Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda yomg‘irlar oqibatida Qoradaryo toshdi
Andijonda so‘nggi kunlardagi yomg‘irlar natijasida Qoradaryo daryosida suv ko‘payib, uning sathi qirg‘oqdan 3-4 metrga ko‘tarilib ketdi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan xabarga ko‘ra, daryo o‘zanida odatiy kunlarda 150-200 kub metr suv oqqan bo‘lsa, ayni paytda ikki barobar ko‘p - 450-500 kub metr suv oqimi paydo bo‘lgan.
Andijonda aholi Qoradaryo bo‘ylarida baliqchilik, sholikorlik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib keladi. Ayni paytda aholini suv toshqinidan himoya qilish maqsadida daryo dambalarini mustahkamlash ishlari olib borilmoqda.


Mazkur daryo viloyatning Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq, Paxtaobod, Andijon, Oltinko‘l va Baliqchi tumanlari aholi punktlari ichidan oqib o‘tishi sababli daryo bo‘yida yashovchi odamlar uchun xavf tug‘diradi.
«Ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida kuzatuv guruhlari tashkil qilingan bo‘lib, ular Qoradaryo o‘zanining ikki qirg‘og‘ida ish olib bormoqda. Suv qirg‘oq dambalarini urib ketishi, suv sathi dambadan ko‘tarilishi holatlari kuzatilmadi.
Paxtaobod va Andijon tumanlarida aholi va mutaxassislar favqulodda holatlarda qirg‘oq dambalarini mustahkamlash uchun zaxira qilingan toshlarni tayyorlash ishlarini olib boryapmiz», deydi viloyat FV boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Bahromjon Rajabov.

Aholi tomonidan daryo bo‘ylariga ekilgan daraxtzorlar va boshqa ekinlar suv ostida qolgan. Yog‘ingarchilik davom etsa dehqon va baliqchilarga katta ziyon yetishi mumkin.


Sirdaryoning asosiy irmoqlaridan bo‘lgan Qoradaryo Farg‘ona tog‘ tizmasining janubiy-sharqiy va Oloy tizmasining shimoliy yonbag‘irlaridan boshlanadigan Tar va Qorag‘ulja irmoqlari qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Uzunligi 138 kilometr bo‘lgan daryodan Katta Farg‘ona kanali, Shahrixonsoy, Andijonsoy va Paxtaobod kanallari suv oladi. Qoradaryo vodiydagi dala maydonlarining katta qismini suv bilan ta’minlaydi.
Baliqchi qishlog‘i yaqinida Norin daryosi bilan qo‘shilib, Sirdaryoni hosil qiladi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari Qoradaryo oqib o‘tgan hududlarda xavfsizlik choralari ko‘rilgani va maxsus texnika va mutaxassislar shay holatda ekanligini bildirishdi.
Elmurod Ermatov, Azizbek Ismoilov
Mavzuga oid
16:07 / 16.04.2025
«Andijon turmasi» shahar tashqarisiga ko‘chiriladi - prezident
13:40 / 16.04.2025
O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegarada erkin savdo zonalari tashkil etishni rejalashtirmoqda
11:47 / 23.02.2025
Andijonda 11 yil avval sodir etilgan jinoyat fosh etildi
17:09 / 25.01.2025