari hamda jonli kuchlar va harbiy texnika nuqtalari, o‘t ochish pozitsiyasida turgan 38 ta artilleriya bo‘linmalari o‘qqa tutilgan. 190 nafarga yaqin askarlar, 43 ta harbiy texnika yo‘q qilingan.
- Havo hujumidan mudofaa vositalari bilan kun davomida 3 ta pilotsiz uchar qurilma urib tushirilgan. Zmeiniy oroli yaqinida Bayraktar TB-2 pilotsiz uchar qurilmasi urib tushirilgan.
- Maxsus harbiy operatsiya boshidan buyon: 149 ta samolyot, 112 ta vertolyot, 729 ta pilotsiz uchar qurilma, 288 ta zenit raketa komplekslari, 2846 ta tank va boshqa zirhli jangovar mashinalar, 327 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari, 1323 ta dala artilleriyasi qurollari va minomyotlar, shuningdek, 2662 ta harbiy avtomobil texnikasi yo‘q qilingan.
Ukrainaga ko‘mak
AQSh Ukrainaga yana 387 million dollar qo‘shimcha gumanitar yordam ko‘rsatadi. Yordam pullari AQShning xalqaro rivojlantirish agentligi — USAID liniyasi bo‘yicha ajratiladi. Bu haqda matbuot anjumanida davlat departamentining rasmiy vakili Ned Prays aytib o‘tgan.
Fransiya Ukrainaga yordamni 2 mlrd yevrogacha ko‘paytiradi. Emmanuel Makron ukrain xalqiga gumanitar yordamlar hajmi oshirish, shuningdek infratuzilma obektlarini tiklash zaruriyati tufayli bunday qarorga kelinganini ta’kidlagan.
Varshavada donorlik konferensiyasiga a’zo davlatlar Ukrainaga ko‘mak sifatida jo‘natish uchun olti milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘ yig‘ishgan. Bu haqda Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy xabar bergan.
Polsha bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, bu yakuniy summa emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, barcha tushgan arizalar konferensiya qatnashchilari tomonidan o‘rganib chiqilgach, summa yanada o‘sishi mumkin.
AQSh qurolli kuchlari Ukraina harbiylarini g‘arb davlatlari qurol-yarog‘laridan foydalanishga tayyorlash sur’atini oshirmoqda, deb yozadi The Hill nashri Pentagon vakillariga tayanib. Gap Ukraina QKni pilotsiz uchar qurilmalar, radarlar va artilleriya tizimlari bilan muomala qilishga o‘qitish haqida ketmoqda. Nashrning qayd etishicha, ayni paytgacha bunday kurslarni 220 dan ziyod harbiylar o‘tashgan.
Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari
Germaniya kansleri Olaf Shols Stern nashriga bergan intervyusida Rossiyaga qarshi sanksiyalar faqat Ukraina bilan maslahatlashilganidan so‘ng yechilishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bu holda «Ukraina bilan kelishuvga erishishi kerak bo‘ladi».
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kelgusi haftada Rossiyaga qarshi rezolyutsiyani ko‘rib chiqadi. Reuters manbalariga ko‘ra, JSSTning Moskvadagi ofisi yopilishi, Rossiya tashkilotda ovoz berish huquqidan mahrum qilinishi mumkin.
Buyuk Britaniya Roman Abramovichga qarashli Evraz xalqaro kon-metallurgiya korporatsiyasiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ushbu korporatsiya Rossiyada poyezd vagonlar uchun g‘ildiraklar juftligining 28 foizi, relslarning 97 foizini ishlab chiqaradi.
Cosmopolitan va Esquire jurnallarining Rossiyada nomi o‘zgaradi. Ushbu brendlarga huquqni saqlab turgan Hearst Magazines mediaguruhi Rossiyadagi noshirlik uyidan ulardan foydalanish litsenziyasini qaytarib olgan. Jurnallar tahririyati saqlab qolinadi, ular Rossiyada boshqa nom ostida chiqariladi.
Yevropa Ittifoqi RF prezidenti Vladimir Putinga «yaqin inson» hisoblanuvchi Alina Kabayevaga nisbatan sanksiyalar joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda, deb yozadi Bloomberg.
Yaponiya Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etadi va 140 nafar jismoniy shaxslarning aktivlarini muzlatadi. Yaponiya sanksiya cheklovlari qo‘llanadigan Rossiya banklari ro‘yxatini ham kengaytiradi. Bundan tashqari, RFga ilg‘or texnologiyalarni import qilish, kvant kompyuterlari yetkazishga nisbatan embargoni ham kuchaytiradi.
Shell neft-gaz korporatsiyasi Rossiyaning «Saxalin-2» loyihasidan rasman chiqdi. Rahbariyat va texnik personal Rossiyani tark etdi.
TeamViewer kompaniyasi Rossiya va Belarusni tark etishi va o‘z servisini rossiyalik va belaruslik foydalanuvchilar uchun yopishini e’lon qildi.
Finlandiyaning Paulig qahvalarini ishlab chiqaruvchisi Rossiyadagi o‘z biznesini «Milagro Beverage Company» rahbari Vikas Soyaga sotdi.
Fransiyaning Lojuvard sohilida Mixail Fridman bilan bog‘liq deb taxmin qilinayotgan villa xatlandi.
Rossiya nefti embargosi Germaniyaning sharqiy qismida benzin taqchilligiga olib kelishi mumkin, degan GFR iqtisodiyot vaziri Robert Habek.
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
Isroil bosh vaziri devonxonasi Naftali Bennetning Vladimir Putin bilan suhbatiga doir o‘z versiyasini e’lon qildi. Devonxona Rossiya prezidenti RF TIV rahbari Sergey Lavrovning so‘zlari uchun uzr so‘raganini xabar qilmoqda. Lavrov avvalroq Hitlerning tomirlarida yahudiy qoni oqqanini da’vo qilgan edi.
«Bosh vazir Lavrovning so‘zlari uchun prezident Putinning uzrini qabul qildi va prezidentning yahudiy xalqiga hamda Holokost xotirasiga bo‘lgan munosabatini tushuntirgani uchun tashakkur bildirdi», — deyiladi xabarda.
«Yanvar oyida Rossiya qo‘shinlari Ukraina chegarasi yaqinida to‘plana boshlangan paytda biz Kiyevga tanklarga qarshi raketalar yetkazib bergan birinchi davlatlardan biri bo‘ldik. Men bilib qo‘yishingizni istardim, buni Volodimir Zelenskiy bilan gaplashganimizda uning o‘ziga ham aytganman, biz bu sa’y-harakatimizni Ukraina qancha yordam xohlasa va unga ehtiyoj sezsa shu qadar kuchaytirishda davom etamiz», — degan Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson.
Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Associated Press agentligiga bergan intervyusida Ukrainadagi «operatsiya juda cho‘zilib ketgani»ni ta’kidlagan.
«Lekin ruslar ta’kidlashayotganidek u reja bo‘yicha ketyaptimi, yoki men his qilayotganimdekmi, buni aniq aytish uchun bu muammoga chuqurlashmaganman. Yana bir bor ta’kidlamoqchiman, menga bu operatsiya juda cho‘zilib ketgandek tuyulmoqda», — degan Lukashenko.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025