Jahon | 07:27 / 07.05.2022
28772
10 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, munosabatlar, yordam va sanksiyalar

Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhlari bilan tanishing.

Ukraina tomonining bayonotlari

Volodimir Zelenskiy Islandiya parlamenti oldida chiqish qila turib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi shunchaki birgina davlatni egallash va undagi hayotni barbod qilish emasligiga urg‘u berdi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua

«Ko‘rinib turibdiki, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi shunchaki bir davlatni egallash va undagi hayotni barbod qilishgina emas. Bu erkinlikka tahdidning o‘zginasidir.

Shu sababli butun jahondagi erkin insonlar uchun bizning davlatimiz Rossiyaga qarshi yakkama-yakka qolib ketmasligi muhim. Har bir xalq yordam berishi muhim.

Men Islandiyadan qilgan ishlari uchun minnatdorman, xususan, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlagani uchun», — degan Zelenskiy.

Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan muvaffaqiyatlar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Dushmanning 8 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
  • 3 ta tank, 8 ta artilleriya tizimi (ularning 4 tasi birvarakayiga o‘t ochish raketa tizimi) 7 ta harbiy zirhli texnika, 7 ta maxsus texnika yo‘q qilingan.
  • Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 7 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmalarni urib tushirgan.

Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining ma’lumotlari:

  • Rossiyaning «Orlan-10» tipidagi 14 ta pilotsiz uchar qurilmasi urib tushirilgan.

«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlari:

  • Rossiya qo‘shinlarining o‘q-dori ombori topib yo‘q qilingan. Dushmanning yo‘qotishlari: 15 nafar shaxsiy tarkib, 1 ta piyodalar zirhli mashinasi (BMP), 1 ta zirhli transportyor (BTR), 1 ta jangovar zirhli mashina, 5 ta artilleriya tizimi, 2 ta pilotsiz uchar qurilma.

 

Rossiya tomonining bayonotlari

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya hamkasblarining e’tiborini Ukraina qurolli kuchlari og‘ir texnikalarni turar joy hududlarida joylashtirishi va tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanilayotganiga qaratdi.

RFning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya. Foto: UN

«Bu xalqaro gumanitar huquqqa zid. Bizda ushbu prinsiplar Ukraina armiyasi va harbiylashtirilgan guruhlar tomonidan muntazam buzilmoqda, deb hisoblashga barcha asoslar bor. Ko‘plab guvohlar Ukraina armiyasi fuqaroviy shaxslardan garov, tirik qalqon sifatida foydalanilayotganini aytishmoqda», — degan Nebenzya.

2022 yilning birinchi choragida Rossiyani qariyb 4 mln kishi tark etgan. Bu FSB tomonidan e’lon qilingan statistikada ma’lum qilingan. Xususan, Rossiyaliklarning 56475 nafari O‘zbekistonga chiqib ketishgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish qariyb 4 barobar.

Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning tungi brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):

  • Rossiya HKKning yuqori aniqlikdagi raketalari bilan havodan turib o‘q-dori ombori, shuningdek jonli kuchlar va harbiy texnikaning 31 ta nuqtasiga zarba berilgan.
  • Rossiya HKKning tezkor-taktik va armiya aviatsiyasi kun davomida Ukrainaning 27 ta harbiy obektlariga zarba bergan. 7 ta rota tayanch punktlari, 3 ta o‘q-dori ombori, 16 ta jonli kuchlar va harbiy texnika nuqtalari o‘qqa tutilgan. Shaxsiy tarkibning 310 nafarga yaqin askarlari, 27 ta harbiy texnika, «Osa-AKM» ZRK yo‘q qilingan.
  • Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan 22 ta boshqaruv punkti, 207 tayanch punktlari, uchta o‘q-dori omboriga zarba berilgan.
  • Havo hujumidan mudofaa vositalari bilan Su-27 samolyoti va 7 ta pilotsiz uchar qurilmalar urib tushirilgan.
  • Maxsus harbiy operatsiya boshidan buyon: 152 ta samolyot, 112 ta vertolyot, 749 ta pilotsiz uchar qurilma, 291 ta zenit raketa komplekslari, 2846 ta tank va boshqa zirhli jangovar mashinalar, 331 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari, 1345 ta dala artilleriyasi qurollari va minomyotlar, shuningdek, 2698 ta harbiy avtomobil texnikasi yo‘q qilingan.

 

Ukrainaga ko‘mak

AQShning Ukrainaga yangi harbiy ko‘magi 150 mln dollardan iborat bo‘ladi. Unga 155 mm.lik 25 mingta snaryad, uchta kontrbatareya radarlari, radioelektron blokirovka vositalari, dala uskunalari va ehtiyot qismlari kiradi. Bu 2021 yilning avgustidan buyon Ukrainaga yetkazilayotgan AQSh qurol-yarog‘larining 9-partiyasi. Bayden prezident bo‘lgandan buyon bu maqsadlarga 4,5 mlrd dollar sarflangan, jumladan, 24 fevraldan buyon 3,8 mlrd dollar.

So‘nggi 10 hafta ichida Yevropa Ittifoqi Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 4 mlrd yevro mablag‘ ajratgan, degan Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen. Foto: socialnews.xyz

AQSh prezidenti Ukraina uchun lend-liz to‘g‘risidagi qonunga 9 may kuni imzo qo‘yadi, degan Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki.

Slovakiya Ukrainaga T-72 tanklari va zirhli transportyorlarni yetkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, degan mamlakat mudofaa vaziri Yaroslav Nad.

Ukraina 11 mlrd dollar xalqaro yordam olish uchun muzokaralar olib bormoqda. Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenkoning so‘zlariga ko‘ra, budjetning daromadlari ayni paytda xarajatlarning 54 foizinigina qoplamoqda. Bu hali harbiy ehtiyojlarga xarajatlar hisobga olinmaganda.

Germaniya Ukrainaga 7 ta Panzerhaubitzen 2000 o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini beradi. Bu haqda kelishuvga erishilgani haqida Germaniya mudofaa vaziri Kritine Lambrext ma’lum qilgan, deb yozadi Bild.

 

Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari

Italiya hukumati RF prezidenti Vladimir Putinga tegishliligi gumon qilinadigan «Shahrizoda» («Scheherazade») yaxtasini hibsga olgan.

«Shahrizoda» yaxtasi Italiya sohillarida. Foto: Forbes

Fiji hukumati AQSh so‘roviga binoan Rossiya Federatsiya Kengashining dog‘istonlik a’zosi Sulaymon Karimovning 300 mln dollarlik Amadea yaxtasini hibsga olgan, deyiladi AQSh adliya vazirligi rasmiy saytida.

G7 davlatlari yetakchilari 8 may kuni Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni muhokama qilishadi, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Xitoyning kompaniyalari, jumladan Lenovo kompyuter ishlab chiqaruvchisi va Xiaomi smartfonlar yaratuvchisi g‘arb sanksiyalari ostiga tushib qolishdan hayiqib, shuningdek, ichida g‘arb davlatlari bo‘lgan yetkazib beruvchilarning bosimi ostida Rossiyaga mahsulot jo‘natishni qisqartirgan, deb yozadi The Wall Street Journal.

AQShdan Rossiyaga tovarlar eksporti 5 martaga qisqargan va 2002 yildan buyon eng minimum darajaga tushgan.

Britaniya va Niderlandiyaning Shell neft va gaz kompaniyasi Rossiyadagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini sotishga qaror qildi.

Yevroittifoq Rossiyadan Vengriya, Slovakiya va Chexiyaga neft yetkazib berishga embargo joriy qilishni 2024 yilgacha kechirishni taklif qildi, deb xabar bermoqda Bloomberg agentligi.

Rossiya neftiga to‘liq embargo Yevropa Ittifoqi tomonidan 9 oydan so‘ng joriy etiladi, degan iqtisodiyot masalalari bo‘yicha yevrokomissar Paolo Jyentiloni Il Messaggero nashriga bergan intervyusida.

Finlandiya Rossiya nefti importini 70 foizga qisqartirgan va uning o‘rnini to‘ldirish uchun Norvegiyadan importni yo‘lga qo‘ygan.

Google Play 5 maydan e’tiboran ishlab chiquvchilarga yangi pulli ilovalarni Rossiya uchun yuklashni hamda borlarini yangilashni taqiqlab qo‘ydi.

Yevropa banklari Ukrainadagi jangovar harakatlar natijasida 7 mlrd dollar yo‘qotgan. Yo‘qotishlar soni yanada oshishi mumkin, Yevropaning ayrim banklari esa defoltga tayyorlanmoqda.

 

Xalqaro hamjamiyatning munosabati

Germaniya kansleri Olaf Shols ochiq tadbirda RF prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi urushda g‘alaba qozonmasligi kerakligini, chunki bu xalqaro zo‘ravonlikka yo‘l ochishi mumkinligini aytgan. Bu haqda Bild nashri xabar beradi.

Shols Rossiyaning Ukrainaga nisbatan tajovuzkorona urushini alohida ahamiyatga molik voqea, deb atagan.

Germaniya kansleri Olaf Shols. Foto: Reuters

«Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi — davrimizning eng ulkan falokati. Dunyo bu tajovuzkor va qiruvchi urushdan so‘ng avvalgidek bo‘lmaydi. Avvalgi hayot yo‘q», — degan u.

Sholsning qayd etishicha, «ko‘plab aqlli boshlar» 1989 yildan so‘ng jahon davlatlari o‘rtasida juda yaqin xalqaro aloqalar o‘rnatila boshlangach bunday janjallarni amalda bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblab kelgan.

Biroq, «mafkuraviy so‘qirlik tufayli irratsional mas’ul shaxslar hamkorlik g‘oyasini shamolga uchirar» ekan, har qanday «xarajatlar va manfaatlarga doir ratsional mantiq» buziladi, — deya qo‘shimcha qilgan Shols.

Nemislar yetakchisi Putin rejimining «imperialistik va revanshistik mafkurasi»ni ham tanqid ostiga oldi.

2022 yilning 24 fevralidan 5 mayiga qadar BMT Ukrainadagi tinch aholi vakillari orasida 6802 nafar qurbonlarni ro‘yxatga olgan: asosan aviazarbalar va o‘t ochishlar natijasida 3309 kishi o‘ldirilgan (234 nafari bolalar), 3493 kishi yaralangan (330 nafari bolalar). Real yo‘qotishlar karrasiga ko‘proq.

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid