O‘zbekiston | 19:47 / 07.07.2022
7390
2 daqiqa o‘qiladi

Metroning “Qo‘yliq” bekati vaqtincha yopiladi

11 iyuldan 18 iyulgacha Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida poyezdlar “Do‘stlik-2” va 6-bekat oralig‘ida qatnaydi. 7-bekat (“Qo‘yliq”) bu vaqtda avtomobil ko‘prigi qurilishi sabab ishlamaydi. Metroning bu yo‘nalishidagi qatnov vaqti avgust oyigacha bir soatga qisqartirilib, soat 23:00 da to‘xtatiladi.

Toshkent metrosining Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishidagi 7-bekati 11 iyuldan 18 iyulgacha vaqtincha xizmat ko‘rsatmaydi.

Bu – Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan Qo‘yliq dehqon bozori tomon qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning 7-bekatga yaqin qismida qolip konstruksiyalarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilishi bilan bog‘liq.

1 hafta davomida Yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida poyezdlar harakati “Do‘stlik-2” bekati bilan 6-bekat oralig‘ida tashkil etiladi.

2021 yil dekabr oyida e’lon qilingan yo‘l o‘tkazgich loyihasi / Foto: Toshkent shahar hokimligi

Bundan tashqari, 11 iyuldan boshlab, avgustga qadar yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida poyezdlar harakati soat 05:00 dan 23:00 gacha amalga oshiriladi. Metropoliten xabarida buning sababiga aniqlik kiritilmagan.

“Keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi rasmiy axborotda.

Avvalroq ob-havoning issiqligi sababli metro poyezdlarining harakatlanish tezligi pasaytirilgandi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid