O‘zbekiston | 15:30 / 11.07.2022
9812
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi jarayoni doirasida donorlar uchrashuvi o‘tkazildi

Foto: TIV axborot xizmati

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan birgalikda donor davlatlar va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirdan maqsad respublikaning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida texnik yordam loyihalarini amalga oshirishning hozirgi holatini muhokama qilish hamda bajarilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat.

O‘zbek tomoni ishtirokchilarga O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi hozirgi holati va istiqbollarini, JST ishchi guruhining 2022 yil iyun oyida muvaffaqiyatli o‘tkazilgan 5-yig‘ilishi asosiy natijalarini taqdim etdi. JST kotibiyati bilan tegishli hujjatlarni tayyorlash va muzokaralar jarayonini ilgari surish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaga ko‘ra, mamlakat intilishlari barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni rag‘batlantiradi hamda iqtisodiy o‘sish va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan savdoni erkinlashtirish islohotlarini chuqurlashtiradi.

Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Fransua Bejo uchrashuv o‘zaro fikr almashish, O‘zbekistonga JSTga qo‘shilishda ko‘rsatilayotgan yordam samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilish uchun imkoniyat bo‘lganini ta’kidladi. Ekspert Yevropa ittifoqi bu jarayonda to‘liq qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

JST kotibiyatining tashkilotga a’zo bo‘lish departamenti direktori Maika Oshikava O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruhi 5-yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida O‘zbekiston tomoni olib borgan faol va tizimli sa’y-harakatlari, yaqin kelajakda respublikaning tashkilotga qo‘shilish jarayonini yanada jadallashtirish vazifalari haqida so‘zlab berdi.

Tadbirning asosiy qismida xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar, BMTTD, XSM, KXISI, GIZ vakillari so‘zga chiqib, texnik yordam loyihalarini amalga oshirish doirasida shu kungacha bajarilgan ishlar va navbatdagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Ekspertlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruhi 5-yig‘ilishi samaradorligini yuqori baholadi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston rivojlanishi ustuvor yo‘nalishlari va vazifalarini hisobga olgan holda, respublika JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash borasida donorlar urg‘u beradigan texnik yordam tadbirlarini samarali muvofiqlashtirishga kelishildi.

Mavzuga oid